Bugungi kunda butun dunyo davlatlari oldida turgan eng katta muammolardan biri — bu korrupsiyadir. Korrupsiya — davlat boshqaruvidagi ishonchni yemiruvchi, iqtisodiy rivojlanishni sekinlashtiruvchi, jamiyatda adolat va tenglikni buzuvchi illat hisoblanadi. Shu bois, O‘zbekistonda ham korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Korrupsiya nafaqat iqtisodiy, balki ma’naviy inqirozga ham olib keladi. Bu illat bor joyda inson qadri pasayadi, qonun ustuvorligi zaiflashadi, fuqarolarda davlat idoralariga bo‘lgan ishonch yo‘qoladi. Shu sababli, so‘nggi yillarda mamlakatimizda bu borada keng qamrovli davlat dasturlari ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek:
“Korrupsiyaga qarshi kurashish — bu faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir.”
Jumladan, Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi o‘z faoliyatida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga yo‘l qo‘ymaslikni asosiy tamoyil qilib olgan. Bu yo‘nalishda boshqarma rahbariyati va mas’ul bo‘limlar tomonidan qator amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
Boshqarmada doimiy ravishda “Korrupsiyaga qarshi kurash — umumiy burchimiz” shiori ostida seminarlar, davra suhbatlari, ochiq muloqotlar o‘tkazib kelinmoqda. Bu tadbirlarda huquqshunoslar, diniy ulamolar, jamoatchilik va mahalla faollari ishtirok etib, xodimlarga halollik, vijdon va mas’uliyat haqida tushunchalar bermoqda. Ayniqsa, yosh kadrlar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratilgan. Ularga xizmat burchi, davlat manfaati va halol mehnat orqali faxrli obro‘ qozonish muhimligi doim ta’kidlanadi.
Korrupsiyaga qarshi samarali kurash jamoatchilik ishtirokisiz amalga oshmaydi. Shu bois, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mahalla va ommaviy axborot vositalari bilan doimiy hamkorlikda ish yuritadi.
Xodimlar va fuqarolar uchun «Sayyor qabul”lar tashkil etilib, ularda FVB faoliyati haqida to‘liq axborot beriladi. Shu orqali xodimlar va fuqarolarda ishonch va hamkorlik muhiti mustahkamlanmoqda.
Boshqarmada ichki nazorat tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, har bir xodimning xizmat intizomi va etika qoidalariga rioya etishi qat’iy nazoratda. Korrupsiyaviy harakatga moyillik aniqlangan taqdirda, tegishli huquqiy choralar ko‘riladi.
Korrupsiyaga qarshi kurash — bu bir kunlik vazifa emas, balki uzluksiz jarayondir. Har bir xodim, har bir fuqaro o‘z burchini halol bajarsa, jamiyatda adolat qaror topadi.
Amalga oshirilayotgan tizimli ishlar sohadagi islohotlar samaradorligini oshirishga, aholi va xodimlarning ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Halollik — insonning eng oliy fazilati, korrupsiyaga qarshi kurash esa millat kelajagi uchun mas’uliyatdir.
Bekmurod Maxmatqulov,
viloyat FVB bo‘lim boshlig‘i, mayor

