Stomatologiya (lotincha stoma — og‘iz bo‘shlig‘i, logos — ta’limot) inson salomatligining ajralmas qismi sifatida qadim zamonlardan shakllana boshlagan. Arxeologik topilmalar, qadimiy qabrlardan chiqqan oltin bilan biriktirilgan tishlar va yog‘och protezlar bu sohaning eramizdan avvalgi IV–V asrlardayoq mavjud bo‘lganini tasdiqlaydi.
Misr va Xitoy manbalarida stomatologiya haqida ilk ma’lumotlar uchraydi. Misrda 4500 yil avval yashagan fir’avnlar davrida tish protezlash bilan hunarmandlar, sartaroshlar, hatto zargarlargacha shug‘ullangan. Yunon olimi Gippokrat tish og‘rig‘i va milk kasalliklarini boshqa organlar bilan bog‘lab o‘rgangan bo‘lsa, Galen tish kovagini tozalab, smola bilan to‘ldirish usulini qo‘llagan.
Sharq tibbiyotida ham tish sog‘lomligi alohida e’tiborga olingan. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) “Har bir namozdan oldin misvok qilishni buyurardim” deganlar. Misvok — tishlarni tabiiy tozalovchi vosita bo‘lib, og‘izni poklaydi va milkni mustahkamlaydi. Ibn Sino esa asal va tuzning tish sog‘lig‘iga foydasini ilmiy asosda bayon etgan.
Yevropada esa stomatologiya XV–XIX asrlarda ilmiy yo‘nalishda rivojlandi. Italiya, Fransiya va Angliyada tish protezlash, oltin bilan plombalash, kauchuk va chinni tishlar tayyorlash texnologiyalari joriy etildi. 1839-yilda Amerikada birinchi tish vrachlik maktabi ochildi, bu esa stomatologiyani mustaqil tibbiy yo‘nalishga aylantirdi.
O‘zbekistonda stomatologiya sohasi 1940-yillardan boshlab rivojlana boshladi. Dastlab beshta stomatologik poliklinika va o‘nlab tish vrachlik xonalari ish boshlagan. 1954 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutida stomatologiya fakulteti ochilishi bu sohaning mustaqil rivojlanishiga asos soldi.
Bugungi kunda O‘zbekiston stomatologiyasi zamonaviy texnologiyalar, raqamli diagnostika va xalqaro tajriba asosida jadal rivojlanmoqda. Bu esa nafaqat tishlarni davolash, balki ularning estetik ko‘rinishi va funksional salomatligini saqlash imkonini beradi.
Tishlar — insonning ko‘rki, nutq ravonligi va sog‘lom hayotining kafolati. Ularni asrash — qadim ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan eng muhim g‘amxo‘rlikdir.
Jumanazar Madiyev,
“Do‘stlik” ordeni sohibi, shifokor