O‘zgarmaydigan haqiqat

Date:

O‘qituvchilik kasbiga nisbatan faxrli, mashaqqatli kasb deb ta’rif beriladi. Darhaqiqat, shunday. Bu ta’rifni ma’qullayotganligimning sababi, balki o‘zim shu sohada faoliyat yuritayotganligimdir yoki jamiyatning bir a’zosi sifatida tevarak-atrofimizda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni, jarayonlarni kuzatishim, ularga bevosita yo bilvosita guvoh bo‘layotganim, ularning ta’sirida to‘plagan axborotlarim natijasidir.Meningcha, o‘tmishdan toki bugungi kungacha o‘zgarmasdan kelayotgan bir haqiqat bor, uni kelajakda ham hech kim o‘zgartira olmasa kerak. U nima dersiz? U – dunyoda hech bir kasb egasi o‘qituvchi kabi ko‘p shogirdlarga ega emas. Dehqonning, cho‘ponning, bog‘bonning, novvoyning, oshpazning, tikuvchining, to‘quvchining, temirchining, quruvchining, loyihachining, ixtirochining, shifokorning, duradgorning, olimning, boringki, barcha kasb egalarining ham ilk ustozi muallimdir. Hamma kasb-u kor, hunar egalari hayoti davomida hech qayerda ishlamagan oddiy uy bekasi ham o‘qituvchidan saboq olgan, hech bo‘lmaganda, umri mobaynida unga asqatadigan o‘z ismi-sharifini yozishni, qaysidir hujjatlarga zarur bo‘lganda imzo chekishni, qo‘liga tushgan pulning sanog‘ini bilishi lozimligini o‘rgangan. Bu o‘qituvchi uchun faxr.
O‘qituvchi shogirdlarini sanashi uchun sochlarining tolasi yetmaydi, desam xato ham, mubolag‘a ham bo‘lmas. Mening bu fikrimga e’tirozingiz bo‘lsa, o‘qituvchi bilan bir shahar aylanib ko‘ring. Bozorga borasizmi, do‘konga kirasizmi, xiyobonda sayr etasizmi, ko‘chalarni birga tomosha qilasizmi, oshxonaga kirib ovqatlanmoqchi bo‘lasizmi, jamoat transportiga chiqasizmi, hamma-hammasida siz ustoz ismi-sharifini eslaydigan yoki umuman uni qachon o‘qitgani xotirasidan ko‘tarilgan, eski tanish chehralar yoinki umuman o‘zgargan yangi qiyofalarda kimlardir “Assalomu alaykum, ustoz!” deya kelib ko‘rishib ahvollashsa, ustozning o‘qituvchilik kasbidan xursandligini, faxrlanishining guvohi bo‘lasiz. Mayli, qaysidir tashkilotga borganda shogirdlari duch kelib,
unga navbatini bersa, qaysidir muammosi yechimiga, imkoni bo‘lsa, yordam qilsa, imkoni bo‘lmasa, uzrini aytsa, ko‘chada ketayotganda allaqaysi shogirdi mashinasini to‘xtatib, manziliga yoki yarim yo‘lgacha olib borsa, hatto yonidan yoki qarshisidan o‘tayotib bir holini so‘rasa ham ustozning xursandchiligi “ichiga sig‘maydi”. Ba’zida shunday holatlar bo‘ladi. Ustoz bilan shogird orasidagi masofa uzoq, kattaroq yig‘ilish bo‘lyapti yoki ikkovidan birining qayergadir shoshilayotganligi harakatlaridan ayon. Shunda uzoqdan nigohlar to‘qnashib qolsa, shogird qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha, bosh silkitib, imo-ishora bilan salomlashib qo‘ysa ham ustozning “boshi ko‘kka yetadi”.
Bu e’tiborga, bu hurmatga muallimlar osonlikcha erishmaydi. Bularning hammasi o‘qituvchining mashaqqatli mehnatining natijasi. O‘qituvchilikning nonini yeyish oson emas, uni yeyish uchun temir tish kerak, deyishadi. Balki bu ibora juda to‘g‘ri aytilgandir. O‘qituvchi u nonni topishi, yeyishi va hazm qilishi uchun anchagina vaqt, sog‘lik, asab, ko‘z nuri, kuch-quvvat sarflaydi, o‘rni kelsa mehmonga, to‘yga, sayr-u sayohatlarga borishdan, tomoshalardan o‘zini tiyishga majbur bo‘ladi. Tasavvur qiling, ertaga darsi bor, lekin u o‘tishi kerak bo‘lgan mavzuga yetarli darajada tayyor emas yoki o‘quvchilaridan bugun yig‘ib kelgan yozma ish daftarlari tekshirilib, belgilangan muddatga tizimga baho kiritilishi lozim. U hali tekshirib ulgurmagan bo‘lsa, to‘yga borib, huzurlanib bir piyola choy ichib, biror qarindoshi yoki tanish-bilishi bilan bafurja “to‘rtta gurung” qilib kelolmaydi.
Munosib ustozlikka erishish, el koriga yaraydigan, ota-onasi, oilasi, jamiyat uchun foyda keltiradigan shogirdlarni ulg‘aytirish, tarbiyalash, ularni kamolini, hayotda o‘z o‘rnini topishini ko‘rish uchun tunlarni tongga ulaydi, bor imkoniyatini, kuch-g‘ayratini ayamaydi. Ayniqsa, hozirgi globallashuv sharoitida turli tahdidlar ortib borayotgan, yot madaniyatlar kirib kelishini hech qanday to‘siqlar bilan cheklab bo‘lmayotgan, axborotlarni izlash, olish va tarqatish imkoniyatlari ko‘payish jarayoni kuzatilayotgan bir sharoitda kelajak avlodga ta’lim-tarbiya berish o‘qituvchidan juda katta tajribani, kuchli ilmiy salohiyatni, yuksak mahoratni talab qilmoqda. Shu bois, keyingi vaqtlarda mamlakatimizda bu sharafli, faxrli, mashaqqatli kasb egalariga e’tibor, izzat-ikrom yanada ortyapti. Davlatimiz tomonidan biz o‘qituvchilarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar har birimizda o‘z kasbimizdan mamnunlik, faxrlanish hissini yanada oshiradi.
So‘ngso‘z o‘rnida aytarim, aziz va qadrli hamkasblar, xalqimizda azaliy an’ana bo‘lib kelayotgan qadrda bo‘ling. Ilm-fan degan katta karvonning yetaklovchisi sifatida jamiyat a’zolarining izzat-ikromiga loyiq bo‘lib yurish har birimizga nasib etsin.

Shoira Davlatova,
TerDU tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Qoʻshma taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyiladi

Hukumatning 2025-yil 30-sentyabrdagi 614-son qarori bilan “Texnikumlarda xorijiy taʼlim...

Ijod va xotiralar oqshomi

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Surxondaryo viloyat bo‘limi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar...

Kreditlar ajratish tartibi belgilandi

O‘zbekiston hukumati qarori bilan “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalarga...

Haydash hujjatsiz, qolmas javobsiz

O‘zbekistonda 2025-yil 1-oktyabrdan boshlab hujjatsiz skuter va moped haydovchilariga...
KunTun
KunTun