Bugun qizlarning huquqlari, ularning jamiyatdagi o‘rni va teng imkoniyatlari masalasi faqatgina oilaviy muammolar doirasida emas, balki mamlakat taraqqiyotining poydevori sifatida qaralmoqda. Zero, ayolning huquqi himoyalangan jamiyatda barqarorlik, taraqqiyot va sog‘lom muhit bo‘ladi. Shu maqsadda Termiz davlat universitetida talaba-qizlar ishtirokida “Qizlarimiz huquqi – kafolatimiz” hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish” mavzularida uchrashuv tashkil etildi. Tadbir davomida qizlarning huquqiy bilimini oshirish, gender tengligini ta’minlash, ularni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Termiz shahar Ichki ishlar bo‘limi vakillari va universitet profilaktika inspektorlari so‘zga chiqib, nafaqat huquqiy maslahatlar, balki yosh ayollar hayotida uchrashi mumkin bo‘lgan ijtimoiy muammolarga ham to‘xtalib o‘tdilar. Ayniqsa, oilaviy ajrimlar, tazyiq va zo‘ravonlikning farzandlar taqdiriga ta’siri borasida qizlar bilan ochiq muloqot qilindi.
Tadbir doirasida namoyish etilgan qisqa metrajli filmlar esa muammoga faqat raqam va qoidalar orqali emas, balki insoniy taqdirlar orqali qarash imkonini berdi. Talaba-qizlar ushbu lavhalardan chuqur hayotiy saboq olib, o‘z huquqlarini bilish va himoya qilishning naqadar muhim ekanini his etdilar. Aslida, ayollarning huquqiy savodxonligi oshishi – bu jamiyatning huquqiy madaniyatini yuksaltirish demakdir. Chunki huquqi buzilgan, ovozi eshitilmagan ayol jamiyat taraqqiyotida faol ishtirok eta olmaydi. Aksincha, huquqi ta’minlangan, imkoniyatlari teng ayollar – sog‘lom avlod tarbiyasi, barqaror oila va mustahkam jamiyatning kafolatidir. Bo‘lib o‘tgan uchrashuv ana shu yondashuvning amaliy ifodasi bo‘lib, qizlarni o‘z haq-huquqini biladigan, jamiyat hayotida faol va mas’uliyatli shaxs sifatida shakllantirishga xizmat qildi.