Bir qishloq nomi toponomikasi: O‘shormi yoki Oshar?

Date:

Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi voha markazidan qariyb 200 kilometr uzoqda joylashgan tog‘li O‘shor qishlog‘i haqida eshitgandirsiz yoki yo‘q, ammo qadim va so‘lim bir manzil. Keragatog‘dan o‘tib Xo‘jabarko‘h cho‘qqisi (ayrim o‘rinlarda Surxontog‘ deb yuritiladi) va Sangardak sharsharasi tomon yo‘nalgan tog‘lar va azaliy ot-ulov yo‘li yo‘nalishida  (umumiy nom bilan Hisor tog‘ tizmasi), duch kelinuvchi osmonga bo‘ylagan tog‘ pinjidagi qishloq.

Bu qishloqqa kelgan yoki nomini eshitgan kishi borki, “O‘shor” so‘zining kelib chiqishi va ma’nosi bilan qiziqadi. Sababi, tinglaganda va o‘qiganda bir e’tibor bilan unchalik anglash mumkin bo‘lmagan nom.

Keyingi yillarda mamlakatimizda toponimlar masalasiga jiddiy e’tibor berilmoqda.Xususan, joy nomlarini kelib chiqishinixolisona o‘rganish, milliy qadriyatlarni, urf-odatlarni aks ettiruvchi tarixiy joy nomlarini tiklash, nomlashda  haqqoniy dalillarga asoslanish dolzarb ahamiyatga ega.

Darvoqea, tarix fanining uzviy bir qismi sanalgan toponimika – yunoncha so‘zdan olingan bo‘lib, “topos” — joy va “onyma” — ism, nom ma’nolarini ifodalaydi. Bu yo‘nalish joy nomlari, ularning paydo bo‘lishi yoki yaratilish qonuniyatlarini o‘rganadi.

Shu asosda, “O‘shor” so‘zining kelib chiqishini ham o‘rganish va tadbiq etish muhim sanaladi.

Qishloq aholisi orasida manzilning nomini kelib chiqishi bilan bog‘liq bir qator fikrlar yuradi. Ularning har biriga asos sifatida ma’lum bir ma’lumotlar, taxmin va afsonanamo gaplar keltiriladi.

Xususan, mahalliy aholi orasida “O‘shor” so‘zi “Obishir” – ya’ni tojikcha – “Sutdek suvli”manzil, eroniy tillarga daxldor – “Ob-i-shir”– “tog‘ yuqorisidan boshlangan daryo, qor va muz suvlari bilan to‘yinadigan suv”li manzil, afg‘oncha “abshar”yoki “obshor” – “sharshara”li joy kabi nomlardan kelib chiqqan degan (Manba:“Surxondaryo viloyati toponimlari” S.Tursunov:-T.:2008) qator taxminlar yuradi.

Ayrim hollarda qishloqning nomi “Ushr” so‘zidan kelib chiqqanligi aytiladi. Asrlar davomida, xususan, Buxoro amirligi davrida ziroat mahsulotlaridan olinadigan zakot, odatda, “Ushr” deb nomlangan. Arab tilida “ushr” so‘zi “o‘ndan bir” degan ma’noni ifodalagan. Bu aholi manzili nomlanishiga nisbattan esa “ushr” olinadigan joy sifatida nomlangan degan qarashlar ham mavjud.

Boshqa bir taxminlar ham bor. Masalan, “Hushyor” aholisi sergak bo‘lgan manzil, “Obisho‘r” – so‘zi asosida shakllangan gidronim – “tarkibida tuz moddasi ko‘p bo‘lgan” suvli joy ma’nosini ifodalagan.“O‘shor” qishlog‘i nomining kelib chiqishi bilan bog‘liq shu kabi 10 ga yaqin fikrlar bor. 

Bugungi kunda tarix fanining rivojlanishi, arxeologiya, antropologiya, toponomika fanlarining taraqqiyoti va zamonaviy yondashuvlar,  texnologiyalarning tadbiq etilishi joy nomlarini aniqlashtirish haqqoniy va asosliligini ta’minlashni imkonini bermoqda.

Shu jihatdan o‘rganilganda “O‘shor” so‘zining kelib chiqishi bilan bog‘liq taxminlarda bir-birini inkor etuvchi haqli asoslar mavjud. Xususan, “sharsharali”, “sho‘r suvli”, “sutdek suvli” manzil ma’nolarini ifodalovchi sharqiy eroniy tilli so‘zlardan kelib chiqqan deyilsa, gidronim sifatida fandagi mavjud asoslardan uzoqligini kuzatish mumkin.

“Ushr” so‘zi ming yillar davomida keng, ommaviy qo‘llanilgan so‘z bo‘lib, joy nomi sifatida foydalanilgan holatlar aytarli uchramaydi.

O‘shor qishlog‘i hududida o‘tgan asrning 70-yillaridan boshlab, arxeologik qazuv ishlari olib borilgan. Taniqli arxeologlar O‘tkir Islomov, Ulug‘bek Rahmonov, To‘xtash Annayevlar tomonidan qishloqdagi Qizqo‘rg‘on, Girtepa, Oykamar, Eski Masjid, Toba, kichik dara  hududlarida arxeologik kuzatuv va qidiruv ishlari olib borilgan.

Qadimshunoslar bu yerda tosh davri odamlari yashashi uchun ham qulay muhit bo‘lgan kamarlar borligini aniqlashgan. Shu bilan birga Girtepa tepaligi hududidan bronza davri ashyolari topilgan. Toba, Ko‘chabog‘, Navosiyo hududidan topilgan qabrlarda esa insonlarni dafn etishda kushonlar an’anasi namunalarini ko‘rish mumkin. Qo‘rg‘on deb nomlangan qismdan esa so‘nggi o‘rta asrlar sopol buyumlari topilgan. Bundan shuni anglash mumkinki, O‘shor qishlog‘i hududida ikki ming yil oldin ham odamlar yashagan. Aholi bahordan –kuzga qadar chorvachilik va bog‘dorchilik kasbi ortidan turli qismlarda o‘tov tikib chorvadorlik qilgan, suv keltirib bog‘ bunyod qilib, hosil olgan, kuzning sovuq kunlari kelishi bilan esa qishlovga qaytishgan hamda qishni o‘tkazishgan.

Joyning nomini kelib chiqishini aniqlashda tabiiy geografik sharoiti, aholining etnik tarkibi, kishilarning kasbi va mashg‘uloti, moddiy va ma’naviy boyliklari, tarixiy shaxslari va voqealar, afsonalar toponimlar vujudga kelishining asosiy manbalari hisoblanadi.

Qizqo‘rg‘on qoya tepaligi – ilk va rivojlangan o‘rta asrlar yodgorligi sifatida davlat muhofazasiga olingan bu yodgorlik qishloqqa kiraverishda joylashgan. Keyingi yillarda Surxon vohasining shimoliy qismida ish olib borayotgan O‘zbek-Xitoy qo‘shma arxeologik ekspeditsiyasi a’zosi, taniqli arxeolog T.Annayevga ko‘ra, arxeologik kuzatuv va qidiruv jarayonlarida Qizqo‘rg‘on yodgorligidan antik davr va Kushon davri sopollari topilgan.

Qizqo‘rg‘ondaSaljuqiylar davrida yirik bir muhoraba bo‘lganligi muarrixlarning manbalarida uchraydi. Arxeologlar tomonidan topilgan rivojlangan o‘rta asrlar qurol-yarog‘ ashyolari qismlari ham buni tasdiqlaydi. Shuningdek, so‘nggi o‘rta asrlar va 20 asr boshlarida ham bu tog‘ qoyaligida joylashgan qo‘rg‘on Denov bekligining yozgi qarorgohi bo‘lgan. (Manba: Abdunazar Xidirov, “Chag‘oniyon tarixi” –T:2002)

“O‘shor”so‘zining kelib chiqishini ham Qizqo‘rg‘on yodgorligi bilan bog‘lash maqsadga muvofiq. Azaldan Samarqand, Kesh tomondan yo‘lga chiqqan yo‘lovchi kichik karvonlar  Surxontog‘  yoqalab  o‘tib, Vaxshivor, Sinaga kelganidan so‘ng keyingi aholi manziliga sari yo‘l olish uchun  Qizqo‘rg‘onga ulangan osharga duch keladi.  Azaldan qishloqqa olib keladigan asosiy yo‘l shu kichik dovon, oshar orqali o‘tgan. Hozirgi Oltinsoy tumani hududidan boshlab ko‘rinib turadigan tepalik uzoq yillar, balki asrlar davomida “Oshar” deb yuritilgan.

Tepalikdan keyin duch keluvchi aholi maskani esa shu nom bilan keyinchalik – “Oshar–O‘shar–O‘shor” tarzida qo‘llanilgan. Keyingi yillardagi o‘rganishlar va toponomik joy nomlarini kelib chiqishini o‘rganishdagi xalqchil yondashuvlar, tabiiy geografik sharoit, etnik tarkib, voqealar, afsonalar toponimni  reallikka yaqinligini ifodalaydi.

Qishloqning dastlabki ko‘rinishlari oshardan o‘tganidan so‘ng birinchi gavdalanadigan tepaliklar Ko‘tarma, Sovsar, Chahak hududlarida yuzaga kelganligini topilmalar, uy va qabr  o‘rinlari tasdiqlaydi.

O‘rganishlar natijasida hozirgi qishloq shu o‘rnida keyingi  to‘rt asr davomida qishlov sifatida shakllangan. Shu asosda arxeolog T.Annayevga ko‘ra ham, “O‘shor” so‘zi “Oshar” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Mutafakkir Mahmud Koshg‘ariy ming yil oldin ham o‘z asarida “Totsiz turk bo‘lmas, boshsiz bo‘rk bo‘lmas” ya’ni tojiksiz turk bo‘lmaganidek, bosh qalpoqsiz (bosh kiyimsiz) bo‘lmas”, degan maqol keltirilgan.

O‘shorda ham vohaning barcha hududlari va qishloqlarida bo‘lgani singari tojik va o‘zbek ajdodlari qadimda, ilk o‘rta asrlarda va keyinham doimo aralash, yonma-yon, ahil tarzda yashab kelishgan.

Vohaning Sina qishlog‘i bir qancha mayda Ko‘kabuloq, Oybarak, Kuyovsuv, Dahana kabi qishloqlardan iborat bo‘lib, bu qishloqlarda chig‘atoy tojiklari bilan birga qorategin, afg‘oni, ko‘lobi kabi tojiklar ham yashaydilar. Sinadan yuqoridagi O‘shor qishlog‘ida esa turklar bilan birga chig‘atoy tojiklar ham yashaydilar.(Manba: S.S. Axmedov, Termiz davlat universiteti doktoranti. “Surxon vohasi tojiklarida xalq o‘yinlarining tarixiy-ijtimoiy va maishiy-xo‘jalik xususiyatlari” maqolasi).

XV asrda Movarounnahr va sharqiy Xurosonning Shayboniylarga qarshi kurashi davrida Movarounnahrning ham turkiy, ham tojik tilida so‘zlashuvchi aholisi chig‘atoylar deyilgan.Bugungi kunda Afg‘oniston shimolida ham chig‘atoy tojiklari yashaydi. (Manba:AkbarBo‘riyev, Termiz davlat universiteti tadqiqotchisi. “Chig‘atoy etnik komponentining hududiy joylashuvi va etnodemografik jarayonlar” maqolasi.)

O‘shorda yashovchi o‘zbek tilli aholi vakillari esa o‘zlarini barlos, turk, kaltatoy urug‘laridan ekanligini aytishadi.

O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasida keltirilgan ma’lumotga ko‘ra, turk, musobozori, kaltatoy va barlos qabilalari umumiy nom bilan o‘zbeklar tarkibidagi etnik guruhlardan biri  sifatida – turk deb atalgan. Turklar, uning tarkibidagi kaltatoylar ham  6—16-asrlarda hozirgi O‘zbekistonga, keyinchalik Surxonlaryo hududiga, Denovning tog‘li hududlariga  kelib joylashishgan. Qad. va o‘rta asrlardagi turkiy qabilalarning avlodlaridan tarkib topgan.

Manbalarga va o‘rganishlarga ko‘ra, hozirda ham barloslar asosan tog‘ va tog‘ oldi hududlarida yashashadi. Sababi, shu urug‘dan bo‘lgan Amir Temur davlatida barloslar orasida amaldor boy, zadogonlari ko‘p bo‘lgan va ular shaharlarga yaqin joylarda yashashgan. Temuriylar hokimiyati o‘rniga boshqa urug‘ Shayboniylar va Ashtarxoniylar kelgach, barloslar, kaltatoylarning, musobozorilarning ko‘p imkoniyatlari cheklangan. Tog‘li hududlarga  ketishlariga majbur kilingan. Hattoki, Barloslar, kaltatoylar bilan quda – andachilik ham qoralangan. Shu tufaylidir, ular o‘zlariga xos shevadagi, urf-odatlardagi asillikni saqlab qolishgandir.

Yana bir gap, 2023 yilda arxeolog sifatida qariyb 5 kilometrga cho‘zilgan qadimiy devor qoldiqlarini aniqladik. Duch kelgan qadimiy devor Denov tumanining shimoliy-g‘arbiy qismini o‘ragan Hisor tog‘ tizmasi tizimidagi Surxontog‘ tog‘i etaklari – Ko‘kabuloq, Yuqori Oybarak hamda Dahana qishloqlari o‘rtasida cho‘zilgan. Shu yerlikaholidevorni “Kofirqal’a” yoki “Kofirdevol” (Kofirdevor), deyaatabkelgan.Bu ham shu atrofdagi qishloqlar, xususan, O‘shor qishlog‘ining qadimiyligini ifodalaydi.

Sarvar To‘rayev,

O‘zbekiston yozuvchilar va jurnalistlar uyushmalari a’zosi,

arxeolog-jurnalist

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Angorda yangi agro markaz

Angor tumani endilikda zamonaviy agro markazga ega bo‘ladi. Bu...

Surxondaryoga “yashil transport”

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari jadal rivojlanmoqda....

Renovatsiya — yangi imkoniyatlar

Yurtimizda aholiga qulay turar joylar yaratish, mahallalarning shaharsozlik qiyofasini...

Faoliyati tiklanmoqda

So‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ishlab...
KunTun
KunTun