Bola hayotida bog‘chaning ahamiyati juda katta. Yosh niholning kamoloti va ta’lim-tarbiyasi ayni dargohda olingan boshlang‘ich bilimlar, ko‘nikmalar bilan boyib boradi. Bunda esa mashg‘ulotlar qiziqarli, e’tiborni jalb etib, bolani faollikka boshlay olishi lozim. O‘yinlar vaziyatga qarab o‘zgarib turadi. Uni “bolalikning hamrohi” deb atash qabul qilingan. O‘yinda shaxsdagi barcha mavjud jihatlar ishga tushadi, bola harakat qiladi, gapiradi, idrok etadi, o‘ylaydi. O‘yin tarbiyaning muhim vositasi sifatida namoyon bo‘ladi.
Tarbiyachilar bolalar o‘yiniga rahbarlik qilishda o‘yin bilan mehnat o‘rtasida to‘g‘ri munosabat o‘rnatishi, o‘yinda bolalarning bo‘lajak mehnatiga xos bo‘lgan jismoniy va ruhiy sifatlarini tarbiyalashi lozim. Bolalar o‘yini uning mazmuni, xususiyati, tashkil etilishiga ko‘ra xilma-xildir. Ijodiy o‘yinlarni bolalar o‘zlari o‘ylab topishadi. Unda oldindan belgilangan qoidalar bo‘lmaydi. O‘yin qoidasini bolalar o‘zlari o‘yin jarayonida belgilashadi.
Qoidali o‘yinlarning mazmuni va qoidasi kattalar tomonidan belgilanadi. Qoidali o‘yinlarga didaktik, harakatli, musiqaviy, ermak o‘yinlari kiradi. O‘yinda bola organizmiga xos bo‘lgan talab va ehtiyojlar qoniqtiriladi, hayotiy faollik ortadi, bardamlik, tetiklik, quvnoqlik tarbiyalanadi.
Qiziqarli o‘yin bolaning aqliy faolligini oshiradi, o‘yinda bola mashg‘ulotdagiga nisbatan murakkabroq masalani hal qilishi mumkin. Shuningdek, nutq o‘yin jarayonida juda katta ahamiyatga ega. Nutq orqali bolalar fikr almashadi, o‘z his-tuyg‘u, kechinmalarini o‘rtoqlashadi. So‘z bolalar o‘rtasida do‘stona munosabatlar o‘rnatilishiga, tevarak-atrofdagi hayot voqealariga bir xilda munosabatda bo‘lishga yordam beradi.
Ta’lim jarayonida didaktik o‘yinlardan ta’lim vositasi sifatida foydalanish doimiy dolzarb muammo sifatida amaliyotga tatbiq etilgan. Didaktik o‘yinlarning muhim belgisi undagi qoidalarning mavjudligidir. O‘yinda o‘yin hay’ati, o‘yin qoidalari, o‘yin harakatlari o‘rtasida uzviy aloqa mavjud. O‘yin hay’ati harakatlarning tabiatini belgilaydi. O‘yin qoidasi esa, o‘yin harakatlarini, vazifasini hal etishga va o‘yindagi harakatlarni amalga oshirishga yordam beradi. Didaktik o‘yinlar orqali bolalarga yangi bilimlar, tushunchalar berib boriladi. Bu o‘yinlarda bolalarning har tomonlama rivojlanishi, bilim jarayoni, sensor madaniyati, nutq madaniyati, aqliy qobiliyatlari takomillashadi. O‘yin qoidasiga rioya qilish, unga amal qilish o‘yin mazmunini boyitadi.
Didaktik o‘yinlar ijodiy shaxsni tarbiyalashga yordam beradi, chunki har bir o‘yin, uning har bir takrorlanishi topshiriqni bajarishga yangicha munosabatda bo‘lishni talab qiladi. Uni hal qilish zarurati esa ijodiy izlanishlarni keltirib chiqaradi. Didaktik o‘yinlarda tirishqoqlik, matonatlilik, boshlangan ishni oxirigacha yetkaza bilish singari eng kerakli irodaviy sifatlar tarbiyalanadi.
Dilovar Xasanova,
Termiz shahridagi 11-sonli DMTT direktor o‘rinbosari

