Serquyosh zamin, qadimiy va hamisha navqiron Termiz shahri azal-azaldan ilm-ma’rifat markazi sanalgan. Bugungi kunda bu qutlug‘ shaharda ko‘plab oliy ta’lim muassasalari, texnikum, litsey va maktablar faoliyat yuritmoqda. Vohamizda tashkil etilgan ilk oliygoh sifatida Termiz davlat universiteti alohida hurmat bilan tilga olinadi. Hech ikkilanmasdan, ushbu universitet biz kabi talaba-yoshlar uchun orzular cho‘qqisidir. Ha, bu – mening universitetim! Ostonasiga qadam qo‘yishingiz bilan o‘zingizni shunday bir ajib ilm maskaniga tushib qolganligingizni dildan his etasiz.
Darhaqiqat, Termiz shahri markazida joylashgan, o‘z bag‘rida o‘n minglab talabani sig‘dirgan, professor-o‘qituvchilari qizg‘in faoliyat olib borayotgan mazkur muhtasham universitet 70 yillik tarixga ega. Bundan shuncha yil muqaddam Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida o‘qituvchi kadrlarga bo‘lgan talab va ehtiyojni hisobga olib, 1954-yilning 24-fevralida Marg‘ilon o‘qituvchilar institutini Qarshi va Termiz shahriga ko‘chirish haqida qaror qabul qilingan. 1956-1957-o‘quv yilida Termiz o‘qituvchilar instituti – Termiz davlat Pedagogika institutiga, 1992-yil 28-fevralda Termiz davlat Pedagogika instituti – Termiz davlat universitetiga aylantirildi. Universitetimizning binolari, o‘quv xonalari o‘sha davr bilan taqqoslaganda, tubdan farq qiladi. Albatta, uning hozirgi zamonaviy moddiy-texnik bazasi bundan 20 yil oldingi sharoitdan ko‘ra o‘n chandon yaxshiroqdir. Uning ko‘zni quvnatuvchi tabiat manzaralari, go‘zalligi, yangi texnologiyalar asosida jizohlangan shinam o‘quv xonalariga qarab to‘ymaysan, kishi. Bundan bir yilcha avval universitet yonidan o‘tib keta turib, uning hovlisiga o‘zgacha bir havas bilan boqardim, talabalarga havasim kelardi.
Nihoyat, men ham ushbu universitet talabasi degan nomga musharraf bo‘ldim. O‘qish boshlanishini intiq kutdim. Ilk bor bu dargohga qadam qo‘ygan kunim yo‘limda uchragan gullar go‘yo meni qutlayotgandek, musaffo osmon qo‘ynida charaqlayotgan quyosh men uchun nur sochayotgandek edi…
Bayram tantanalarida ishtirok etarkanman, bu mening universitetim, deya ich-ichimdan faxr-iftixor hissini tuydim! Ha, bu – mening universitetim! Mening orzum! Mening maqsadim! Bungacha qancha mashaqqatli, mas’uliyatli yo‘lni bosib o‘tdim. Shu yo‘llardan o‘tib, talaba bo‘lganimdan g‘ururlanaman ham. Mening onam ham shu qutlug‘ oliygohni imtiyozli diplom bilan tugatgan. Bugungi kunda bilimi va izlanishlari samarasi o‘laroq, oliy toifali ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi, “Xalq ta’limi a’lochisi” degan nomga sazovor bo‘lgan. Men ham onam kabi shu universitetda tahsil olib, orzu-maqsadlarimga erishmoqdaman.
Ustozlarimizning har bir darslari, saboqlaridan ulgi olib, Yangi O‘zbekistonga munosib farzand, yetuk mutaxassis bo‘lish yo‘lida ilm cho‘qqilarini zabt etishga harakat qilyapmiz. Bu yo‘lda bizlarga ustozlardan olgan bilim, pand va nasihatlar qo‘l kelmoqda.
Shahribonu TURSUNOVA,
TerDU talabasi