Kichik biznes katta imkoniyatarga poydevor

Date:

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, mamlakatimiz aholisining 17 milliondan ziyod qismini xotin-qizlar tashkil etadi, tadbirkorlikda ayollarning ulushi esa kichik biznes vakillari umumiy sonining 25 foiziga teng. Ushbu yo‘nalish oldida turgan ustuvor vazifalardan biri tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida xotin-qizlar ulushini 40 foizga yetkazishdir. Buning uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda, bu borada ko‘plab ishlar amalga oshirildi.Shuning uchun ham bugun tadbirkorlik qilishni, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, muvaffaqiyatli tadbirkor sifatida tanilib va tan olinib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishni istaydigan, uddaburon va ishbilarmon ayollar, yoshlar safi kengayib bormoqda.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiy rivojlanish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishning muhim omillaridan biridir. Ushbu soha subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida so‘nggi yillarda Prezidentimizning 50 dan ortiq farmon va qarorlari qabul qilindi. 2023-yilda kichik va o‘rta biznesning mamlakat yalpi ishlab chiqarishdagi ulushi 51,2 foizni tashkil etib, ayollarning biznesdagi ulushi 36 foizdan ortdi. Bunda xalqaro moliya institutlari va tijorat banklarining tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlanishga ajratilayotgan kredit mablag‘lari va grant loyihalarining ahamiyati katta. Mamlakatimizda iqtisodiyotning barcha sohalari, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash hamda Germaniya taraqqiyot banki (KfW) bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida “Kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezidentning qarori qabul qilinib, qishloq xo‘jaligida kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga 26 800 ming Yevro miqdorida uzoq muddatli, imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishi belgilangan.

Loyihani amalga oshirishdan maqsad agrar sohada kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining ulushini oshirish uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va yaxshilash, aholi, ayniqsa, xotin-qizlar, yoshlarni agrobiznesga jalb etish, ularni moliyaviy savodxonligi va salohiyatini oshirish, qishloq xo‘jaligida biznesni rejalashtirish, moliyalashtirish, marketing va brendlashga doir bilimlarini yuksaltirishdan iborat. Kasaba uyushmalari Surxondaryo viloyat kengashida “Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishda xalqaro moliya institutlari va tijorat banklarining o‘rni” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida bu haqda batafsil ma’lumot berildi. Davra suhbatida so‘z olgan respublika “Agrar soha ayollari” uyushmasi rahbari Adiba Ahmedjanova xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash, hayot farovonligini oshirish, kasbga yo‘naltirish va yangi ishchi o‘rinlar yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Davra suhbati ishtirokchilari berilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan samarali foydalanish uchun ishsiz xotin-qizlar va yoshlarning salohiyatini kuchaytirish, bunda O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi tomonidan respublikaning barcha hududlarida qishloq xo‘jaligining eng dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etiladigan o‘quv seminarlarining ahamiyatini ta’kidladilar. Shu o‘rinda aytish joizki, tadbirda viloyatda faoliyat yuritayotgan tijorat banklaridan vakillar ham ishtirok etib, banklar tomonidan aholiga, xususan, ayollar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha berilayotgan kreditlar va ularning natijadorligi, imtiyoz va imkoniyatlar haqida ham ma’ruzalar qilindi. O‘z biznesini yaratish istagida bo‘lgan xotin-qizlar va yoshlarning salohiyatini yuksaltirish, ularga bilim va ko‘nikmalar berish barobarida yer-suv va imtiyozli kredit resurslari ajratilib, qulay biznes muhiti yaratilishi natijasida qishloq xo‘jaligining turli tarmoqlarida zamonaviy ishlab chiqarishga asoslangan kichik va o‘rta biznes rivojlanib bormoqda.

Viloyatimiz misolida olib qaraydigan bo‘lsak, 2 million 907 mingdan ortiq aholining, 1,436 mingdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etib, aholining 1 million 9 mingdan ortig‘i iqtisodiy faoldir. Xotin-qizlar davlatimiz tomonidan berilayotgan imtiyoz va preferensiyalardan unumli foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash yo‘nalishida o‘z biznesiga ega bo‘layotganlar safi ortib bormoqda. Bunda tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan imtiyozli kreditlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Viloyatda mingdan ortiq tadbirkor ayollar viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishiga, 293 nafar ayol rahbarligidagi fermer xo‘jaliklari aholini oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligini yanada rivojlanishiga munosib hissa qo‘shmoqdalar.

Misol uchun, Termiz tumani, “Namuna” mahallasida istiqomat qilayotgan Gulchehra opa Mamajonova ham bankdan 66 million so‘m kredit olib, faoliyat boshlaganiga endi bir yil to‘ladi. 6 sotixga qurgan issiqxonasida bodring ekib, daromad olgan bo‘lsa, ayni vaqtda bozorgir va xaridorgir rukola barq urib turibdi. Har kilosini 50 mingdan sotishni maqsad qilgan tadbirkor opa, uyda bekor o‘tirmasdan, kredit olib, o‘zi va oilasidagilarni ish bilan band etib, rozg‘origa baraka kiritayotganidan minnatdor.

Davra suhbatida tadbirkorlikni boshlash borasidagi tajribasi bilan bo‘lishar ekan, har bir ayol, har bir yosh o‘z biznesini boshlashi, hech ikkilanmasdan, eng avvalo, shu sohada bilim olib, yaxshi bir biznes g‘oya ishlab chiqib, tegishli tashkilotlarga murojaat qilsa, ulardan ko‘mak olib, ish boshlasa, jamiyatning faol qatlami ko‘payib, aholi turmushi farovonlashishi mumkin, deya davra suhbati ishtirokchilarini ham yanada ildam harakat qilib, tadbirkorlik qilishga undadi.

Shuningdek, xotin-qizlar va yoshlarni qishloq xo‘jaligida kichik va o‘rta biznesga jalb etishda biznesni tashkil etish, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ham keng muhokama etildi. Tadbir yakunida bu boradagi kelgusi ishlar rejasi kelishib olindi.

Adolat MO‘MINOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Qiyin ahvolga tushsa, yengillik beriladi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining “Banklar kapitalining monandligiga qo‘yiladigan...

“Maromiylik” tadbirlari boshlandi

Denov tumanining “Yangi hayot” mahallasida Oila va xotin-qizlar bo‘limi,...

Qarovsiz bog‘ sayilgohga aylanadi

Surxondaryoda yangi savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarining ishga tushirilishi...

Loyihalar yanada takomillashtiriladi

Surxondaryoda Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan yirik "To‘palang" suv...
KunTun
KunTun