18 yosh kelajakka katta umid va ishonch bilan qadam tashlaydigan davrdir. Ayni yoshgacha ona bo‘lishni tasavvur qilish qiyin. Ammo afsuski, jamiyat hayotimizda bunday holatlarga duch kelish mumkin. Bu, albatta, muammosiz kechmaydi. 18 yoshgacha ona bo‘lganlar uchraydigan muammolar bu jamiyatda juda muhim va nozik mavzulardan biri hisoblanadi. Ushbu mavzuni kengroq yoritadigan bo‘lsak, tibbiy nuqtayi nazardan, biologik jihatdan ayol organizmi hali to‘liq shakllanib bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Reproduktiv a’zolar, hali to‘liq yetilmagan bo‘lsa, bu holat tug‘ruq vaqtida muammolar keltirib chiqarishi aniq. Boshqa holatlar ham hali yosh organizm uchun katta xavf tug‘diradi.
Psixologik barqarorlik yetarli darajada emasligi, ijtimoiy tayyorgarlik esa umuman yetishmasligi yuzasidan 18 yoshga yetmasdan ona bo‘lganlar, mana shu kabi qiyinchiliklarni boshidan kechiradilar.
Bugungi kunda jamiyatimizda voyaga yetmasdan ota-onalik qilish holatlari ko‘paymoqda. Ota-ona bo‘lish katta mas’uliyat va ruhiy tayyorgarlikni talab qiladi. Biroq ko‘plab yoshlar bu vazifani to‘liq anglamay, o‘zlarining shaxsiy rivojlanishlari va hayot rejalari uchun qiyinchiliklarga duch kelmoqdalar.
Psixologik nuqtayi nazardan, voyaga yetmasdan ota-onalar ko‘pincha stress, qo‘rquv va o‘z-o‘zini shubha ostiga olish kabi his-tuyg‘ularni boshdan kechiradilar. Ularning shaxsiy o‘sishi to‘xtab qolishi, ta’lim va ijtimoiy hayotdagi imkoniyatlari cheklanishi mumkin. Shu bois, yosh ota-onalarga psixologik qo‘llab-quvvatlash, oilaviy maslahatlar va ijtimoiy yordam ko‘rsatish katta ahamiyatga ega.
Mana bir yildirki, Termiz shahar “Inson Ijtimoiy hizmatlar markazi” mutaxassislari ham bu toifa bo‘yicha bir qator ishlar olib bormoqda. Jumladan, Markazda faoliyat yuritayotgan psixologlar guruhi yosh ota-onalarning ruhiy salomatligini mustahkamlash, ota-onalik ko‘nikmalarini o‘rgatish va ularni ijtimoiy himoya qilish maqsadida yosh onalar bilan individual va guruhiy terapiyalar tashkil etib, ishlab kelishmoqda. Bu yondashuv yosh oilalarning psixologik barqarorligi va farzandlarning sog‘lom tarbiyasini ta’minlashga yordam bermoqda. Bunday vaziyatda psixologik yordam va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Yosh ota-onalarga ota-onalik ko‘nikmalarini, stressni boshqarish metodlarini o‘rgatish, shuningdek, oilaviy muhitni mustahkamlash bo‘yicha maslahatlar berish zarur. Maktablar, tibbiyot muassasalari va ijtimoiy xizmatlar birgalikda yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun hamkorlikda ishlashi lozim.
Iroda Oripova,
Termiz shahar “INSON” ijtimoiy xizmatlar markazi psixologi