Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim tamoyili amalda

Date:

O‘tgan yili qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida o‘ziga xos burilish davrini boshlab berdi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Darhaqiqat yangi davr har birimizdan yangicha fikrlashni, yangicha tamoyillar asosida ish yurtishni taqazo etayotgani ham bor gap. Shunday ekan, davlat hokimiyatini xalqqa yanada yaqinlashtirish, xalq hokimiyatchiligi asoslarini kuchaytirish masalasi “suv yuziga qalqib chiqdi” deyish ham tom ma’nodagi haqiqatdir. Shu ma’noda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq hokimlar va mahalliy Kengashlarning vakolatlari bir-biridan ajratilganligi, aholining joylardagi dolzarb muammolarini hal etish uchun chinakam “xalq ovozi” bo‘lmish mahalliy Kengashlarga keng vakolatlar berilganligi, mahalliy Kengashlarga hokim emas, balki deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi belgilab qo‘yilganligi ayni muddao bo‘ldi, deyish mumkin.
Joriy yil 2-fevral kuni muhtaram Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-28-sonli Farmon — mahalliy darajada davlat hokimiyatini transformatsiya qilishga, tom ma’noda, xalqchil tizimni joriy etishga qaratilgan muhim siyosiy islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Farmon bilan O‘zbekiston mahalliy boshqaruvi tarixida birinchi marta — mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini yangi model — “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida isloh qilinishi belgilab qo‘yildi.
Agar Farmon bilan yaqindan tanishadigan bo‘lsak, asosan beshta yangilikni ko‘rishimiz mumkin:
Birinchisi, ko‘pchilik aholining hayoti, turmush tarziga ta’sir qiladigan masalalar faqat Kengash qarori bilan belgilanadigan bo‘ldi. YA’ni, ta’lim, atrof-muhitni muhofaza qilish, shaharsozlik, transport va infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan 33 ta vakolat Kengashlar ixtiyoriga o‘tkazilmoqda.
Misol uchun, endi tegishli hududda davlat bog‘cha va maktablarini tashkil etish bo‘yicha qaror aynan mahalliy Kengashlar tomonidan qabul qilinadi. Buning uchun hududdagi ehtiyojni har tomonlama o‘rgangan holda, qaysi mahallada yangi maktab yoki bog‘cha tashkil etish kerak, qaysi birini kengaytirish, qaysisini tugatish kerakligini aholining ishonchli vakillari, ya’ni xalq deputatlari tuman Kengashi hal etadi. Yoki yangi bog‘lar tashkil etish, avtobus yo‘nalishlarini belgilash, suv, kanalizatsiya to‘lovlari miqdori Kengash vakolatiga berildi.
Ikkinchi yangilik: Farmonda mahalliy Kengash zimmasiga yuklanib kelingan qator vakolat va funksiyalar tizimlashtirildi, maqbullashtirildi, ya’ni qisqartirildi. Xususan, tuman, shahar Kengashlari sessiyalarida mazmunan yaqin sohalarda o‘zaro takrorlanuvchi hisobotlar ham qo‘yilardi, misol uchun, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, uning soha bo‘yicha o‘rinbosarlari, shuningdek, mahallalardagi profilaktika inspektorlari ham hisobotini eshitishimiz lozim edi, shu tariqa yiliga 100 dan ziyod masalalar sessiya kun tartibiga qo‘yilar edi. Endi ular bitta masala bo‘lib kiradigan bo‘ldi.
Uchinchi muhim masala: “Mahalliy davlat hokimiyati” degan tushuncha endi ikkiga bo‘linyapti, ya’ni: mahalliy ijroiya hokimiyati va Kengash. Hozirgi amaldagi qonunlar va Kodekslarda bu holat nazarda tutilmay, ijro mas’ullari bo‘linmagan, shuning uchun yil oxirigacha o‘zgartiriladigan 100 ga yaqin qonun, Kodeks va qarorlar ro‘yxati tasdiqlanligi shu asosga qaratilgan. Shular asosida Adliya vazirligi hamda tegishli vazirliklar qonunni o‘zgartirib, ijro hokimiyati va Kengashning vazifalarini ajratib beradi.
To‘rtinchisi, hokimiyat va boshqa organlarining mahalliy Kengash faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi kafolatlab qo‘yilmoqda. 2030-yilgacha mahalliy davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish Konsepsiyasi ishlab chiqilishi o‘ziga xos muhim hujjat bo‘ladi.
Beshinchidan, Farmonda joriy yil oxirigacha xalq deputatlari Kengashlarini alohida bino va tegishli shart-sharoit bilan ta’minlash, 2026-yildan keyin tuman va shahar Kengashlariga shunday shart-sharoit yaratish qayd etilgan.
Albatta, mazkur Farmon hayot bilan hamnafas dunyoga keldi, desak o‘rinli bo‘ladi. Shuning uchun ushbu hujjat bilan yana bir bor yaqindan tanishib, uning mag‘zini chuqur chaqib, o‘z vakolatlarimizni yanada teran anglashimiz zarur. Chunki, Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi qarorning 75-maqsadida deputatlarni “Xalqning chinakam ovoziga aylantirish” vazifasi qo‘yilgan. Shunday ekan, oldimizga qo‘yilayotgan yangi vazifalarni ro‘yobga chiqarish galdagi asosiy vazifamizdir.

M.Mengniyozov,
O‘zLiDep partiyasi Sho‘rchi tumani Kengashi raisi o‘rinbosari, apparat rahbari

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Muammoga zamonaviy yechim bor

Bugungi kunda onlayn platformalar foydalanuvchilari qanday huquqlarga egaligi borasida...

Uchrashuv

Oktyabr oyi bo‘lishiga qaramay, kun juda issiq, g‘ir etgan...

Ovozi baralla yangradi

San’atning sehri, jozibali ohanrabosi bor. Ayniqsa, milliy san’atimiz, xalq...

USTOZ – KOMILLIKKA YETAKLAYDI

Ustoz — millatni ulug‘likka yetaklaydi, dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartiradi....
KunTun
KunTun