Maktablarda “Yosh gvardiyachilar” sinflarining tashkil etilishi o‘quvchi-yoshlarning sohaga qiziqishini oshirdi. Boysun tumanidagi 47-sonli umumta’lim maktabida ham ayni shunday “Yosh gvardiyachilar” ixtisoslashtirilgan sinfi tashkil etilib, o‘quvchilarning tantanali “Va’da” berish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Milliy Gvardiya Surxandaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i, podpolkovnik Maqsud Jabborov, Milliy Gvardiyaning Boysun tumani bo‘linmasi, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari va ota-onalar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida yangi tashkil etilgan “Yosh gvardiyachilar” ixtisoslashtirilgan sinfi o‘quvchilari Vatanga sodiq farzandlar bo‘lishga qasamyod qilishdi.
Tadbir ishtirokchilari va mehmonlar ularni qarsaklar bilan olqishladi. Milliy Gvardiya Surxandaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i podpolkovnik Jabborov Maqsud Abduvoyitovich tomonidan yosh gvardiyachilarga O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bayrog‘i tantanali ravishda topshirildi.
Egnida harbiy libosni kiyib, hayajon bilan tantanali “Va’da” berish marosimida ishtirok etayotgan o‘quvchilar kelajakda yuqori marralarni qo‘lga kiritib, Temurbeklar maktablari hamda oliy va oliy harbiy o‘quv yurtlarining kursant va talabalari bo‘lishlariga ishonamiz.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari maktabda tashkil etilgan “Yosh gvardiyachilar” ixtisoslashtirilgan sinfi o‘quvchilari bilan samimiy suhbatlashib, ularga kelgusi o‘qishlarida omad tiladilar. Bo‘lg‘usi gvardiyachilar nafaqat harbiy bilimlarni, balki maktabda ham barcha umumtalim fanlarini yaxshi o‘zlashtirishi lozimligini bildirib, zarur tavsilar berishdi.
Boysunda “Yosh gvardiyachilar” sinfi tashkil etildi
Date: