“O‘zbekistonning Shvetsariyasi”da bir kun

Date:

Ish yuzasidan azim Toshkentdaman. Tadbirda o‘tiribman. Ushbu tadbirga respublikamizning turli hududlaridan mehmonlar tashrif buyurgan. Yonimda o‘tirgan bir ayol savol bilan yuzlanadi: “Siz qayerdansiz?”. Men esa ming bir faxr va iftixorga to‘lib, so‘lim Surxondaryodan ekanligimni aytaman. Hali gapim tugamasidanoq “sizlarda juda ajoyib sharshara bor-a? Birgina Sangardaklaringiz xuddikim dunyo ahli oshiqadigan va borishni orzu qiladigan Shvetsariyadan qolishmaydi. Odamlarga hech tushunmayman, dunyoning olis bir maskanlariga sayohatga intiladi-yu yonginamizda turgan betakror Sangardakdek maskanga borishga ko‘pam oshiqavermaydi. Men esa u haqida Youtubedagi videoroliklarni ko‘rganimdan beri ushbu maskanga borishni orzu qilib, oilaviy dam olishga borishni rejalashtirdim”, deya Yaratgannning mo‘jizasi ila bunyod bo‘lgan, purviqor tog‘lar qo‘ynidan otilib chiqayotgan sharsharadan so‘z ochadi.
Sangardakni eshitganim bor, suratlarini ham ko‘rganman, videolar orqali tomosha ham qilganman, biroq shu vohada tug‘ilib o‘sgan bo‘lsam-da, bir bor bo‘lsa-da, borib ko‘rmaganim uchun ham sherigimning ta’rif-u tashbehlaridan yuzim qizaradi. Javob berishga so‘z topolmay hijolat bo‘laman. Ana shu voqeadan keyin Sangardak saylini ko‘nglimga tugib qo‘ygandim.
Vaholangki, yaxshi niyat bo‘lar yo‘ldoshing deganlaridek viloyat hokimligi hamda Turizm boshqarmasi tashabbusi bilan aynan Sangardak turistik maskaniga ichki turizm yarmarkasi, OAV xodimlari uchun press-tur ham tashkil etiladigan bo‘ldi. Ushbu xabarni eshitdim-u, oyog‘imni qo‘limga olib yugurdim, desam adashmagan bo‘laman.


Ravon yo‘llardan o‘tib, musaffo tog‘larga qarab boraverganimiz hamono o‘ziga maftun etuvchi so‘lim tabiat, musaffo havo, dilni yayratgulik go‘shalar bizni qarshi olayotir, manzarani ta’riflashga so‘z qidirib topolmayman. Shaharning betizgin va sershovqin ko‘chalari, turmushning ikir-chikirlaridan tobora olislab, ajib tog‘lar qo‘ynida qad ko‘targan Sangardak sanatoriyasiga yetamiz.
To‘rt tomonidan bir-biridan ajib tog‘lar o‘rab turgan va toshlarni mahorat bilan o‘yib bunyod etilgan, dam olgan odamning joniga rohat bag‘ishlashga oshiqayotgan ushbu maskanda dunyoning hech qayerida uchratmaydigan sokinlik, o‘ziga xoslikni, go‘zal tabiatni uchratganday bo‘laman. Infratuzilma, zamonaviy imorat, shart-sharoitni-ku aytmay qo‘yaqolay, borgan odamning bahri dili ochilib, tanasidagi dardi ham yodidan chiqib ketsa, ajab emas.
O‘tgan yili Termiz shahrida ichki turizm yarmarkasi o‘tkazilgan bo‘lsa, bu yil viloyat hokimligi turizm boshqarmasi bilan birgalikda mavjud turistik obyektlarga aholini keng jalb etish, tadbirkorlik subyektlari va turistik obyektlarni qo‘llab- quvvatlash maqsadida viloyatning go‘zal bir burchagi — Sangardakda yarmarka o‘tkazishga qaror qildi. Iste’molchilarni turoperatorlar va sayyohlik agentliklari bilan yaqinroq tanishtirish ham ayni yarmarkaning maqsadi edi. Tadbirlar erta tongda Sangardak sayyohlik qishlog‘ida gastronomik turizm yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan milliy taomlarni tayyorlash bo‘yicha musobaqalar bilan boshlandi.
Tashrif buyuruvchilarga viloyatning boy milliy madaniyati va an’analari keng namoyish etildi. Shuningdek, jurnalistlar va blogerlar uchun Sariosiyo tumanining diqqatga sazovor joylari, ziyoratgohlar va dam olish joylariga press-tur o‘tkazildi. Yarmarkada milliy madaniyat markazlarining eksprom ijrosi, ayniqsa, yoqimli bo‘ldi. Tojik, rus va turkman markazlari yarmarka mehmonlari uchun rejalashtirilgan kichik kontsert berdi va shu bilan munosabatlarni yaqinlashtirdi hamda millatlararo do‘stlikni mustahkamladi. Shuningdek, yarmarka dasturida nafaqat turoperatorlar va yashash va dam olish joylari egalari, balki Surxondaryo sheriklari bilan sayyohlik aloqalarini o‘rnatish uchun kelgan tojikistonlik tadbirkorlar o‘rtasida ham B2B shartnomalari imzolandi.


Mehmonlar bilan gavjum ushbu sanatoriyada sokinlik va ozodalik ufurib turibdi. Mahalliy va xorijiy dam oluvchilarni o‘ziga chorlab turgan ushbu maskan qo‘ynida vohamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan folklor jamoalar, hunarmandlar-u san’at shaydolari, tur operatorlar hamda mehmonxonalardan tashrif buyurgan mutasaddilar yarmarkada shay. Qadim va boy tariximizni, milliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan ushbu yarmarka tashrif buyuruvchilarga o‘zgacha zavq bag‘ishlab turibdi.
Kuy-qo‘shiqlar, ijro etilgan turfa raqslar ham sayohatchilarni vohamizga, aynan Sangardakka chorlab turgani bilan ham ahamiyatlidir. Yakunda yarmarka ishtirokchilari tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Ishonchim komilki, bunday tadbirlar aholining turizmga qiziqishini oshiradi va umuman turizmni rivojlantirishga yordam beradi.
Sangardakka qadam ranjida qildim-u, bugun turizmni rivojlantirish mahalliy va xorijiy sayohatchilarni viloyatimizning betakror va ajoyib go‘shalariga jalb etish, sayohatchilar uchun qulaylik yaratish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarga tasanno degim keldi. Birgina olis va baland tog‘lar quchog‘ida bunyod etilgan Sangardak sanatoriyasi, yaratilgan shart-sharoitni ko‘rib, turizm sohasida bugun viloyatimiz hokimi tashabbusi bilan juda katta islohotlar olib borilayotganining guvohi bo‘ldim.
Darhaqiqat, Prezidentimiz tomonidan so‘nggi yillarda turizm sohasini jadal rivojlantirish borasida juda katta qadamlar tashlandi. Buning natijasida respublikamizning eng olis va chekka hududlarida ham xorijlik sayohlar, qolaversa, respublikamizning barcha hududlaridan sayyohlar tashrif buyuradigan manzillar soni ortmoqda. Bunga yaqqol misol sifatida “O‘zbekistonning Shvetsariyasi” deya e’tirof etiladigan “Sangardak” turizm qishlog‘ini misol qilishimiz mumkin. “Sangardak” turizm ishlog‘i o‘zining betakror tabiati, purviqor tog‘lari, mehnatkash va tanti xalqi bilan sayyohlarni doimo o‘z bag‘riga chorlayveradi.
Gapimiz isboti sifatida aytish mumkinki, 2024-yilning 7 oyi davomida hududda 15 ta yangi joylashtirish vositalari ishga tushirilib, ularning umumiy soni 218 ta — 55 ta mehmonxona, 20 ta xostel va 142 ta mehmon uylari va 1 ta o‘tovli lagerni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich yil yakuniga qadar 230 taga yetkaziladi. 2024-yilning yanvar-iyun oylarida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi doirasida 1 352 800 nafar ichki sayyohlar sayohati amalga oshirilgan bo‘lib, rejaga nisbatan 150 foizga bajarilgan.
Xorijiy turizm oqimi 6 oylik reja 263 824 nafar bo‘lib, amalda 292 200 nafar xorijiy sayyohlar tashrif buyurgan. Natijada turizm eksporti hajmi 32,1 million dollarni tashkil etdi. Turoperator va turagentlar faoliyatini ko‘paytirish maqsadida 2024-yil yanvar-iyul oylarida 4 ta turoperator va 3 ta turagentlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular soni 61 taga, gid-ekskursovodlar esa 45 taga yetkazildi.
Yil yakuniga qadar turoperator va turagentlar 65 taga hamda gid-ekskursavodlar esa 53 taga yetkaziladi. Shuningdek, hududga tashrif buyuruvchi xorijiy va mahalliy sayyohlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida uchun 11 ta turistik axborot markazlari faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari, hududda yanvar-mart oylarida 29 ta turizm obyektlarida Wi-Fi nuqtalari hamda turizm obyektlariga olib boruvchi yo‘llarda 25 ta yo‘l ko‘rsatkich belgilari o‘rnatildi.
Sanatoriyadan chiqib, “Sangardak” sharsharasiga yaqinlashamiz, mahobatli tog‘ning qoq “yuragi”dan otilib chiqayotgan sharshara hayratimizni yana bir bor oshirgani aniq. Xuddikim, suratga joylangan kartina misoli ko‘zingizni oladi, suvi zilol va muzdek, yaqinlashganing sari o‘ziga chorlayveradi. Sharsharadan zavq olib, bir muddat dunyo tashvishlarini unutganday bo‘lasan kishi. Yonidan jilging kelmaydi. Sangardakka dam olishga kelgan mehmonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishish uchun bunyod etilgan va “Sangardak turizm qishlog‘i” deya tan olingan qishloq tomon yuzlanamiz.


Tog‘lar, qoyatoshlar orasida, haybatini ko‘z-ko‘z qilib turgan manzara quchog‘ida bunyod etilgan va bugun sayqal topib ko‘zni quvnatayotgan ushbu qishloq tamomila zamonaviy qiyofa kasb etgan. Muhtasham imoratlar, zamoviy yo‘llar, to‘yxona-yu, savdo shoxobchalari — bularning hammasi Surxondaryoning bir burchagida o‘ziga xos iqlim va tabiatda yartilgan ulkan bunyodkorlik, ulug‘vorlikdan dalolat.
Sayohatchilarni yanada vohamizga, ayniqsa, Sariosiyoning Sangardakka chorlash maqsadida 2024-yilning 1-choragi davomida 3 ta info-tur (“Boysun tumani “Havo sharlari” festivali jarayonida va Sariosiyo tumanidagi “Yuqori to‘palang milliy” bog‘ini turizt maskani qatoriga kiritish, Ichki turizm yarmarkasi), 4 ta ko‘ngilochar tadbirlar (“Sumalak sayli”, “Bahodirlar o‘yini”, “Havo sharlari festivali”, “Ichki turizm” yarmarkasi) o‘tkazildi. Xususan, “Sangardak” mahallasida joylashgan 6 ta madaniy meros, 2 ta ziyoratgoh, 20 ta betakror tabiat manzaralari bilan sayyohlarni o‘ziga jalb qilib kelmoqda, tashrif buyuruvchilar e’tiborini qozonmoqda.
Sangardakning mehnatkash va mehmondo‘st xalqi tomonidan 23 ta oilaviy mehmon uylari, 2 ta sog‘lomlashtirish sanatoriylari, 17 turdagi turizm xizmatlari tashkil etilganligini alohida e’tirof etishimiz shart. Yozning jazirama kunlarida ushbu hududga kun davomida tashrif buyuradigan 5 mingdan ortiq sayyohga xizmat ko‘rsatilishi alohida tahsinga loyiq.
Sangardak qishlog‘i viloyatga tashrif buyurayotgan Xitoy, Pokiston, Hindiston, Belarussiya, Rossiya, Yaponiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi xorijiy davlatlardan tashrif buyuruvchi sayyohlarning asosiy tashrif obyektiga aylanganligi rost. Bu esa ushbu hududda turistlar uchun yanada qulay sharoit yaratishimiz zarurligini ko‘rsatadi. Hozirga qadar Sangardak mahallasiga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida 2 ta sog‘lomlashtirish sanatoriylari qurildi, 15 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlandi, 30 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi, 2 ta piyodalar ko‘prigi, 5 ta selfi hudud, 2 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasi, atraksionlar, ko‘ngilochar maskanlar, turistik axborot markazi foydalanishga topshirildi.
Bu esa o‘z navbatida Sangardak qishlog‘iga tashrif buyuruvchi sayyohlarning maroqli hordiq chiqarishlariga xizmat qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, bir kunlik sayohatim bir umrga esda qolarli bo‘ldi.
Bugun turizm ham xuddi sport kabi hududni dunyoga tezda tanitadigan va tan oldiradigan yo‘nalishga aylandi. Bu kabi amaliy tashabbuslar orqali mahalliy hamda xorijiy sayyohlar oqimini jalb etishg qaratilgan tadbirlar esa kelgusida o‘z samarasini berishi shubhasiz.

Adolat MO‘MINOVA
Nodira MUSAYEVA
(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Migrantlar mahalladoshiga skuter sovg‘a qilishdi…

Azal-azaldan yurtimizda mahalla-ko‘y orasida qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ orasida mehr-oqibat, sahiylik,...

“Bobotog‘ yoshlari festivali” o‘tkazildi

Yoshlarning har daqiqasi foydali va munosib o‘tishi kerak. Oltinga...

Kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylandi

Kambag‘allik ishsizlik, bekorchilikdan, birinchi qadamni tashlashga cho‘chishdan kelib chiqadi....

Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlasak…

Bugun negadir ajrimlar, oilaviy nizolar haqida bot-bot to‘xtalamiz. Muammoning...
KunTun
KunTun