Erta tongdan ishga otlanishimni kuzatadigan oyim doimo sinchkovlik bilan meni kuzatadi. Axiyri bugun yorilib qoldi deng. Nimamush, o‘zimga qaramasmushman, kiyinishim ham modadan qolgan. Bunday yurish-turishimga odamlar nima deydi? Axir, o‘qigan, jamiyatda o‘z o‘rnini topgan odam bo‘lsam… Shundan keyin opamdan o‘rganishim haqida boshlab qoldilarki, men esa xayrni ham nasiya qilib, juftakni rostladim. Yo‘lda esa o‘ylanib qoldim. Haqiqatan ham oyimning gaplarida jon bor. Oxirgi bor qachon kiyim-bosh olganimni ham eslay olmadim. Kreditlar bilan o‘ralashib, yashashni-da unutdim. Ukamga telefon kerak edi, olib berdim. Har oy qaytarishni va’da qilib ishontirgan emasmi, birinchi oyni to‘ladi-yu, undan keyin ko‘rinish bermaydigan bo‘ldi. Oyligimdan yechib olganidan keyin tilimni qayerga bog‘lashni bilmay, jimgina to‘layapman. Singlimni kontrakti uchun onamning ko‘z yoshlariga qarab tura olmay kredit chiqarib to‘lab berganim ham bor. Uyni ta’mirlatish, jihozlash kerak. Axir odamlar nima deydi? Shu sabab bari uchun kredit olganmiz. Kreditni to‘lash esa kaminaning gardanida. Yana iste’mol qiladigan taomimizni-da kreditga, nasiyaga olish mumkin. Keyin esa oyma-oy bir necha baravar qilib qaytaraveramiz. Shundan keyin kiyinish, o‘zga qarash bormikan?
O‘z yog‘imga o‘zim qovrilib, odamlar nima deyishini ham o‘ylamay qolarkansan. Ammo nahotki odamlar kiyinishga qarab baho berishsa, bilim, tajriba, salohiyat qayerda qoladi? Bunday yuzaki yondashuv bilan qarash urf bo‘ldimikan, yo‘qsa, ro‘paramdagi o‘ziga oro berib kiyinib olgan oyimcha menga ko‘z uchida qarab, nuqul kipriklarini qoqqandek suzilib qo‘ymasdi. Bu holatdan o‘ng‘aysizlandim. O‘zimni nochordek his qildim. Endi bir kamim odamlar nima derkan deb, ikki yanog‘imni qizartirib, o‘zimga yarashmagan kiyimni kiyishim kerakmi?
Yo‘q, zamon bilan hamnafas yashash kerak. O‘zgarishni o‘zimdan boshlashim kerak degan qarorga keldim. Ishxonadagi ishlarimni zumda tugatdim-da, tushlik bahonasida kiyim-kechak tanladim, tushdan keyin tobim yo‘qligini bahona qilib javob oldim, kam-ko‘stimni qildim. Pedikyur-medikyur deganlaridek, salonga kirishni ham unutmadim. Qizlarning so‘zlariga quloq solsangiz, bugun hech kim boteks-u, yasama kipriklarsiz ko‘chaga chiqmasmush. Yanoqlaringiz, yuzingizni ham ukol yordamida xuddi model yoki aktrisalarnikidek randalab, to‘g‘rilab qo‘yisharkan. Ko‘zingiz ko‘rgani go‘zallik deganingizning bari soxta, bir necha oyda iziga qaytib ketadigan kuygilik, pulingizni shilgulik ekan. Ja unchalikka bormadim-u kiprik ulatdim, naq 2-3 soatdan so‘ng oynaga qarab, ko‘zlarimni o‘zimdan uza olmay qoldim. Bir necha yildan beri qaychi-yu, rang tegmagan sochlarim ham bir necha soatda risoladagidek ko‘rinish kasb etdi. Uyga borganimda esa onam hangu mang bo‘ldi-qoldi…
Ertasiga ertalabdan ishga otlandim. Ko‘chaga chiqishim bilan bekatgacha oyoqlarim og‘riy boshladi. Baland poshnali tuflida yurish azobi, noqulaylik sabab besh daqiqalik joyga yarim soatcha vaqt ketgandek bo‘ldi. Bu ham yetmagandek, eng so‘nggi modadagi ko‘ylakning torligi, hammaning menga qarab-qarab qo‘yishidan o‘ng‘aysizlandim. Hali ko‘ylagimni etagini tushiraman, hali u-bu joyini xuddi kengayib qoladigandek, tortib qo‘yaman. Ichimda chiroyli ko‘rinayapti-ku har tugul degan taskin bilan boshimni tik tutaman. Baland poshnada avtobusda oyoq uchida tik turish azobini ana shunday oyoq kiyimda bo‘lsangizgina his etarkansiz. Ishqilib, haydovchi amaki, sal qattiqroq tormoz berib qolmasin, aks holda holatimni bir tasavvur qiling? Go‘zallik ana shunday qurbonlik talab qilarkan-da, nima qilay dedim-da, ming bir sinovdan o‘tgan yanglig‘ manzilimga yetib keldim.
Ishxonada hammaning hayratidan charchoqlarim chiqib ketay deganida angladimki, yozning chillasida avtobusning oynalari ochiqmasmi, toza havo, shamolga yuzimni tutib kelmaganmanmi, kechagina salonga kirib tartibga keltirgan sochlarim antiqa ko‘rinish kasb etgan ekan. Bunday yurmagan odamga qiyin bo‘larkan, har bir kichik detalgacha e’tibor berish, o‘zni tuzatib yurish ham san’at ekan.
Kunim ana shunday azobli o‘tganidan, chiroyli ko‘rinaman deb qilgan ishlarimdan o‘z-o‘zimni yomon ko‘rib ketdim. Odamlar nima deyishini o‘ylab, ortiq bunday davom etishidan dahshatga tushdim. Yo‘q, o‘zga bunday oro berish men uchun emas. Rumiy hazratlari aytganlaridek, aslim kabi ko‘rinishni afzal bildim. Odamlar nima desa der…
Men-ku, har tugul o‘zim uchun xulosa chiqardim. Ammo xulosa chiqarmayotganlar, xulosa qilishga aqli yetmayotganlar qancha. Shulardan biri ishxonamizdagi Suluv. Uni hech qachon ovozi baland chiqqanini, qo‘pol gapirganini yillar davomida eshitmaganman. Doimo tavoze’li, shirinsuhan, yuzi kulib turadigan bu ayolga havasim kelardi. Ayniqsa, qanday kitob haqida gap boshlansa, u o‘qigan bo‘lib chiqardi. Nima haqida aytsangiz, u biladi, maslahat beradi, tavsiyalarini ayamaydi. Ammo bir kuni o‘g‘lini olib keldi-yu, uning xarxashalariga chiday olmay qilgan muomalasidan, ko‘zidagi nafrat, jahl, qo‘rqinchli qiyofani ko‘rib bildimki, uyida umuman boshqacha… afsuski, oramizda odamlar nima derkin deya o‘zini tavoze’li tutib, oilada bor xulqini ko‘rsatadigan ayollarning borligi, ularning yetarlicha xulosa chiqarmaganliklari fojia.
Ko‘chada ko‘rgulik, uyda kuygilik
Bugun shunday zamonda yashayapmizki, topganimizni ko‘z-ko‘z qilamiz. Farzandlarimizga nima kiyim olib berayotganimizni, kecha nima ovqat qilganimiz-u, ertaga qaysi restoranga borishimizni aytmasak, odamlarning biz haqimizdagi fikri tamoman o‘zgarib qoladi. Taqadigan taqinchog‘imiz, kiyadigan kiymimiz, aytadigan so‘zimizga-da zeb berishimiz zaruratga aylangan. Asliyatimiz muhimmas, uyda qanday yurishimiz, aslida nima yeyishimiz, farzandlarimizga qanday tarbiya berayotganimiz darajalarning eng past pog‘onasida qolib, e’tibor berishga-da arzimaydigan holatda. Yosh ulug‘larimiz aytganidek, “onangni otangga bepardoz ko‘rsatma” iboralari hech qanday ma’no kasb etmaydi. Ko‘chada ko‘rgulik, pardozimiz-u kiyimimiz, ahvolimiz uyda kuygilik. Tozami kir, yirtiq-yamoqmi, paxmoq ayollardek yuraveramiz, yashayveramiz. Bizga farqi yo‘q. Odamlarning ko‘chada nima deyishlari qiziq, uyda bo‘laveradi, achinarlisi, turmush o‘rtog‘imizning fikri esa…
Dabdabami dabdala?
Oyimlar o‘rnak olishim kerak bo‘lgan opam zar-u ziynatga, dabdabaga o‘ch. Qizini nochor oilaga turmushga beryapti-yu ammo yo‘qni yo‘ndirishni, odamlar ko‘zida hammasini chiroyli sahnalashtirishni istaydi. Boshqalarning nimadir deyishidan, gap-so‘zidan qo‘rqadi. Shu sabab mehmonlar o‘ylaganidek kelin sepiga, zeb-u zariga hayratlanishdi, maqtashdi. Ostonasi tillodan bo‘lgan kuyovni topganini aytib, baxt tilashgan bo‘lishdi. To‘ydan keyin esa opam sho‘rlik qo‘lga ilinarli nimasi bo‘lsa sotib, qarz-qurzini to‘lashdi. Undan-bundan qarz ko‘tarib, eskilarini uzishgan bo‘lishdi. Bir-ikki kunlik gap-so‘z, odamlarning nima deb o‘ylashlari oiladagi huzur-xalovatni o‘g‘irladi. Zora, hammasini tushungan bo‘lsa-yu, keyingi farzandida bu xatoni takrorlamasa…
Maraka ham nomimizga yarasha…
Ha, bizning to‘ylarimiz ana shunday dabdabali o‘tadi. Keyingi ahvolimiz dabdala bo‘lishi muhimmas. Xo‘sh, a’zamizchi? Keksamizning o‘limi to‘y deymiz-da, hammaning shu yoshga yetib yurishlarini tilab, qo‘yni so‘yib, elga osh beramiz. Dasturxonni bezab, ertalabdan kechgacha yetti, qirqi, yili-yu payshanbiligida ham, ora-chorada duo qilib kelib ketguvchilar uchun ham xarajat qilib, tayyorgarligimizni ko‘rib qo‘yamiz. Savobi bor, falonchini otasi o‘lib, qilgan ma’rakasini odamlar gapirib yurmasin deb, nomimizga yarasha ma’raka o‘tkazamiz. Marhumga esa aslida o‘qib qo‘yadigan ikki rakat duomiz, yaxshi amallarini eslab qo‘yishimiz, u haqida aytadigan iliq fikrlarimiz muhim. Odamlarning nima deyishini o‘ylab qiladigan isrofgarchiligimiz esa…
Yo asling, yo ko‘ringaning kabi bo‘l
Qachon niqoblar yechiladi, qachon aslimiz kabi yashaymiz? Ko‘ringanimiz kabi bo‘lamiz. Odamlar oldin ham gapirgan, hozir ham, bundan keyin ham gapiraveradi. Bizning munosabatimiz, amallarimiz ularga javoban bo‘lar ekan, bu holat to‘xtamaydi. Bu bilan o‘zimizni, o‘zligimizni unutib qo‘ymayapmizmi? Qanday yashashni esimizdan chiqarmayapmizmi? O‘qiyotgan kitobimiz kimgadir maqtanish uchun emas, ma’naviyatimizni oshirish uchun bo‘lganida edi, odamlarning fikri bizni qiziqtirmay qo‘yar edi. So‘zimiz avvalida aytganimizdek, yo asling, yo ko‘ringaningiz kabi bo‘ling! Ishonmasangiz, ana shunday yashab ko‘ring, keyin fikringizni aytasiz.
Odamlarning gapi bilan ishi yo‘q Sohibjamol
Odamlar nima deydi?
Date: