Havo sharlarida Boysunni kezib…

Date:

“Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining ikkinchi kuni. Tumandagi “Bibishirin” mahallasida bayram shukuhi. Ko‘rilgan hozirlik esa har bir mehmon qalbini xushnud aylagan. Chor atrofga nigohi tushgan borki, bahor nafasini, milliylik ruhini his etadi. Erta tongdan Boysun kengliklarida havo sharlarini uchirish tadorligi boshlandi. Barchaning qalbida hayajon. Bir necha daqiqalardan so‘ng, borliqni yuqoridan tomosha qilish ishtiyoqida turishibdi.


Ana shunday lahzalarda mo‘jaz shar fizik jarayonlar uyg‘unligida yerdan ko‘tarila boradi. Festival ishtirokchilari havo sharlarida avvaliga bir-ikki metr, keyin esa bir necha o‘n metrlab yuqoriga ko‘tarilib, qarabsizki, bulutlarga yaqin, ha-deganda yetib oladigan masofada borliqning bir bo‘lagiga aylanishgandek. Butun vujudlari bilan chor atrofni kuzatishga tushib ketishgan. Albatta, tabiat qo‘ynida, ochiq osmon ostidagi muzey deya ta’riflangan Boysunda, u yerdagi qizil konyon deb ataluvchi hududda havo sharlarida kezishning o‘zi bir zavqli jarayon. Bu manzaralar tomoshaga berilganlarni yanada sehrlab qo‘yishi aniq.
“Boysun bahori” festivaliga ishtirok etish, taassurotlar olish maqsadida tashrif buyurgan mehmonlar yillar davomida tabiat mo‘jizasi – qizil konyon hududining o‘ziga xos manzaralarini kuzatdilar. Kuzatib turib, ko‘zlari ko‘rib turgan ajoyibotlar haqiqiyligiga shubha bilan qarashgan bo‘lsa, ajab emas.
— O‘tgan galgi xalqaro festivalda qatnashib, shunday maftunkor yurtni tomosha qilganimizdan juda quvongan edik, — deydi buyuk britaniyalik folklorshunos Yeva Skalla. — Surxon vohasi va nomoddiy madaniy meros makoni bo‘lgan Boysun bizga juda yoqib qolgan edi. Bu yil esa undan-da katta taassurotlar olishni niyat qilib adashmagan ekanman. Hozir havo sharida turib, Boysunni, sehrli o‘lkani o‘zim uchun yangitdan kashf etgandek bo‘ldim. Maftunkor tabiati, toza va salqin havosi, tog‘lari, kanyonlarini yuqoridan kuzatib, his etar ekanman, hayajonimni tasvirlashga ojizman.


Taassurotlar aytganlarimiz bilan yakunlanmadi, balki festival davomida turli konsert tomoshalari namoyish etildi. Folklor jamoalarining chiqishlari, milliy o‘yinlar esa festivalning yanada qizg‘in tus olishiga xizmat qildi. Surxon baxshilari tomonidan kuylangan termalar esa mahobatli tog‘larda aks-sado bergandek bo‘ldi va bayram dasturlari, bir-biridan ajoyib chiqishlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Ha aytgancha, konyonlarni havo sharlarida kuzatishni orzu qilganlar “shunday tadbirdan quruq qoldim” deya armonda qolishmasin, chunki hali vaqt bor. Festival 7-mayga qadar davom etadi.

S.Allayeva,

T.Aliqulov

(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Tizimda yangi choralar belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz...

Mahalla muammolardan holi hududga aylanadimi?

“Huquqiy mahalla” loyihasi doirasida viloyatning shahar va tumanlaridagi mahallalari...

MAROSIMLAR MAROMIGA YETDI

Soya-salqinda, yam-yashil maysazor ustida sochlarini qirq kokil qilib, do‘ppi...

SHIRIN TASHVISHLARGA BOSHLAYDI, LAPAR

Navro‘z milliy urf-odatlarimiz, an’analarimiz tarannum etiladigan ayyomdir. Onamizning shirali...
KunTun
KunTun