Yo‘lsozlikda bir so‘mning ham so‘rog‘i bor… mi?

Date:

Tabiatan ko‘pchiligimiz tanqidchimiz. Atrofga tanqidiy nazar bilan qaraymiz. Mashinamiz behosdan bir chuqurlikka tushdimi, tamom yo‘llarimizga e’tibor yo‘qligi, davlatni shu-uncha puli qayoqqa ketayotgani haqidagi navbatchi g‘iybatlarimizga mavzu topiladi. Shaharning qaysidir ko‘chasi bekilib, asfaltlanayotgani esa battar ta’bimizni xira qiladi. Qachondan beri aylanib yurishga to‘g‘ri kelayotganining birdan-bir sababi yo‘lchilar ko‘proq pul undirish uchun ishni paysalga solayotgan bo‘ladi. Qayta va qayta bitta ko‘chaning yo‘li asfaltlanishini aytmaysizmi? Shu yo‘lga sarflanayotgan mablag‘ shaharning boshqa ko‘chalaridagi yo‘llarga sarflansa bo‘lmasmikan? Bunday sabablarning ko‘pini aytib, yo‘llarimizning egasi bo‘lmish avtomobil yo‘llari qo‘mitasi yoki boshqarmasini toshbo‘ron ostiga qoldiramiz. Bunday gap-so‘zlar, malomat toshlari ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘ladi. Qay mavzuda bo‘lmasin, yetarli asosga bo‘lmay turib fikr bildirish insonning saviya darajasini belgilab berishini unutmasligimiz kerak. Shunchaki o‘zimizni o‘zimiz keng jamoatchilikka obro‘sizlantirmaylik-da, qaysi soha haqida to‘xtalishdan avval, u haqida bilim yoki ko‘nikmaga ega bo‘lib olaylik. Balki aytayotgan fikrlarimiz umuman mantiqqa to‘g‘ri kelmas, asossizdir. Bu bilan qaysidir tashkilotni oqlash, kimnidir qoralash niyatidan yiroqmiz.
Aslini olganda esa mashinamiz harakatlanayotgan yo‘llarning hammasi ham Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga tegishli emas. Buni Surxondaryo viloyati misolida oladigan bo‘lsak, viloyat hududida jami 16 170 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llari mavjud bo‘lib, shuning 2 843 kilometr uzunlikdagi, ya’ni 18 foizigina umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llaridir va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tasarrufida. Qolgan 13 327 kilometr qismi yoki 82 foizi mahalliy hokimliklar balansida bo‘lgan mintaqaviy: xo‘jaliklararo qishloq, shahar va aholi punktlari ko‘chalaridir. Shunday ekan, qaysidir yo‘llar haqida gapirishdan oldin uning egasini, mas’ullarini aniqlab olib, keyin tosh otsak, otgan toshimiz manziliga borib tushgan bo‘ladi va natija bermay qolmaydi.
Yana bir gap, yo‘lsozlarning fikricha, yo‘llarni asfaltlash maxsus aralashmani yerga to‘shab chiqish bilan bitmas ekan. Aksincha, buning uchun eng avvalo, eski asfalt qoplamalari olib tashlanib, yerning tekisligi, ko‘cha va yo‘l yaqinidagi bino va inshootlarning joylashuvi inobatga olinadi. Tasavvur qiling, avtomobil yo‘li nisbatan baland bo‘lsa, yog‘ingarchilik paytida yog‘in suvlari aholi xonadonlari, bino va inshootlari tomon yo‘nalib, suv bosishi hech gap emas. Ana shu jihatlar inobatga olingandan so‘ng, bir necha bosqichli asfalt qoplamalari yotqizish ishlari boshlab yuboriladi. Har bir bosqich vaqt, munosib iqlim sharoiti talab etadi. Eng oxirgi bosqichdan so‘ng esa biz ko‘rib turgan qoplama to‘shaladi va tekis, ravon yo‘llar foydalanishga topshiriladi. Aks holda ish sifatsiz amalga oshgan bo‘lib, mashinalar qatnovidan so‘ng o‘ydim-chuqurliklar, yamalar hosil qilishi, qoplama ostidagi toshlar chiqib qolib, mashinalar harakatlanganda qiyinchiliklar, noqulayliklar tug‘dirishi aniq. Yo‘l sifatiga iqlim o‘zgarishi, yo‘l transport hodisalari, og‘ir yuk mashinalarining tinimsiz qatnovi ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababdan ham birinchi navbatda hududlarga kirishda statsionar va ko‘chma tarozilar o‘rnatilmoqdaki, bu belgilangan vazn va hajm parametrlarini nazorat qiladi. Ana shunday ko‘chma tarozisi Sherobod tumani hududida ham o‘rnatilgan.
Maqsad yo‘llarni sifatli qurish, uzoq muddat foydalanishini ta’milash ekan, bunda yo‘lsozlarning bilim va tajribasi muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda yo‘lsozlar Koreya metodi asosida o‘qitilib, malaka oshirishayotir. Qolaversa, qurilayotgan yo‘llarimiz qanday qurilyapti, sifatga qay darajada e’tibor qaratilyapti, bari xalqaro konsultantlarning nazorati asosida amalga oshirilmoqda.

— Xususan, 2023-yil davomida barcha manbalar hisobidan 1 536 kilometr uzunlikdagi yo‘llarda 1 milliard 8 million 300 ming so‘mlik yo‘l ishlari amalda to‘liq bajarilgan, — deydi viloyat avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxtiyor Tulayev. — Bunda 12 ta obyekt, 10,4 kilometr umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llarida 37 milliard 300 million so‘mlik to‘la ta’mirlash ishlari shular jumlasidandir.
Surxondaryoning markazidan tortib, chekka hududlarida bo‘lmaylik, yo‘llar ravon, manzilga esa hech qiyinchiliksiz, zumda yetib olish mumkin. Ichki yo‘llarchi? Ichki yo‘llarimiz ham kechagidek yurganda qishda loy, yozda changga botadigan emas, asfalt yoki asfalt-beton qilingan, obod va go‘zal qiyofa kasb etgani bilan ahamiyatli. Fikrlarimizni yuqoridagi raqamlar ham isbotlab turgandek bo‘ladi. To‘g‘ri, shahar markazida muddatini o‘tab bo‘lgan, ta’mirtalab yo‘llar ham yo‘q emas. Ammo, bu mutasaddi tashkilotlarni qoralash bilan amalga oshadigan ish emas. Buning uchun budjetdan respublika bo‘yicha mablag‘ ajratiladi. Ajratilganda ham barcha hududlarga teng taqsimlanadi. Ushbu mablag‘larni to‘g‘ri yo‘naltirib, sarflay bilish lozim. Axir bir so‘mning ham so‘rog‘i bor.
Avtomobil yoʻllar qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda Surxondaryo viloyati OAV vakillari va jurnalistlari uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida ham ayni masalalarga e’tibor qaratildi.
Albatta, har bir soha, tarmoqda amalga oshirilgan ishlar kelgusida aniq rejalar tuzishda, kamchilik va muammolar yuzaga kelmasligi uchun xizmat qiladi. Shu jumladan, yo‘lsozlik sohasida ham viloyatda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar talaygina. Joriy yil davomida 1 616,2 kilometr yo‘llar hamda 20 ta ko‘prikda 729 milliard 100 million so‘mlik qurish va rekonsturksiya qilish va ta’mirlash rejalashtirilgan.

Sayyora ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Alplar kurashdi

Termiz shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza...

Yashash uchun…

Albatta, yashash uchun sabablarimiz koʻp. Faqat oʻz oldimizga aniq...

Onlayn muloqot o‘tkazildi

Yoshlar ish izlab yoki oʻqish maqsadida xorijga ketishga qaror...

Afv etilganlar oilasi bag‘rida

Inson xato qilsa, buni tushunib yetishi uchun vaqt kerak...
KunTun
KunTun