Birinchi sinfda o‘qiydign o‘g‘lim barcha kitoblarini sumkasi solib, maktabga olib borishni istaydi. Dars jadvali bo‘yicha darslar o‘tilishini tushuntirsam-da, xuddi kerak bo‘lib qoladiganday yaxshi ko‘rgan fanlaridagi darsliklarni ko‘zimni shamg‘alat qilib olishning uddasidan chiqadi. Bir kunda 4-5 soat davom etadigan darslarning kitob va daftarlari, o‘quv qurollari va suvi bilan birgalikda anchayin og‘ir yukka aylanib, endigina yetti yoshga to‘lgan bola uchun og‘irlik qiladi. To‘g‘ri, ba’zida maktabga birgalikda borsak, sumkasini ko‘tarish kaminaning zimmasida, ammo boshqa paytchi? Ho‘sh, endigina unib o‘sib kelayotgan organizm uchun, umrtqa pog‘onasi, sog‘ligi uchun bu og‘ir yuk zarar emasmi? O‘zi o‘quvchi sumkasining og‘irligi darajasi bo‘yicha ma’lum me’yor va qoidalar bormikan? Holbuki, sumkaning o‘zi ham bir necha kilogramm vazn bosadi.
To‘g‘ri, aslida o‘quvchini maktab sumkasi, darslik, daftar va o‘quv qurollarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Barcha anjomlarni joylashda maktab sumkasining xizmati nihoyatda katta. Sumkaning esa qator turlari mavjud va u yelkaga yoki orqa mushakka yukni teng taqsimlab beradi. Albatta, ryukzak deb ataluvchi sumkalar qulay va hech qachon urfda qolmasligi bilan ahamiyatli. Bunday sumkalarning shakliga ko‘proq e’tibor qaratgan holda tanlashga harakat qilamiz. Ko‘proq ixchamroq, kichikroq shakldagi rukzaklarni ma’qul ko‘rsak, farzandlarimizga esa aksi yoqadi. Katta sumkaning og‘irligi ham bor. Bu tomoniga ham e’tibor qaratish kerak-da. Ayniqsa, o‘quvchi undan har kuni foydalanadi.
Katta va og‘ir hajmli sumkani ko‘tarib yurishni, zinadan ko‘tarilib, tushishni, umuman harakatlanishni bir tasavvur qilaylik, bu holat muntazam davom etar ekan, bu bolaning umurtqa pog‘onasi bilan bog‘liq muammolarga yuzlashtiradi. Bu bilan kifoyalanmay, tizza, bo‘yin, yelka va orqa mushaklarni ham zo‘riqtiradi.
Shu sababdan ham birinchi navbatda sumkani yengilligiga e’tibor qaratib, farzandimizning boshlang‘ich sinfligidanoq faqat kerakli kitob-daftarlarnigina olib ketishga odatlantirishimiz kerak. Bola rivojlanishining eng muhim bosqichlari maktab yoshiga to‘g‘ri kelar ekan, og‘ir sumka ularning sog‘ligiga, endigina o‘sib kelayotgan organizmiga zarar yetkazmasin.
Aslida mutaxassislarning fikricha, umumta’lim maktablarida o‘qish jarayoni, tanaffus vaqtlari, o‘quv darsliklarining og‘irligi amaldagi sanitariya qoida va me’yorlari asosida darslik va yozuv materiallarining kunlik to‘plami vazni 1-2-sinf o‘quvchilari uchun 1,5 kilogramdan oshmasligi belgilangan. 3-4-sinflarda esa bu og‘irlik 2, 5-6-sinflarda 2,5, 7-8-sinflarda 3,5 va 9-sinflarda 4 kilogramdan oshmasligi talab etiladi. Ko‘pgina ko‘rsatmalarga ko‘ra, sumka yuki bola vaznining 10-15 foizidan, boshqacha aytganda, masalan, bola vazni 40 kilogramm bo‘lsa, sumkasi 4-6 kilogramdan oshmasligi kerak.
Ba’zi aqlli bolalar o‘zlari qiziqmagan fanlardagi darsliklarni uyda qoldirib, yukini yengillatishni o‘ylar, ammo bu holat o‘sha fanni o‘zlashtirishda qiyinchilik tug‘dirib, o‘qib o‘rganishdan uzoqlashtirib qo‘ymaydimi? Kitobni uyda qoldirish, o‘sha fan o‘qituvchisiga nisbatan hurmatsizlik emasmi? Shunday ekan, sumka tanlayotganda farzandlarimizning injiqliklari va istaklariga emas, ularga qulayligini inobatga olaylik. Sumkalarning qo‘shimcha aksusuar va bezaklariga, g‘ildirak, temirli konstruksiyalariga mahliyo bo‘lmaylik. Ayni jihatlar inobatga olinsa, ortiqcha og‘irlikdan qutilamiz. Axir ortiqcha yuklanish nafaqat jismoniy jihatdan, balki ruhiy holatga ham ta’sir qiladi. Og‘ir yuk sabab bola charchaydi, kayfiyatida xorg‘inlik va tushkunlik yuzaga keladi. Bu esa o‘ziga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqarib, o‘qishga faollikni susaytiradi. Qaniydi maktabda kino va seriallarda ko‘rganimiz kabi har bir o‘quvchi uchun maxsus qulflanadigan yacheykalar (javon) bo‘lsa-yu, o‘quvchi ba’zi buyumlarini o‘sha yerda saqlasa, olib yurishiga hojat qolmasa… qaniydi tinib tinchimagan odamlar bu borada ham bosh qotirib, muammoga munosib yechim topishsa… sizchi, hurmatli ota-ona, farzandingizning yukini yengillatish bo‘yicha jo‘yali taklifingiz bormi?
Sayyora Allayeva