Germaniyada ishlashni istaysizmi?

Date:

Ishsizlik ishsizning o‘zigagina zarar qilmaydi, balki oilaga, jamiyatga, davlatga daxl qiladi. Ha, ishsizlik illatlarga debocha bo‘ladi. Bekorchi odamning oilasida notinchlik, psixologik o‘zgarishlar yuzaga keladi. Jinoyatchilik, huquqbuzarlik, boqimandalik rivojlanadi. Bunday holat bola tarbiyasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ishsizlikning oshishi esa davlatni tanazzulga olib kelishi ham hech gap emas. To‘g‘ri, rivojlangan davlatlar ham bu muammodan holi emas.
Ishsizlik haqida gap ketganda, muammoning ildizini qidirishga tushamiz. Ishsizlar munosib ish, ish beruvchilar esa yaxshi xodim qidirish bilan band. Ammo, tomonlar bilishlari kerakki, xodim birdaniga yaxshi xodim bo‘lib qolmaydi, buning uchun tajriba oshirishi kerak. Yaxshigina oylik maosh olish uchun ham astoydil mehnat qilishga, ter to‘kishga to‘g‘ri keladi. Unutmaylik, tekin sariyog‘ qopqonda bo‘ladi.


Ishlamagandan keyin esa o‘sha kam oylik maosh ham yo‘q, aslida. Birdaniga boyib ketishni orzu qilganlar esa xorijga ketishni eng maqbul yo‘l deb o‘ylashadi. Haqiqatda ish topib ketsa-ku ha-ho‘p. Aks holda odam savdosi qurboni bo‘lishidan ayanchlisi yo‘q. Shu sababdan ham xorijga chiqib, panoh topmoqchi bo‘lgan fuqarolarga bevosita davlatimiz bilan hamkorlik o‘rnatib, ishchi kuchiga ehtiyoji bor ish beruvchilarning talabi asosida taklif etilayotgan ishlargagina e’tibor qaratib, qonuniy yo‘llar bilan ketishlarini tavsiya qilgan bo‘lardik. Germaniya davlati ham turli yo‘nalishlar bo‘yicha ishchi kuchiga ehtiyoj sezib, ish taklif etadi. Oylik maoshi esa hech bir ishsizni e’tiborsiz qoldirmasligi aniq.
Birinchi navbatda aytish kerakki, xorijda, umuman olganda, Germaniyada ishlash, yashash uchun til bilish kerak. Til bilish keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Buni Germaniya misolida aytadigan bo‘lsak, bu davlat Yevropaning qoq markazida joylashgan bo‘lib, nemis tilida gaplasha olish, qit’adagi 28 ta davlatda bo‘lish, ishlash imkonini beradi.


— Germaniya hukumatining 80 ta sohaga ish kuchiga ehtiyoji bor. Bunda hamshiralik (o‘rta tibbiyot xodimasi, feldsherlik), mashinasozlik zavodlariga, mehmonxona va restoranlar, turizm, qishloq xo‘jaligi, qurlish sohasidagi barcha kasblar bo‘yicha mahalliy kasb-hunar kolleji va texnikum diploma mavjud bo‘lgan, qo‘lida kasb-hunari bor fuqarolar munosib nomzod bo‘la oladi, — deydi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligini Surxondaryo hududiy filiali rahbari Hoshim Erdonov. — Buning uchun fuqaro o‘zi yashaydigan bandlik bo‘limlariga murojaat qiladi va va ro‘yxatdan o‘tadi. Shu kunga qadar Surxondaryo viloyatida 2375 nafar fuqaro murojaat qilgan bo‘lib, ularning 1482 nafardan ortig‘i til o‘rganishni boshlagan. Viloyatimizning barcha tumanlarida til kurslari faoliyati boshlangan bo‘lib, nomzodlar til o‘rganishayotir. Til kurslari, uzoqdan kelib o‘quvchilar uchun ijara to‘lovlari ham ish beruvchi tomonidan qoplab beriladi. Til o‘rganib, B1 darajani olgan nomzodlar bir necha oy ichida ishlash uchun litsenziyani qo‘lga kiritgach, nafaqaga chiqqunga qadar ishlash imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
Ayni sohalardan biri bilan tanishadigan bo‘lsak, hamshiralik faoliyatini olib borayotgan xotin-qizlar ham Germaniyaga borib ishlashi mumkin. Germaniyada 2030-yilga borib, 70 mingdan 120 ming nafargacha hamshira yetishmaydi. Nega bunday, degan haqli savol tug‘ilish tabiiy hol, albatta. Nemislar uzoq muddat o‘qishadi, tadqiqotlar qilishadi. Oila qurishga kelganda esa vaqtni biroz o‘tkazib qo‘yishadi. Natijada 1 ta bola bilan kifoyalanishadi. Shu sababdan ham yosh darajasi ancha keksayib borayotgan davlatda tug‘ilish kam. Hamshiralarga, shu kabi ko‘plab sohalarda ishchi kuchiga ehtiyoj yuqori. Xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda ishlovchi kompaniyalar esa ana shu tafovutni to‘ldirishga urinmoqdalar. “Globogate Concept AG” kompaniyasining biznesni rivojlantirish rahbari Johannes Mayer ham ayni maqsadda O‘zbekistonda bo‘lib, ko‘plab manfaatli kelishuvlarga erishishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu kompaniya 8 yildan buyon to‘rt mingga yaqin hamshirani qabul qilib, ish bilan ta’minlagan. Termiz shahridagi Yoshlar markazida “Globogate Concept AG” tashkiloti vakillarining Germaniyaga ishga borish istagi bor o‘rta tibbiyot xodimlari bilan davra suhbati ham hamshiralarni qiziqtirmay qolmadi.


Ammo, bu taklifni eshitgan borki, birinchi navbatda “oilam bunga rozi bo‘lmaydi, ulardan uzoqda ishlay olmayman” degan qat’iy hukm bilan o‘zlari uchun rad javobini berishlari haqiqat. Janob Johannes Mayer ham “Germaniyaga borib ishlashni kim istaydi” deganida ham bir necha kishi ikkilanibgina qo‘l ko‘targan bo‘lsa, davra suhbati yakunida esa ushbu savolga javoban o‘tirganlarning deyarli barchasi ketish istagi borligini bildira oldi. Shunday ekan, eng avvalo, ishlash uchun ketish qarori oilaviy qaror bo‘lishi lozim va rad javobidan oldin taklifning afzalliklariga ham quloq tutgan ma’qul.
Talablar esa ketishga bo‘lgan ishtiyoqni oshirishi aniq. Hamshira o‘z oilasi bilan ketishi, turmush o‘rtog‘i ham o‘z ixtisosligi bo‘yicha ishlashi mumkin. Turmush o‘rtog‘i va oilasining Germaniga chiqishi uchun til bilishi majburligi talabi esa 1-apreldan olib tashlanib, bu qaror rasman kuchga kirishi yana bir qulaylikdan biri deyish mumkin. Ammo, til bilish, ishlash imkonini berishini unutmaslik kerak. Borib ishga joylashgandan keyin esa ota-ona, qayinota-qayinonasini ham chaqirib olish mumkin. Maktabgacha ta’lim muassasasi, maktab va hatto ko‘plab oliygohlarda o‘qish ham mutlaqo tekin. 18 yoshgacha farzandlari bor ota-onalar farzandlarining har biri uchun oyda 250 yevrodan bola puli olishadi. Oylik maosh esa 3000 yevro atrofida.
Ishlashga ketishga ikkilanayotganlar uchun aytishimiz mumkinki, o‘tgan yil davomida 16 nafar surxondaryolik fuqaro hamshiralik, qurilish va servis kabi turli sohalarda ishlash uchun ketgan va munosib shart-sharoitlarda faoliyat olib bormoqda. Germaniya hukumati jozibador mehnat munosabatlarini taklif etadi. Har bir hamshira nemis hamshiralari kabi imkon va sharoitga ega bo‘ladi. Ijara to‘lovi, kunlik xarajatlarni ajratib tashlaganda ham yaxshigina mablag‘ jamg‘arishi mumkin. Qolaversa, har oyda pensiya jamg‘armangiz uchun ham mablag‘ ajratiladi va ketgudek bo‘lsangiz, bu jamg‘arganlaringizni O‘zbekistonga olib ketishingiz mumkin. Nafaqa, sug‘urta, ta’til va butun ish jarayoni davomida qo‘llab-quvvatlanish. Bunday sharoitda nafaqaga chiqquncha yoki umrbod Germaniyada qolish mumkin.

O‘zbek xalqi bolajon xalq. Hamshira ishlash davomida farzand kutayotgan bo‘lsa, ishida yengilliklar berilishi bilan birga dekret ta’tilida dekret puli olishi, ham maosh saqlanishi kishini quvontiradi. Germaniyada dekret ta’tili emas, ota-onalik ta’tili nomi bilan ataluvchi ta’tilda ota ham dekretga chiqadi. Eshitganda g‘alati tuyiluvchi bu holat aslida farzand tarbiyasida, bolani ulg‘aytirishda otaning ham ona bilan bir xil mas’uliyat bilan qarashi lozimligi anglashiladi. Qolaversa, bu 2 yil davomida ota-ona almashib ishlashi mumkin degani. Ha aytgancha, 5 yil Germaniyada muqobil yashaganga fuqarolik beriladi.
— “Globogate Concept AG” tashkilotining Kolumbiya, Filippin va O‘zbekistonda malakali jamoasi ish olib bormoqda va biz axloqan to‘g‘ri ishga jalb qilish bilan shug‘ullanamiz, ya’ni axloq qoidalariga mos, — deydi janob Johannes Mayer. — Biz ishonchli va qadrlovchi sifat belgisiga egamiz. Bu nimani anglatadi? Bu shaffoflikni taqdim etadi. Shart-sharoit, aniq ish joyi, qolaversa, oylik ma’oshi ham ma’lum qilinadi. Hujjat ishlari, viza, bilet xarajatlari esa kompaniyamiz tomonidan qoplanadi.
Yaxshi dam mehnatga hamdam deyishadi. Germaniyada ishlash davomida xordiq chiqarishni ham unutmaysiz. Mamlakat shimolida Shimoliy dengiz va Boltiq dengizi, janubda esa Alp tog‘lari sizni o‘ziga chorlagandek bo‘ladi. Mananiyati, boy tarixi esa qiziqishlaringizni yanada oshiradi. Tarixiy shaharlar, shohona saroylar aylanish uchun, taassurotlar olish uchun unutilmas fursatni taqdim etadi. Yevropa bo‘ylab sayohatga otlanasizu o‘zingiz uchun bu olamni yangitdan kashf etasiz. Futbol millati hisoblanmish davlatda ko‘plab taniqli futbolchilar yetishib chiqqan. Futbol o‘yinlarini jonli kuzatish imkoni tug‘ilishi ham hech bir futbol ixlosmandini e’tiborsiz qoldirmaydi. Yana bir gap, yo‘l-yo‘lakay taksi chaqirsangiz, Merdenes benz sizni kutayotgan bo‘lsa hayron qolmang, nemis brendi bo‘lgan mashina markalari har doim xalq xizmatida. Nemislar bayram qilishni hush ko‘rishadi. Shuning uchun ham ularda to‘rt emas, besh fasl, ya’ni karnavallar fasli ham bor. Germaniyada ishlash bahonasida sayru sayohat uchun ham ana shunday imkoniyatlarga ega bo‘lasiz. Buning uchun uzoq yillar yig‘inishingiz yoki yetib bo‘lmas orzu sifatida qarashingiz ham shart emas. Shunchaki orzularingiz sari muhim qadamni tashlashga cho‘chimaslik lozim.

Sayyora ALLAYEVA,
Doniyor XOLMO‘MINOV
(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Xitoy bilan sanoat loyihalari amalga oshiriladi

Surxondaryo viloyati hokimligida Ulug‘bek Qosimov Xitoy Xalq Respublikasining “Hebei...

QOZOG‘ISTONDAN MEDAL BILAN…

Mehnat va izlanish, albatta, o‘zining ijobiy natijasini beradi. Buni...

Necha sotixgacha bo‘lgan yerlarga mulk va ijara huquqi rasmiylashtirib beriladi?

Yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi...

Ziqna zaqqum

Kiyimlarining oxori to‘kilib, eskirib ketgan ayol, eriga yolvordi: "Jon...
KunTun
KunTun