Bundan besh-olti yillar oldin Surxondaryo haqida gap ketganda, ko‘pchilikning ko‘z oldida, eng avvalo, agrar sohaga ixtisoslashgan, sanoati yaxshi rivojlanmagan hudud gavdalanardi. Biroq eski tasavvurlarni yangisiga almashtirish vaqti keldi. Endilikda vohada ishlab chiqarish, sanoat, eksport tobora yuksalib borayotganini dadil turib ayta olayotganimiz rost.
Eksportyor korxonalar faoliyatini o‘rganish, hayotga tatbiq etilayotgan loyihalarni ko‘zdan kechirish, shuningdek, ishchilar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan tanishish maqsadida Termiz tumanida faoliyat yuritayotgan “Termez national carpets” (“Termiz milliy gilamlari”) korxonasiga tashrif buyurdik.
Germaniya, Belgiya, Turkiya kabi davlatlardan keltirilgan texnologiyalar bilan jihozlangan korxonada uskunalar avtomatlashtirilgan tizim asosida ishlaydi. Ishchilar ham ortiqcha ovoragarchiliksiz, og‘ir yuklarni ko‘tarmasdan, faqatgina avtomatik tizimdagi jarayonlarni nazorat qilib turishadi. Eng muhimi, energiya tejamkor texnologiyalar joriy etilgan.
Gilam ishlab chiqarishda zarur bo‘ladigan 70 foizdan ortiq xom ashyo mahalliylashtirilgan. Xususan, Polipropilen xom ashyosi Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Uz-Kor Gas Chemical” korxonasidan xarid qilinadi. 30 foiz esa Turkiya va Bangladeshdan olib kelinmoqda.
2022-yilning avgustida ishga tushirilgan ushbu korxonaning loyiha qiymati 20,2 million Yevro, tadbirkorning o‘z mablag‘i 58,6 milliard so‘m, bank krediti 15,5 Yevroni tashkil etadi. Yillik gilam ishlab chiqarish quvvati 2 160,000 kv.m
Korxonada 4 ta yirik gilam to‘qish uchun mo‘ljallangan stanok mavjud bo‘lib, har bir stanokda bir sutkada 1500-2000 kv.m gilam ishlab chiqrish quvvatiga ega. Biroq ayni paytda ishlab chiqarishni eksportdagi talabga va mahalliy bozor ehtiyojiga qarab ishlab chiqarilmoqda. Ishlab chiqarilayotgan gilamlar, asosan, Tojikiston davlatiga eksportga yo‘naltiriladi.
“Termez national carpets”da ish qizg‘in. Ishlab chiqarish jarayonlari bilan bizni korxonaning sun’iy tola ishlab chiqarish bo‘limi rahbari Kamol Alimov tanishtirdi. Mehmonxonayu uylarimiz, dahlizu ayvonlarimizga ko‘rk berib turgan, yursangiz oyog‘ingiz yayraydigan qalin va zamonaviy gilamlar oddiygina granulalardan, to‘g‘rirog‘i, neft tarkibidan ajratib olinadigan polipropilen moddasidan tayyorlanashini ko‘rib hayratimiz oshdi. Kim uchundir keraksizdek tuyulgan mitti-mitti granulachalar zamonaviy texnologiyalar, mutaxassislarning tajribasi, tadbirkorning uddaburonligi tufayli hashamatli gilamga aylanayotganining o‘zi bir qiziq jarayon.
Qisqa muddat ichida korxonada ishlab chiqarilayotgan biri-biridan ajoyib va sifatli gilamlarni ko‘rgan kishi bir paytlar qarovsiz, foydanilmasdan yotgan suvsiz joylarda ana shunday mahobatli va zamon talablariga javob beradigan korxona qad rostlagani, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlari xorijiy davlatlarga eksport qilinayotganiga ishongisi ham kelmasa kerak.
Sobirjon Rahmonovning tashabbusi bilan ish boshlagan mazkur korxonada bugun 120 nafar qorako‘z doimiy ish bilan band, ro‘zg‘origa ushbu korxona orqali baraka kirayotganidan, qolaversa, qayerga borib, bir-ikki so‘m topib kelsam, qaysi ishning boshini tutsam ekan, deya bosh changallab o‘tirishga-da hojat qolmadi. Ustiga ustak, oilasi yonida barcha shart-sharoitlarga ega korxonda, ishlab chiqash jarayonida faol ishtirok etib, o‘zini kerakli mutaxassis his etib yashayotganidan ishchilar mamnun. Ishchilar uchun ham uch mahal issiq ovqat tashkil etilgan, uzoqdan qatnab ishlaydiganlar uchun esa yotoqjoy ham mavjud. Ishchilar malakasiga keladigan bo‘lsak, ishsiz yigit-qizlar avvaliga ikki oylik muddatga bir yarim million oylik bilan ishga olinadi, ham ish o‘rgatiladi, uskunalarda ishlash yo‘l-yo‘rig‘i o‘rgatilib, tayyor mutaxassisga aylangach, bajarayotgan ishiga qarab, oylik maoshi ko‘payadi. Ikki smenalik ish tashkil etilgan bo‘lsa-da, ishchilarni olib borish, ishga olib kelish uchun avtobus xizmatga shay.
Gilamlarga naqsh bosishda ham zamonaviy texnolgiyalardan foydalanilgani qiziq. Turkiyalik mashhur dizayner Deniz Yalchin kompyuterda avtomatik tarzda gilamlarga gul bosadi, ushbu jarayonni o‘rganishga ishqiboz, qolaversa, turkiyalik mutaxassis yurtiga qaytib ketsa, uning o‘rnini bosib, ishini davom ettirish uchun ishchilardan 4 nafari shogirdlikka tushgan. 23 yoshli Xolmurod Suyunov ham qisqa muddat ichida Deniz Yalchin ishini o‘rganib, mustaqil ravishda gilamlar dizaynini yaratayotgani quvonarli. O‘zi kamtar, lekin ishiga pishiqqina Xolmurod qo‘lida hech bir hunarsiz, ishsiz yurgandi. Korxona ochildiyu u ham ishlash istagida mas’ullarga yuzlandi. Ish so‘rab kelganga eshigini katta qilib ochib qo‘ygan korxona mas’ullari ish o‘rganishi uchun turkiyalik dizaynerga shogirdikka qo‘yishdi. Ham ish o‘rgandi, ham oylik maosh bilan ta’minlandi. Ishning ustasiga aylangan Xolmurod singari yuzlab yigit-qizlarni ushbu korxona haqiqiy mutaxassislarga aylantirayotir.
Granuladan gilamgacha…
Uyimiz uchun gilam sotib olishga borganimizda, rosa deguncha tanlaymiz, birining rangi yoqmasa, birining sifatiga o‘zimizcha baho bergan bo‘lamiz. Biroq hech o‘ylab ko‘rmaymizki, bir qarashda xaridorining e’tiroziga sabab bo‘ladigan yoki nozikkina “didiga o‘tirmaydigan” har bir gilamni ishlab chiqarish o‘ziga xos mashaqqat va mehnat natijasida, mutaxassislarning peshona teri singib tayyor holatga keltiriladi. “Termez national carpets”da bunga to‘laqonli amin bo‘ldik. Biroz gilam ishlab chiqarish texnologiyasi bilan qiziqib, jarayonni kuzatdik. Avvaliga xom ashyo granula ko‘rinishida bo‘lib, uni bug‘da eritilib, qayta ishlanadi. Erigan granulalardan kalava ip ishlab chiqariladi. Iplarga ma’lum miqdorda, ehtiyojga qarab, bo‘yoqlar ham qo‘shiladi. Bir sutkada 15 ming tonna ip tayyorlash imkoniyatiga ega ushbu stanokdan keyingi bosqichga o‘tkaziladi. Ming kvadrat metr gilam to‘qishga moslashgan uskunaga iplab qo‘yilib, avtomatik tarzda gul maketlari bosilgach, 400-500 metrli gilam lentalari tayyorlanadi. Lentalardan gilam to‘qila boshlaydi. To‘qilgan gilamlarni esa patlari to‘kilib, sitilib ketmasligi uchun Belgiyadan keltirilgan maxsus stanok yordamida gilamning orqa qismiga lateks bilan ishlov beriladi. Keyin esa tayyor holatdagi gilamlar qadoqlanadi.
Bir qarashda oddiygina tuyuladigan ushbu jarayonlar aslida murakkab. Ishchilar har bir jarayonni nazorat qilib turishadi.
Korxonani kengaytirish maqsadida yana bir loyiha boshlab yuborilganki, ushbu loyiha chiqindilardan, ya’ni polietilen paket, baklashkalardan sentafon ishab chiqarishga mo‘ljallangan. Ham chiqindi qayta ishlanadi, ham korxona qoshida tashkil etilgan palos zavodiga xom ashyo sifatida foydalaniladi. Eng muhimi, tag‘in 100 dan ortiq yigit-qizlar ish bilan ta’minlanadi.
Zamonaviy gilam qidirib olis hududlarga yoinki chet elga borishga aslo hojat yo‘q. Koroxnaning o‘zida hattoki, ishlab chiqarilayotgan narxida, “ikkinchi, uchinchi qo‘l” aralashuvisiz, gilamlarni mahalliy aholi bemalol xarid qilishi uchun gilam xarid qilish imkoniyati mavjud.
Adolat MO‘MINOVA