Radiodagi amaki

Date:

– Mana shunday yoqimli taronadan keyin a’lo kayfiyatni saqlab qolgan holda dasturlarimizni davom ettiramiz…
Radioboshlovchi shunday deb oraga bir necha soniyalik musiqa qo‘shdi va bu orada boya tutatgan sigaretasidan yana bir tortib oldi.
– Demak, bizda yaqinlariga salom yo‘llashni niyat qilgan yana bir tinglovchimiz bor, – davom etdi va unga qo‘ng‘iroq borligini ishora qilgan operatorga bosh chayqab. – Ular bilan tanishamiz. Assalomu alaykum!
– Assalomu alaykum, radiodagi amaki…
Salomiga qo‘ng‘iroqdek yoqimli, chamasi to‘rt-besh yoshlardagi qiz bolaning ovozi shunday alik oldi. Boshlovchi shu zahoti unga iljayib turgan operatorga qaradi-yu, qo‘llarini ikki yonga cho‘zib: “Bu nimasi?” degandek ishora qildi. Operator ikkala qo‘lini “to‘pponcha” qildi-da, bir ko‘zini qisib go‘yo boshlovchiga bir necha marta o‘q uzgandek qilib: “Bopladimmi?” degandek taassurot uyg‘otdi.
– Allo, amaki?
Qizchaning ovozi boshlovchini sergaklantirdi.
– Allo, allo, qizaloq, yon-atrofda kattaroq kishilar bormi? Aka-opang, ota-onang?
– Yo‘q, uyda hech kim yo‘q. Qo‘shnimiz menga qarab turgandilar uylariga chiqib ketdilar. Men ularning telefonlaridan qo‘ng‘iroq qilyapman…
– Ha, mayli, – ensasi qotgan bo‘ldi boshlovchining. – Kimga salom yo‘llamoqchisan?
– Oyimga.
– Yaxshi, oying qayerdalar?
– Menga uka olib kelgani ketgandilar. Haliyam qaytmadilar.
Boshlovchining yuziga tabassum yugurdi.
– Hali uka topolmagandir-da.
– Yo‘q! – qat’iy ohangda gapirdi qizaloq. – Ukam kecha keldi. Ammo, oyim kelmadilar…
Boshlovchining yuzidagi tabassum asta yo‘qolib, qoshlari ham chimirila boshladi. Qizaloq esa so‘zida davom etdi:
– Ukamni dadam olib keldilar. Ular qaydan topganlarini so‘ray olmadim. Meni dadamning oldiga kiritishmayapti. “Bezovta qilma, o‘zi ahvoli og‘ir!” deyishadi. Oyimni so‘rasam ham hech kim javob bermaydi, meni quchoqlab olishadi. Yig‘lab ham berishadi.
Boshlovchi kresloga suyanib oldi, u ko‘zlarini bir nuqtaga tikkancha, qoshlari chimirilgan holda qizchaning gaplarini diqqat bilan tinglardi.
– Siz doim hammaning salomini boshqalarga etkazasiz. Mening ham oyimga salomimni etkazing! Ukam kelganini ayting! Ular hali ham qidirib yuribdilar, shekilli.
Boshlovchi javob bermadi. U hamon o‘sha holatda o‘tirardi.
– Allo, amaki. Salomimni yetkazasizmi?
– Qizaloq, – ovozi kutilmaganda titrab ketdi boshlovchining. – Men sening gaplaringni oyingga yetkaza olmayman. Kechir!
– Nega? – yig‘lamsirab so‘radi qizcha. – Nega endi yetkaza olmaysiz?
– Chunki bizning radioto‘lqinlar oying ketgan joylargacha yetib bormaydi. Ammo… – boshlovchi yigit bo‘g‘ziga tiqilgan yig‘i sababmi, gapirishga qiynala boshladi. – Ammo, sen o‘zing yetkazishing mumkin. O‘rgataymi?
– O‘rgating! O‘rgating! – quvnab ketdi qizcha.
Boshlovchi xuddi sirdoshiga gapirayotgandek taraddudlanib, past ovozda gapira ketdi:
– Har kuni uxlashga yotganingda, xonada sendan boshqa hech kim qolmaganida, yaxshilab o‘rnashib olgin-da: “Ey Xudo, hozir oyim sen bilan, iltimos, bu gaplarimni oyijonimga etkaz!” deb hamma gaplaringni ayt! Ishonaver, oying seni, albatta, eshitadi.
– Rostdanmi? Javob ham qaytaradilarmi?
– Yo‘q, ammo astoydil gaplashsang, tushingga kirishlari mumkin.
Qizaloqning shodon hayqirig‘i eshitildi. Boshlovchi tovush chiqarmay yig‘lay boshladi.
– Qoyil, rahmat sizga amaki, rahmat. Bugunoq oyimga shunday qilib xabar jo‘nataman. Rahmat sizga…
– Qizaloq… – bo‘g‘iq ovozda yana gap boshladi boshlovchi. – Endi men ham sendan bir narsa iltimos qilmoqchiman.
– Mayli, iltimos qiling! – quvnoq ovozda javob berdi qizcha.
– Oying bilan gaplashib bo‘lgach… Oying bilan gaplashib bo‘lgach, radiodagi amakingning o‘g‘liga ham ikki og‘iz gapni yetkazib qo‘yasanmi? U ham oying ketgan yoqda hozir.
– Ha, albatta yetkazaman. U ham o‘ziga uka olgani ketganmidi?
– Yo‘q… U shunchaki muzqaymoqqa ketgandi…
Boshlovchini yana yig‘i tuta boshladi.
– Muzqaymoqqa? Ha mayli, unga nima deb qo‘yay?

– Unga… – borgan sari gapirishga qiynala boshladi boshlovchi. – Unga “dadang bilan oying seni judayam yaxshi ko‘rishadi” de. Juda sog‘inganimizni ham. Keyin… Tushimizga ham tez-tez kirib tursin. “Dadang o‘sha kuni uyga muzqaymoq olib kelishni unutgani uchun haliyam afsus chekyapti”, deb ayt…

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Odamlar

Qish. Shahnoza egilibgina avtobusga chiqdi. Bo‘ylari uzun, ko‘hlikkina bu...

Tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Tahliliy va tadqiqotchilik faoliyatini tashkil qilish...

Ipoteka krediti takror moliyalashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasining 12.02.2025-yildagi O‘RQ-1028-son Qonuni bilan ayrim qonun hujjatlariga...

Bolalar maydonchasi o‘rnida

Ko‘p qavatli uylarning hovlisida bolalar maydonchasi ham quriladi. Ayni...
KunTun
KunTun