Mehnat bilan topganing, qandu asal totganing deya bejiz aytilmagan. Xoh yosh, xoh yoshi katta bo‘lsin, insonning muqim ish joyiga, daromad manbayiga ega bo‘lishi turmushi chiroyli, oilasi farovonligi garovidir. Shuning uchun ham yoshlarni ish bilan band etish va shu orqali kelajakimiz davomchilarining hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish mutasaddilarning e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda. Ayniqsa, oliy dargohni tamomlab, katta hayotga “uchirma” bo‘layotgan bitiruvchi talaba-yoshlarning ishga joylashishi borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasini bermoqda.
Bugungi yoshlarga o‘qish ham, ishga joylashish ham muammo bo‘lmay qoldi. Ilgari biror idoraga ishga joylashish uchun eshikma-eshik sarson yurish holatlari bo‘lardi. Hujjatbozlik, ha deganda ish topilavermasligi esa bo‘lajak kadrni sindirardi yoki xorijga ketishga majbur qilardi.
Biroq bugun tamomila boshqa zamon, boshqacha shart-sharoitda yashayotgan, o‘qib ta’lim olayotgan yoshlar hali ta’lim sirlarini egallayotganidayoq ishga joylashish va o‘zi, oilasi uchun daromad topish, o‘rganayotganlarini amaliyotda qo‘llash imkoniyati yaratildiki, ko‘plab talabalar ham o‘qib, turli xil korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgani ham ayni haqiqat.
Joriy yil Termiz davlat universitetini 6 ming 309 nafar talaba bakalavr bosqichini yakunlamoqda. Shundan 841 nafarini magistrlar tashkil etadi. Bitiruvchi yigit-qizlarni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari bilan ta’minlash, ularni mehnat bozoridagi kasblarga yo‘naltirish borasida sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Termiz davlat universitetida viloyat Prokuraturasi hamda viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi hamkorligida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Ushbu mehnat yarmarkasida 180 dan ziyod korxona, tashkilot va tadbirkorlik subyektlari 1300dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Mehnat yarmarkasida 60 nafar fuqaro va talaba haq to‘lanadigan ishga, 50 nafari kasb-hunarga yo‘naltirildi. Bundan tashqari, 290 nafar ishsizga huquqiy maslahat berildi.
— O‘qituvchi bo‘lishni, jajji bolajonlarga saboq berib, ilmu urfon sirlarini o‘rgatishni dilga tugib, universitetga o‘qishga kirgandim, — deydi yarmarkada ishtirok etayotganlardan biri. — Bugungi yarmarkada ko‘plab ish o‘rinlari borligini ko‘rib, rosti quvondim. Tengqurlarim maktablarda faoliyat yuritayotganiga havas qilardim. Endi men ham bemalol ishga joylashib, yoshlikdagi orzuyimni amalga oshiraman.
Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida universitetning barcha fakultetlari o‘zlari uchun ajratilgan joylarda talabalarning ijodiy ishlari, yutuqlari aks etgan ko‘rgazma ham tashkil etilgan bo‘lib, ushbu ko‘rgazmada oliy ta’lim dargohida yo‘lga qo‘yilgan to‘garaklar faoliyati ham aks etgan.
O‘zlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etayotgan korxona va tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlari mutasaddilari ham zamon talablariga mos, iqtidorli, xorijiy tillarni puxta egallagan, o‘z sohasini mukammal o‘zlashtirgan kadrlarni safida ko‘rishni istaydi, albatta. O‘z navbatida ko‘plab bitiruvchi talaba-yoshlar bu kabi mehnat yarmarkalaridan unumli foydalangan holda munosib deb topgan va munosib deb topilgan ish o‘rinlariga joylashgani quvonarli bo‘ldi.
— Universitetning birgina tarix fakultetini bu yil 126 nafar bitiruvchi tamomlayotgan bo‘lsa, shundan 39 nafari o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ishlab kelmoqda, — deydi Termiz davlat universiteti tarix fakulteti dekanining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Abdulhakim Bo‘ronov. — Ushbu mehnat yarmarkasidan ham umidimiz katta. Chunki hali ishga joylashib ulgurmagan bitiruvchi talabalarimizni ham muqim ish o‘rniga ega bo‘lishida bundayin yarmarkalarning ahamiyati yuqori.
Yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimi, deya ta’riflanayotgan bugungi kun islohotlaridan yoshlar mamnun va ertasidan ko‘ngli to‘q ekani kishiga motivatsiya beradi, yanada ruhlantiradi. Ishga joylashib, jamiyatda kerakli kadr bo‘lishing uchun barcha imkoniyatlar eshigini ochib berilayotganini dildan his qilish, ertangi kunimizga ishonch ug‘otibgina qolmay, sidqidildan mehnat qilib islohotlarga “labbay” deb javob berishga undaydi.
Adolat MO‘MINOVA,
Naimullo MUHIBULLOYEV,
(surat)