Salkam 90 yillik faoliyati davomida Surxondaryo viloyat musiqali drama teatri mamlakatimiz sanʼati rivoji yo‘lida benazir hissa qo‘sha olgan ko‘plab atoqli sanʼat namoyondalarini yetishtirib bergan ulug‘ dargohlardan sanaladi. Xuddi shunday ijodkorlardan biri, ijro etgan yuzga yaqin rollari hamda bir necha o‘nlab sahnalashtirgan spektakllari orqali sanʼat ahli va tomoshabinlarning yuksak eʼtirofiga sazovor bo‘lib kelayotgan inson – viloyat musiqali drama teatri bosh rejissyori Farhod Boltayevdir.
Sahnani – mehrob, ijod qilishni esa ibodat qilish bilan barobar, deb biladigan Farhod Boltayev uchun sanʼatda fidoyilik — iymon hamda eʼtiqod masalasidir. F.Boltayevning botini hamda zohirida birdek aks etgan ushbu haqiqat mana uzoq yillarki, sahnalashtirgan spektakllarining sahnadagi talqinida to‘la namoyon bo‘lib kelmoqda. Jumladan, Farhod Boltayev talabalik davrining ilk yillaridayoq “Nomi o‘chsin” spektaklida yaratgan Gerastrat obrazi orqali o‘z mahoratini namoyon etib, ustoz hamda tengdoshlarining olqishiga sazovor bo‘lgan, keyinchalik talabalar orasida “Gerastrat” laqabi bilan mashhur bo‘lgan edi.
O‘ziga nisbatan talabchan F.Boltayev o‘z ustida ishlash, o‘qib-o‘rganish, izlanishda davom etib 2000-yilda oliygohda o‘tkazilgan “Talaba yoshlar ijodiyoti” 1-festivalida “Eng yaxshi erkak roli ijrochisi” nominatsiyasi g‘olibi, 2001-yilda o‘tkazilgan “Talaba yoshlar ijodiyoti” 1-festivalida esa “Yilning eng yaxshi talabasi” deb topildi.
Shuningdek, 2000-yil Qozog‘iston Respublikasining Almata shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro yosh kino rejissorlar festivalida “Ot egasi” filmidagi Inot obrazi, 2005-yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan yosh rejissorlarning “Debyut-1” festivalida “Xazon bo‘lgan umrlar” spektaklidagi Nazirjon obrazi talqini uchun “Eng yaxshi dramatik aktyor” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritib, lauriyat bo‘ldi.
2011-yilning Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan 2-Xalqaro teatr sanʼati festivalida F.Boltayevning “Ona” spektaklidagi yaratgan “O‘g‘il” obrazi ijrosi festivalning “Erkak rolining eng yaxshi ijrochisi” nominatsiyasiga loyiq topilishi, uning uchun sanʼat olamidagi yangi davrni boshlab berdi.
Yuqoridagi kabi ko‘plab samarali mehnatlari inobatga olinib, F.Boltayev 2018-yilda Shuhrat” medali bilan taqdirlangan bo‘lsa, 2020-yilda zimmasiga yanada yuksakroq masʼuliyat, sharafli hamda mashaqqatli vazifa yuklandi: F.Boltayev nafaqat mamlakatimiz miqyosida, hatto dunyo mamlakatlari teatrlari orasida ham nufuzga ega viloyat musiqali drama teatriga bosh rejissyor etib tayinlandi. Mazkur tayinlov voha teatr tarixida o‘ziga xos yangi davrning boshlanishiga sababchi bo‘ldi. Yangi davr – yangicha ruh, yangicha g‘oya va zamonaviy qarashlar asosida sahnalashtirilgan o‘nlab spektakllar teatr repertuarini boyitdi.
Tashabbuskor, o‘ziga hamda teatr aktyorlariga nisbatan talabchan, izlanuvchan, teatr sanʼati borasida katta tajriba, bilimga ega, salohiyatli aktyor-rejissyor F.Boltayev tomonidan sahnalashtirilayotgan spektakllar yuqori badiiy salohiyatga ega ekanligi bilan tomoshabinlar hamda teatrshunoslarning alohida eʼtirofiga sazovor bo‘la boshladi. Albatta, zamirida olam-olam zahmat-mashaqqatli mehnat yotgan ushbu yutuqlar provardida o‘z hosilini berdi.
Yaqinda, yaʼni 2023-yilning 15-aprel “Madaniyat va sanʼat xodimlari kuni” munosabati bilan Madaniyat va turizim vazirligi Farhod Boltayevni “Madaniyat va sanʼat fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirladi.
Biz – teatr jamoasi Farhod Boltayevni ushbu yuksak mukofot bilan qutlab, uning ijodiy faoliyatiga yanada yuksak parvozlar tilab qolamiz!
Aminmizki, Janub gavhari bo‘lmish Surxon vohasi madaniyat hamda sanʼat olamida bo‘y ko‘rsatgan ushbu iqtidor o‘zining jozibakor salohiyati bilan dunyo sanʼat olami osmonida ham yo‘lchi yulduz kabi porlaydi.
Muyassar QORAQULOVA,
Xalq deputatlari Surxondaryo
viloyati Kengashi deputati,
Surxondaryo viloyat musiqali
drama teatri direktori