Mirzo Ulugʻbekning vohalik vorislari kim bo‘ldi?

Date:

Termiz shahridagi “San’at saroyi” sahnasida qalbida bir o‘zgacha hayajon, o‘ziga bo‘lgan ishonch va kelajagi tomon qo‘yilgan aniq maqsad va rejalar bilan 75 nafar iqtidorli yosh o‘zlari yaratgani innovatsion loyihalari taqdimotini qilib berishdi. Biri cho‘l-u biyobon, qaqrab yotgan, o‘zlashtirilmasdan kelinayotgan yerlarda yuqori hosil beradigan pistaning navi haqida berilib so‘zlasa, biri oʻquv kurslari, turizmni rivojlantirish, plastik chiqindilardan suyuq yoqilgʻi olish, robot mashina, giotermal energiya, harbiylar uchun issiq patakli oyoq kiyim loyihasi, biologik faol qoʻshimcha, oliy ta’limning beshta ustunligi, zamonaviy eko maktab, vakuumli energiya, maishiy chiqindilardan plastik kartalar ishlab chiqarish shuningdek, oddiygina telefon qurilmasi orqali chinakamiga dastur yarata olish kabi yangicha loyihalar bilan hakamlarning diqqatini tortishga intilayotganini, yana boshqa bir ishtirokchilarning yangicha ixtirolari haqidagi taqdimotini bir chetda kuzata turib, rosti, quvonmaslikning imkoni yo‘q.


Demak, bizda ham bilimdon, ixtirochi, fanni sevadigan, yaratuvchilikka o‘zini bahshida etib, vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib, O‘zbekistonni innovatsion davlatga aylantirishga qodir yigit-qizlarimiz borligidan g‘ururlandim. Biroq ishtirokchilardan biri – Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Termiz shahar 3-son ixtisoslashtirilgan maktabi o‘quvchisi O‘ktam Tojiyev o‘zi yaratgan dastur haqida so‘zlay turib, “yaqinda bir tanlovda ishtirok etdim, 50 dan ortiq tengdoshlarim orasida birinchi o‘rinni egalladim. Bundan xursand bo‘lolmadim. Nega desangiz, tengdoshlarimning tuzuk-quruq birorta ham dastur yarata olishmagani, hattoki IT markazida tahsil ola turib ham hech bir natija ko‘rsata olmagani meni o‘yga toldirdi, deydi. — Yoshlarda ITga bo‘lgan qiziqish past, chinakam ixlosmand, dasturchi bo‘lishni istovchi yoshlarda esa mobil qurilma yoki kompyuterning o‘zi yo‘q. Men aynan shuning uchun ham oddiygina mobil telefon orqali masofadan turib, onlayn tarzda dasturlashni o‘rgatadigan bepul dastur yaratdimki, viloyatimizning qayerida istiqomat qilishidan qat’iy nazar bemalol dasturlashni o‘rganishlari va o‘zlarini ITda sinab ko‘rishlari mumkin.
Yosh dasturchi yoshlarni ilm-fanga, innovatsion loyihalarga qiziqtirishda “Mirzo Ulug‘bek vorislari” ko‘rik-tanlovining ahamiyati yuqori ekanligini alohida ta’kidlaydi.


Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-yanvardagi “Iste’dodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasi faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, 2022-yildan boshlab, har yili fevral-mart oylarida “Mirzo Ulugʻbek vorislari” respublika tanlovining tuman (shahar), aprel oyida viloyat hamda may oyida respublika bosqichlari oʻtkazib borilishi hamda unda 16-25 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar ishtirok etishi belgilab qoʻyilgan. Qarorga asosan tanlovning tuman (shahar) bosqichlarida gʻolib boʻlgan 5 nafardan ishtirokchi BHMning 5 baravari miqdorida, ya’ni 1,5 million soʻm, viloyat bosqichida 20 nafar ishtirokchi BHMning 10 baravari, ya’ni 3 million soʻm hamda respublika bosqichida 100 nafar ishtirokchi BHM 20 baravari, ya’ni 6 million soʻm miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanishi belgilab qoʻyilgan.
— “Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovida ishtirok etish uchun viloyat boʻyicha jami 1 745 nafar yosh roʻyxatdan oʻtdi – deydi viloyat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshligʻi Sh.Kichkilov. — Ularning 1098 nafari dastlabki IT-test sinovidan muvaffaqiyatli oʻtdi. Tanlovning tuman (shahar) bosqichlarida jami 253 nafar yosh ishtirok etib, baholash komissiyasi xulosasiga koʻra 75 nafari, ya’ni har bir hududdan 5 nafardan ishtirokchi gʻolib deb topilib, viloyat bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.
Intellektual musobaqa davomida yoshlarimiz oʻzaro bilim va tajriba almashib, fikrlari bilan oʻrtoqlashishlari, yangi doʻstlar orttirishlari, taqdimotlar vaqtida bir-birlarini qoʻllab-quvvatlab turishlariga ishonaman.
Tanlovda ishtirokchilarning loyihalar taqdimoti komissiya a’zolari tomonidan belgilangan tartibda, baholash Mezoni asosida baholab borildi. Ushbu intellektual tanlovdan koʻzlangan asosiy maqsad viloyatimizning bilim olishga intilayotgan iqtidorli yoshlarini qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida realizatsiya qilsa boʻladigan, oʻzbekistonliklar farovonligini oshirishga xizmat qiladigan innovatsion loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashishdan iborat.
Bugungi tanlovda koʻpgina iqtidor egalari kashf etildi va bu ular uchun tayanch nuqtasi boʻlib xizmat qildi, desak mubolag‘a bo‘lmas. Tanlov yakunida 20 nafar bilimdon yosh g‘olib deb topilib, taqdirlangan bo‘lsa, ular uchun tanlovning respublika bosqichiga borib, bilimlarini namoyon etishlariga zamin yaratiladi.
Darhaqiqat, ilm insonning kelgusi yo‘llarida bir nur kabi yorituvchi yo‘lchi yulduz kabidir. Fikrlash esa insonni buyuk maqsadlar tomon eltuvchi mmisoli bir ko‘prikdir. Fikrlayapmizmi, demak, yashayapmiz. Har qanday g‘oya ham loyiha ham inson miyasi mahsuli hisoblanadi shunday ekan. Bugungi yoshlarga qarata shuni ayta olamanki, miyani qiynash kerak, yaratuvchi bo‘lish va izlanish, o‘zini qiynab ilm o‘rganish kerak. Ana shundagina chinakamiga Ulug‘bekka, voris bo‘lgulik avlod ekanligimizni isbotlaymiz.

Adolat MO‘MINOVA,
Naimlullo MUHIBULLOYEV
(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Migrantlar mahalladoshiga skuter sovg‘a qilishdi…

Azal-azaldan yurtimizda mahalla-ko‘y orasida qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ orasida mehr-oqibat, sahiylik,...

“Bobotog‘ yoshlari festivali” o‘tkazildi

Yoshlarning har daqiqasi foydali va munosib o‘tishi kerak. Oltinga...

Kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylandi

Kambag‘allik ishsizlik, bekorchilikdan, birinchi qadamni tashlashga cho‘chishdan kelib chiqadi....

Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlasak…

Bugun negadir ajrimlar, oilaviy nizolar haqida bot-bot to‘xtalamiz. Muammoning...
KunTun
KunTun