“Yashil makon”ga aylantirish payida

Date:

Ona zamin mo‘jiza-yu ajoyibotlarga to‘la. Uni ko‘ra olib, his qilolsangiz, anglasangiz, u sizga sirlarini bir-bir ochayotgandek. Tabiatimizga, yashab turgan muhitimizga nisbatan qanday kayfiyatni shakllantirsak, natija ham shunga yarasha bo‘ladi. Mehr, e’tibor bersak, e’tiborimiz ortig‘i bilan samara beradi. Zolimlarcha harakat qilib, uni vayrona holatga keltirsak, xuddi shunday munosabat o‘zimizga qaytajak. O‘zidan yaxshi nom qoldirmoqni niyat qilgan kishi uch amalni bajarishi shart. O‘sha amallarning biri hamda eng asosiysi ko‘chat ekish, uning daraxt holiga kelib, meva berganining guvohi bo‘lish. Bugun ona zamin bag‘riga birgina cho‘p qadasak, ertaga u unib-o‘sib niholga aylanadi, meva tugadi, manzara berib, ko‘ngilga xush yoqadi.
Atrof-muhitni ko‘kamlamzorlashtirish maqsadi ham tabiatni sevish, uni ardoqlash, qolaversa, bu yo‘l orqali kelajak avlodga hududni sof saqlashdir. Bu borada 20-oktyabrdan 1-dekabrga qadar ko‘chat ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilinganidan xabaringiz bo‘lsa kerak.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bu yil mamlakatimizda 75 million dona, kelgusi yil bahor oylarida esa yana 125 million dona mevali va manzarali ko‘chatlar ekish vazifasi qo‘yilgan. Bu loyiha, nafaqat, mamlakatimiz bo‘ylab, balki butun Osiyo davlatlari, har bir qatlam, har bir aholi ishtirokida amalga oshirilmoqda. Turkiy davlatlar yetakchilari Samarqanddagi Registon maydoni yonidagi xiyobonda daraxt ekkan bo‘lsa, uning aks-sadosi Termiz shahri San’at Saroyi bog‘igacha yetib keldi. Shu Vatanda yashash sururini tuygan, o‘zini haqiqiy yurt farzandiman deb hisoblagan borki, savob ishga qo‘l urib, shahrimizni, viloyatimizni chinakam “yashil makon”ga aylantirish payida.

— Turkiy davlatlar a’zoligi tashkilotlari davlat rahbarlarining, qolaversa, kuzatuvchi davlatlarning ko‘chat ekishi, bu xalqimizni yana bir bora ruhlantirdi, — deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Surxondaryo Viloyat Kengashi raisi Ibrohim Yoqubov. — Albatta, bugungi kunda mamlakatimizda yuritilayotgan “Yashil makon” harakati bu birgina O‘zbekiston uchungina emas, birgina turkiy xalqlar uchun emas, butun dunyo bo‘ylab qilinayotgan savob ish ekanligini bugun xalqimiz ko‘rib, sezib turibdi. Bugunning o‘zida viloyatimizda 275 mingdan ortiq mevali va manzarali daraxtlar o‘tqazildi. Jumladan, Termiz shahrida 9500 ta mevali va manzarali daraxtlar ekildi. Bu bilan biz nafaqat o‘z hududimizni, balki sayyoramizni yashillikka burkashga, ona zaminimiz tabiatini musaffo saqlashga muvaffaq bo‘lamiz.

Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Turkmaniston va Vengriya poytaxtlari hududlarida ham ushbu harakat faol tarzda amalga oshirilmoqda. Asl kelib chiqish ildizi bir bo‘lgan, til-u dili jihatidan deyarli farqlanmas mamlakatlarni bugun bir maqsad birlashtirmoqda. Bu shunchaki oddiy maqsad emas, yaxshi niyat, kelajakka qaratilgan yorug‘ yo‘l. Ertangi kun obdan o‘ylangan harakat.

— Bugun san’at saroyining o‘zida mingga yaqin ko‘chatlar ekish rejalashtirilgan, — deydi Ekologiya qo‘mitasi Termiz shahar inspeksiyasi boshlig‘i Sunnatullo Qurbonov. — “Kilyon”, “Go‘zal katalpa”, “Yapon saforasi” kabi manzarali, bodom, yong‘oq, o‘rik kabi mevali daraxtlarni ekishga bel bog‘laganmiz. Shu paytgacha 125 mingdan ziyod ko‘chat ekilgan bo‘lsa, bu raqamni 6 milliondan oshirishni rejalashtirganmiz.
Kuzning oxirgi oyi bo‘lsa hamki, quyosh tafti issiqlik baxsh etib, ona zaminga qadalayotgan navniholning unib-o‘sishiga turtki berayotgandek. Maqsad yo‘lida yig‘ilgan yosh-u qari savob ishga oz bo‘lsa-da, hissa qo‘shayotganidan mamnun. Ish qurollarini qo‘lga olib, mehnatga sho‘ng‘ib ketishgan. Har bir tashkilot, korxona, ko‘p qavatli uylar, ko‘cha-ko‘y, yo‘l bo‘ylarida ko‘chat ekilayotgani ham shundan. Hatto, “Temir daftar”ga kiritilgan 300 mingdan ortiq har bir oilaga 10 tupdan mevali va manzarali daraxtlarning yetkazib berilgani bu ishdan hech kim chetda qolmaganining bir isbotidir.

D.Otaqulova,
N.Muhibulloyev,
(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Odamlar

Qish. Shahnoza egilibgina avtobusga chiqdi. Bo‘ylari uzun, ko‘hlikkina bu...

Tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Tahliliy va tadqiqotchilik faoliyatini tashkil qilish...

Ipoteka krediti takror moliyalashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasining 12.02.2025-yildagi O‘RQ-1028-son Qonuni bilan ayrim qonun hujjatlariga...

Bolalar maydonchasi o‘rnida

Ko‘p qavatli uylarning hovlisida bolalar maydonchasi ham quriladi. Ayni...
KunTun
KunTun