Yosh bo‘lsangiz yoki qo‘lingizda biror hunaringiz bo‘lsa-yu mablag‘ jihatdan qiyinchilikka ro‘baro kelayotgan bo‘lsangiz, kimdan yordam so‘rash-u, qayerdan madad olishni o‘ylab qolasiz. Shunday vaziyatlar uchun, ya’ni fuqarolarning g‘oyalarini eshitish, ularning muammolarini hal qilib, ma’lum miqdorda mablag‘ ajratib berish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahallalarda hokim yordamchilari faoliyat yuritib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi PF-29-son farmoniga muvofiq, shuningdek, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimlarining yordamchilari lavozimi ta’sis etilgan edi. Unga ko‘ra hokim yordamchilariga mahalladagi ishsiz aholini ish bilan ta’minlash, ularga doimiy daromad manbaini yaratishga ko‘maklashish uchun ustuvor ravishda mahalladagi muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda faoliyatini olib borish, o‘ziga biriktirilgan mahallaning rivojlanishi uchun mas’ul bo‘lish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirishga ko‘maklashish va boshqa yana bir qator vazifalar yuklatilgan edi.
Hokim yordamchilarining faoliyati natijasida yoshlarni ish bilan ta’minlashga muvaffaq bo‘linibgina qolmay, mahallalarda kambag‘allik holati ham anchayin qisqardi. Bunga misol tariqasida “Jo‘yjangal” hamda “Surxon sohili” mahallalaridagi tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha hokim yordamchilarining erishgan natijalarini keltirish mumkin.
— “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da turadigan, qolaversa, o‘zining g‘oyasiga ega bo‘lgan shaxslar bilan suhbatlashib, zarur bo‘lganlarga kredit mablag‘lar ajatib berganmiz. Hunar o‘rganish maqsadida bo‘lgan xotin-qizlarga esa mablag‘siz o‘zlari qiziqqan sohalarda o‘qish, izlanish sharoitini yaratganmiz, — deydi “Jo‘yjangal” mahallasi hokim yordamchisi Shokir Safarbuvayev.
Shokir Safarbuvayev o‘zi mas’ul bo‘lgan hududdagi bir qancha qo‘lida hunari bor xotin-qizlarga shaxsiy tikuv sexlari ochishda yaqindan ko‘makchi bo‘lib kelgan. Ulardan biri esa bolalar bog‘chasi uchun choyshablar tayyorlab berayotgan Umida Alimovadir.
— May oyidan buyon tikuvchilik seximiz ishlab kelyapti, — deydi Umida Alimova. Hozirda 3 ta ishchim bor. Albatta, qiyinchiliklar bo‘lmadi deya olmayman. Inson harakat qilsagina maqsadiga erishar ekan. Endilikda esa ishchi kuchini ko‘paytirib, yanayam katta buyurtmalar olish maqsadimga aylangan.
Tikuv sexlarini ochilishi Shokir Safarbuvayevning yagona mehnat faoliyati emas. Avvaldan tikuvchillikka qiziqishi bo‘lgan, lekin oilaviy sharoiti taqozosi bilan sexga ishga chiqish imkoniyati bo‘lmagan Gulnoza Bobonazarova uchun uyda kerakli sharoitlar hozirlashda ko‘maklashdi. Qaytarib bermaslik sharti bilan, ya’ni subsidiya asosida tikuv mashinasi va boshqa tikish asboblari berilgani Gulnozaning g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shdi. Shu zahotiyoq ishga kirishib, hatto bir qancha mahallasidagi qizlarni shogirdlikka o‘rgatdi. Kelgusida esa malakasini yanada oshirib, mahalladagi barcha qiziquvchilarni o‘z atrofida yig‘moqchi.
Eng diqqatni tortgani pavloniya o‘simligi bo‘ldi. Sherzod Choriyev ushbu o‘simlikni o‘stirish uchun hokim yordamchisi — Shokir Safarbuvayevning yoniga o‘zining g‘oyasi bilan borgan va natijada yetarlicha mablag‘ga ega bo‘lgan. 6 sotix yerga 2000 donadan ko‘p ekilgan ushbu o‘simlikning poyasi ham, ildizi ham va hatto barglari ham foydaga.
Hokim yordamchisi sifatida o‘z kasbi majburiyatlarini sidqidildan bajargan yolg‘iz Shokir Safarbuvayev emas. Bu borada “Surxon sohili” mahallasining hokim yordamchisi Zafar To‘ranazarov ham anchayin ter to‘kkan. “Surxon sohili” mahallasida yashovchi Mohigul Jumaqulova barcha sharoitlarga ega tikuv sexini ochgan bo‘lsa, Sirojiddin Qudratov uyidan tashkillashtirgan mebel sexini yanada rivojlantirishga muvaffaq bo‘ldi.
Xoh yoshlarga ko‘mak, xoh ularni ish bilan ta’minlash, yo bo‘lmasa, asbob-uskunalariga ega bo‘lish masalasida bo‘lsin, barchasida joylarda hokim yordamchilari mas’ul bo‘lib, mahalla fuqarolarining ko‘ngliga yo‘l topib, davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan ishonchni oqlab kelishmoqda. Eng muhimi, ular mahalladagi har bir fuqaro bilan yaqindan munosabat o‘rnatib, ularning har birining yashash sharoitidan xabardor. Kimni nima muammo qiynayotganini juda yaxshi bilishadi. Mahallalardagi fuqarolarning kundalik hayotini yaxshilash uchun zarur bo‘lgan barcha xizmat turlarini yaratish uchun esa tun-u kun xizmatda.
Dildora Otaqulova