Erkin fuqarolik jamiyatini qurishda, albatta, aholini davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash vazifasi turadi. Prezidentimizning joriy yilning 28-yanvar kunidagi “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O”zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni ana shunday islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi deyish mumkin. “Yuksalish” umummilliy harakatining Taraqqiyot strategiyasi ijrosi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda faol fuqarolik jamiyatini jalb etishga oid taklifi qo‘llab-quvvatlangani holda ushbu g‘oya mazkur farmonda o‘z aksini topdi. Shunga muvofiq respublikamizning barcha hududlarida nodavlat notijorat tashkilotlari, OAV vakillari, ekspertlar va mahalla faollaridan iborat Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik guruhlari tashkil etildi. Jamoatchilik guruhi joylarda muntazam ravishda monitoring va o‘rganish tadbirlari olib bormoqda.
Viloyatda bandlik, sog‘liqni saqlash, turizm, qishloq xo‘jaligi, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish, investitsiyalar, tashqi savdo boshqarmalari faoliyati tahliliy-tanqidiy o‘rganilib, natijasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari tashkil etildi. Aytish kerakki, amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha jamoatchilik guruhi a’zolarining hisobotlari tegishli tashkilot hamda xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashiga taqdim etiladi.
Viloyat Matbuot uyida “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan jamoatchilik guruhining faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilish tashkil etildi. Unda viloyat jamoatchilik guruhi a’zolari, OAV xodimlari ishtirok etdi.
Yanada ko‘proq natijaga erishish uchun shubhasizki, hududiy bo‘linma qoshida monitoring olib borayotgan jamoatchilik guruhi a’zolari faoliyatini yanada jonlantirish lozim. Yig‘ilish davomida ayni masalaga to‘xtalib o‘tildi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
S.Allayeva