2781 ta huquqbuzarlik aniqlangan

Date:

Gidrometeorologlar ob-havoni 40-45 darajagacha issiq ekanini aytishayotgan bir paytda ayni tush mahal haroratni tekshirib ko‘ring, 60 darajadan pastni ko‘rsatmasa meni aytmadi demang. Aslida ob-havoning bunday isib ketishida inson omilining hissasi katta. Qanday deysizmi?

Bugungi kunda tabiiy va antropogen omillar, xususan, transport, elektrostansiya va sanoat korxonalari chiqarayotgan tutun, oʻrmon yongʻinlari atmosferani ifloslantirayotgani ayni haqiqat. Yetmaganiga daraxtlarni tag-tugidan kesib tashlayotganimiz… Bu kabi omillar afsuski, global iqlim oʻzgarishiga sabab boʻlyapti.

Shunday paytda ekologiya, atrof-muhit, tabiat, tiriklika nisbatan ongimizni uyg‘otish, ekologik madaniyatimizni oshirish uchun xavf-xatar belgisi bo‘lmish qizil chiroq signalini bosib, bong urish shart va zaruratga aylandi. Avvalo tabiatni o‘zimizdan, nafsimizdan asrasak, balki eng birinchi muhim qadamni tashlagan bo‘larmidik…

Dashtliklar, tog‘ yon bag‘irlarida shataloq otib yurgan tirik jonzot borki, afsuski, ko‘zimizga go‘sht bo‘lib ko‘rinadi. Ov qurolimizning nishoniga tushsa bormi, noyob turning biri mazali ovqat bo‘lishi aniq. O‘simliklarning noyobidan esa daromad ko‘ramiz. Asosiysi cho‘ntagimiz qappaysa bo‘lgani. Yashillikni payhon qilganimiz, qaytib o‘sib chiqish-chiqmasligi bilan necha pullik ishimiz bor? Bir necha yillik yantog‘-u saksovullar esa o‘tin bo‘lgulik.

Yozning mana shunday jazirama kunlarida esa shaharda yashashning o‘zi bo‘lmaydi. Shunday paytda bahavo, go‘zal manzara izlab toqqa chiqamiz. Bordikmi, jonliq so‘yib, qo‘ra yoqmay qaytarmidik. Olib borganlarimizning chiqindisi esa bizdan dog‘ bo‘lib qolib ketaveradi. Ehhe, bu kabi sabab va ro‘kachlarni aytsak, so‘zimiz ado bo‘lmaydi. Ammo, masala jiddiy. To‘g‘ri, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan doimiy ravishda monitoring ishlari, nazorat reyd tadbirlari olib boriladi. 101 ta tekshirishlar korxona va tashkilotlarda atmosfera havosi, tuproq, oqova-suvlarning ifloslanishini bo‘yicha monitoring kuzatuv MIZ dasturi, 9 tasi daraxtlarning noqonuniy kesilish holati, 3 tasi oqova suvlarni yer yoki ochiq suv xavzalariga ortiqcha yoki ruxsatsiz oqizish holatlari, 11 tasi g‘alladan bo‘shagan somon poya qoldiqlarini yoqish holatlari, 2 tasi kavrak shirasini yig‘ish va 3 tasi daryo, soy, ko‘llarning o‘zanlari va ularning qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirishda qonun xujjatlari talablariga rioya etilishi yuzasidan tekshirishlar o‘tkazilgan. Qonun va qonunosti hujjatlarda ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlarning 2781 nafari aniqlangan. Ularning tabiatga zararini hisoblab, 1 milliard 486 million 127 ming 500 so‘m miqdoridagi jarima aytishga oson. Ammo, raqamlar ulkan xavfdan darak berayotganini sezib turibsiz. Surxon davlat qo‘riqxonasida tashkil etilgan matbuot anjumanida ayni shu masalalar o‘rtaga tashlandi.

Amalga oshirilayotgan ishlar tizimli ravishda ketsa-da, bitta tashkilotning faoliyati bilan tabiatni asrab qolish qiyin. Buning uchun ko‘plarning xizmati, e’tibori va g‘amxo‘rligi kerak.

Aslida yo‘qolib ketayotgan turlarni saqlab qolish, ko‘paytirish, tabiatga antropogen ta’sirni kamaytirish maqsadida Surxon davlat qo‘riqxonasi tashkil etilgan. Ha, viloyatda birinchi toifadagi muhofaza etiladigan tabiiy hududdir qo‘riqxona. Hududi 23 802 gektarni tashkil etib, Ko‘hitang tog‘ining sharqiy yonbag‘irlarida joylashgan. Bepoyon kenglik Surxondaryo viloyatining Sherobod tumaniga qaraydi. G‘arbiy qismi Turkmaniston chegarasi bilan tutashib ketgan. Qo‘riqxonada hozirgacha umurtqali hayvonlardan — 26 turdagi sut emizuvchi, 136 tur qush,  23 tur sudralib yuruvchi, 2 tur ham suvda, ham quruqlikda yashovchi, 5 tur baliqlar yashashi aniqlangan. Shulardan 18 tur hayvon O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitob”iga kiritilgan. Shuningdek, qo‘riqxona hududida 807 turdagi yangi o‘simlik turlari aniqlangan bo‘lib, shularning 41 turi “Qizil kitob”dan joy olgan. Qo‘riqxonadagi muhofazaga olingan hayvonlardan 8 turi Xalqaro TMQI “Qizil kitob”iga kiritilgan. Morxo‘r yoki burama shoxli echki, Buxoro tog‘ qo‘yi noyob turdagi, muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hayvonlar hisoblanadi.

Surxon davlat qo‘riqxonasida 47 nafar ishchi-xodim faoliyat yuritadi. Aytish kerakki, ularning ish faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar to’la yaratilsa, moddiy-texnik bazalari badastir bo’lsa, albatta, qulaylik yaratardi. To’g’ri, xodimlar zarur texnika bilan ta’minlangan, yangi xonalarni qurib bitkazish ishlari ketmoqda. Ammo, bu bilan ish bitmaydi. Shunga qaramay, yaqin muddatlarda baliq, qush, ilonning yangi turlari topilgan. Ayni paytda sharq bo‘g‘ma iloni qidirilmoqda.

Izlanuvchi-tadqiqotchilar tomonidan 4 ta ilmiy ish ustida bosh qotirilmoqda. Tanlangan mavzu dolzarbligi va ahamiyati bilan qimmatli. Qo‘riqxonadagi ilmiy bo‘lim hayvonot va o‘simlik dunyosini kuzatadi. 10 dan ortiq dunyoning nufuzli ilmiy-tadqiqot institutlari bilan shartnoma imzolab, hamkorlikda ish olib borishayotir.

O‘rganilishi kerak bo‘lgan sohalar esa ko‘p. Hasharotlar, zamburug‘lar esa kashf etilmagan sinoat. Negaki, ularni o‘rganadigan, turlarni aniqlaydigan mutaxassisning o‘zi yo‘q.

Respublikadagi eng katta maydonni egallovchi ushbu qo‘riqxonada atiga 2 ta fotoqopqon mavjud. Kerakli asbob-uskuna, durbin yo‘q. Mavjud “fotoqopqon” kaklik, morxo‘r va uning uloqchalarini suratga olgan. Afsuski, morxo‘r sut emizuvchilarning butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan kenja turi hisoblanadi. Do‘lta, jayronlar qirilib ketgan. O‘rmalaganni go‘sht deb qarash natijasida shu ahvolga tushgan hayvonot dunyosi jar yoqasida. Mutaxassislar kiyikning izidan fotokamera ko‘tarib quvib yurishini hisobga olganda, bu achinarli holat.  Qo‘riqxonadagi go‘zallik, mo‘jiza kabi ko‘rinuvchi maftunkor tabiatni bor bo‘yicha ko‘rsatish uchun sharoit yo‘q. Kimdir kamchiliklarni yeng ichida qoldirishni afzal bilar, ammo tabiatga, ekologiyaga kelganda kamchilikni yashirish o‘zimizga zarar, eng katta jinoyat. Bong urish, barchani birdamlikka, ogohlikka chorlash kerak.  Befarqlik jaholat. Nafsimiz ortidan tig‘ ko‘tarib, tiriklikka otilgan o‘qlar xiyonatdir. Hadisi sharifda aytilganidek, kimning ilmi bo‘lsa, ilmi bilan jihod qilsin deyiladi. Har birimiz tabiatga o‘z yordamimiz bilan, OAV vakillari esa muntazam yoritish, ezguli, tabiatni, tiriklik olamini asrash yo‘lida targ‘ibot ishlarini kuchaytirsa… Bu targ‘ibot shunday bo‘lishi kerakki, yozganlarimiz gazeta yuzini bezamasin, qog‘ozda, suratlarda qolib ketmasin, e’tiborni tortsin, ekologik savodxonlikni oshirib, tabiatga mehr-muhabbat uyg‘otsin.

Sayyora Allayeva

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Odamlar

Qish. Shahnoza egilibgina avtobusga chiqdi. Bo‘ylari uzun, ko‘hlikkina bu...

Tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Tahliliy va tadqiqotchilik faoliyatini tashkil qilish...

Ipoteka krediti takror moliyalashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasining 12.02.2025-yildagi O‘RQ-1028-son Qonuni bilan ayrim qonun hujjatlariga...

Bolalar maydonchasi o‘rnida

Ko‘p qavatli uylarning hovlisida bolalar maydonchasi ham quriladi. Ayni...
KunTun
KunTun