Ozgina mehnat qilib biror ishni bajargan kishini fidoyi deyishga odatlanib qolganimiz uchun haqiqiy fidoyi va jonkuyarlarga nisbatan ushbu ta’rifu tasnifni qo‘llasak, so‘zlar ana shunday insonlarning qilgan mehnati, jonkuyarligi oldida xira tortganday bo‘ladi.
Asl fidoyi hech bir ta’malarsiz, muddaoyu muammolarsiz, umrining har onini ta’limga bag‘ishlagan pedagog Momaxol Egamberdiyeva Termiz shahridagi “Chegara” mahallasida joylashgan 21-umumta’lim maktabida uzoq yillardan beri rahbarlik qilib kelmoqda. Yetmishni qoralab qolgan ustoz salkam 40 yildan buyon maktab direktori sifatida xalqning qora-ko‘zlari qalbiga ziyo ulashib, ilm-ma’rifatdan saboq berib kelayotir. Ustoz haqida maqola yozishga tutindimu maktab tomon oshiqdim.
Erta tongdan maktab hovlisida o‘zgacha bir shuhuk kezib yuribdi. Jimjitlik, xotirjamlik va obodlik, yangilanish ufurib turgan maskan qo‘ynida beixtiyor tin olganday bo‘lasiz. Maktab partalarida esa zamonaviylashib ketgan o‘yinqaroq va darsni “dushman” biladigan bolalar emas, shovqin-suronsiz, bilimga ishtiyoqi baland o‘quvchi-yoshlar, kitobga, ta’lim-tarbiyaga bor mehrini berib bilim olayotgan o‘quvchilar o‘tiribdi.
Yam-yashil bog‘lar, baland-baland archalar, turfa gullarga burkangan eski maktab binosiga qadam qo‘yishga ham hijolat tortasizki, gard yuqtirib qo‘yishdan hayiqasiz. Bundan ikki yil oldin ta’mirlangan esa-da kechagina ta’mirlanib, pollariga rang berilgandek ko‘zni qamashtiradi.
Hali maktabga direktor opa yetib kelmasidanoq u kishi haqida o‘qituvchilarning aytgan samimiy fikrlari, maktabda hukmron muhit tajribali ustozning hayot faoliyatiga berilgan bir chizgiday tasavvur uyg‘ota oldi.
Pashsha uchsa, bilinar yoxud sharoitga shart qo‘ymay
21-maktabga kirgan kishi borki, u yerda hukm surayotgan tinchlikdan, hech bir shovqin-suronsiz, darsiga otlanayotgan o‘quvchilar va ularni intiq kutib olayotgan mehribon ustozlarni, ozodalikni barq urgan gullarni ko‘rib, dili ravshanlashadi. Bir so‘z bilan aytganda, “maktabda pashsha uchsa bilinadi”. Qolaversa, maktab zamonaviy ham emas. Uzoq yillar oldin qurilgan eski bir imorat. Biroq sharoitim yo‘q deb o‘tirmaydigan maktab rahbari tashabbusi bilan 2004-yildayoq eski imorat yonidan besh xonali yangi o‘quv binosi qurilgan edi.
“Chegara” joriy yilgi “Obod qishloq” davlat dasturiga tushgan bo‘lib, mazkur maktab binosi ham yangitdan qad rostlaydi. 264 o‘ringa mo‘ljallangan uch qavatli o‘quv binosi bilan bir qatorda faollar zali ham qurilishi uchun Momaxol opa yelib-yugurdi.
Ta’lim sifatiga keladigan bo‘lsak, maskan “yashil” maktab maqomida. O‘tgan o‘quv yilida 46 nafar o‘quvchi ta’lim maskanidan uchirma bo‘lgan bo‘lsa, 16 nafari oliy ta’limda tahsilni davom ettirayapti. Bu yil o‘qishni tamomlaydiganlarning oliy ta’limga qamrovi yuqorilashidan umidvor jamoa ta’lim sifatiga zo‘r berish bahonasida, o‘z ustida ishlashni ham kanda qilmayotir.
5 nafar o‘quvchi “IELTS” imtihonidan 5.5 ballik natijani qo‘lga kiritib, oliy ta’limni salkam zabt etib turganiyoq natija yaxshilanishiga ishonch uyg‘otsa, jamoadoshlar orasidan 8 nafari testlardan namunali o‘tib, oliy toifali o‘qituvchi sifatida tan olindi. Qolgan o‘qituvchilar ham birin-ketin toifalar pog‘onasidan yuqorilab borayotgani, “farzandimni shu maktabga bersam” degan xayolga qarab eltadi.
21-maktabda tamomila muhit boshqacha. Bilimni jon dili bilan sevadigan, tarbiyali va aqlli o‘quvchilar yetishtirilayotagn “fabrika” misoli tassavvur uyg‘ota olgan maktabda gimnastika, rus tili, ingliz tili to‘garaklarida muntazam shug‘ullanayotgan o‘quvchilarda shijoat baland.
Direktorning xorijiy til o‘rganishga bo‘lgan qat’iy talabi ham iltimosi ham shu: “har bir o‘quvchi hech bo‘lmaganda o‘zi, maktabi, bugungi kun yangiliklari haqida rus va ingliz tilida ma’lumot bera olishi kerak”.
Bularning hech biri xo‘jako‘rsinga bo‘lmaydi. Chunki Momaxol opa kunning istalgan vaqtida istagan biror o‘quvchidan ingliz yoki rus tilida ma’lumot so‘rab qoladi. “Ertaga yodlayman, bir kun muhlat bering” degan gap sabab ham bahona ham bo‘lolmaydi.
Rahbar aytdimi, tamom har ish vaqtida bajarilishi, darslar mukammal o‘tilishi kerak.
Eng qizig‘i, ushbu maktabda o‘qituvchi maruzabozlikni allaqachon yig‘ishtirgan direktorning tashabbusi bilan ta’lim sifatini oshirish ilinjida o‘quvchiga yangi mavzu vazifa qilib beriladi va o‘quvchilar yangi mavzuni taqdimot qiladi, izlanadi, mavzuni to‘laqonli dildan his etib, o‘zlashtirishi ham shunga yarasha bo‘ladi.
Maktabdagi yana bir muhim tashabbus shuki, har bir sinfda daftar va ruchka, o‘quv qurollari terib qo‘yilganki, ehtiyoj sezgan o‘quvchi dars paytida chopqillab, daftar yoki ruchka qidirib sarson bo‘lmaydi.
Rahbar emas, bir ona kabi
—Momaxol opa bizga rahbar emas, bir ona kabi mehribon, lekin ishda qattiqqo‘l va qat’iyatli, — deydi maktabning ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Ra’no Jo‘rayeva. — Direktorimiz yangilikni yaxshi ko‘radi. O‘qituvchiga ham o‘quvchiga ham siz deb murojaat qiladi. Qayerda seminar bo‘lsa, darrov o‘qituvchilarni yuboradi. “Bor ish o‘rganib kel, yangilikni maktabda ham joriy etaylik” deydi.
Nuroniy yoshda bo‘lishiga qaramay, 30 yoshar qizdek jo‘shqinlik bilan ishga shoshadi. Shanba-yakshanba kunlari qizlari, kelinlari bilan kelib maktabni tozalab ketgan paytlari ham bo‘lgan.
Ishiga haqiqatda fidoyi rahbar deb bilaman. Darslarga tahlilga kirsa, soatlab sinfxonada qolib ketadi. Erinmasdan diktantlar tekshiradi. Ishdagi kamchiliklarni bir-bir aytib, o‘qituvchilarga o‘zi saboq berishga urinadi. O‘qituvchini ham o‘quvchini ham urishmaydi, aksincha, uni tarbiyalaydi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. Biz bunga o‘rganib ketganmiz.
“Mana sizlarga men o‘rgataman” deb metodik ko‘makka shoshadi. Hech hachon “sening kamchiliging bor, mana buni xato qilding, sen ta’limning odami emassan” deya kishini ranjitmaydi. Aksincha, dars o‘tishni bir boshidan o‘tirvolib, yangi kelgan o‘qituvchilarga, amaliyotchilarga erinmasdan o‘rgatadi.
Momaxol Egamberdiyeva doim tashabbuskor. Maktabimizda faollar zali yo‘q. Biroq hovlida yashnab turgan daraxtlar tagida o‘rindiqlar hozirlanganki, u yerda bemalol tadbir tashkil etish, maktab yig‘ilishlarini o‘tkazish mumkin. Bularni davlat qilib berishini direktorimiz kutib o‘tirmaydi ham. “Qo‘limizdan keladigan ishga nimani kutib o‘tirishimiz kerak” deya jamoani bir yoqadan bosh chiqarishga o‘rgatgan. O‘quvchilarni ham oldiga olib kelajakda maktab partasida, oila quchog‘ida olingan ta’lim-tarbiya as qotishini, turli hoyu havaslar kishi taqdirini zavolga boshlashini obdon tushuntiradi.
Qarisi bor uyning parisi bor, deganlaridek, yoshi ulug‘ tajribasi katta ustozning o‘gitu nasihatlari ta’lim-tarbiya jarayonida qo‘l kelayotir. Shijoati, jo‘shqinligi, ishni o‘z vaqtida va sifatli bajarib qo‘yishi bilan biz o‘qituvchilarga ham o‘rnak. Maktabimiz rahbaridan ko‘p narsa o‘rgandik.
Ko‘plab rahbarlarni ko‘rdim. Ba’zilari o‘tirib-o‘tirib, gurung bilan vaqtini o‘tkazadi. Kimningdir poyida bo‘ladi. Aksincha, direktorimiz jamoaning arzimasdek tuyulgan yutug‘idan ham g‘ururlanib, har qanday vaziyatda ham yonida tuta oladi. Tanlovlar deysizmi, fan olimpiadalari deysizmi, barida o‘zi bizga bosh-qosh.
Mehr-oqibati kuchli Momaxol opa hech qachon biror o‘qituvchi yoki o‘quvchining “burnini qonatgan” emas. Faoliyati davomida bir marta bir o‘qituvchining ish haqidan ishdagi kamchiligi sabab kesib tashlanganini hali-hanuz og‘rinib eslaydi. “O‘shanda men xato qilgan ekanman. Uning vaziyati, sharoiti og‘ir bo‘lgan ekan” deb bot-bot takrorlaydi. Jamoasiga yaxshi o‘qituvchini terishni yaxshi ko‘radi.
To‘y-bazmda ham ilm qo‘ltiqlab,
Tabbiylik va soddalikni o‘ziga shior qilgan, rango-rang dunyodagi zamonaviy tushunchalar nuqsi urmay, o‘zligini saqlab qola olgan Termiz shahridagi 21-maktab direktori Momaxol Egamberdiyeva bilan ilk tanishuvimiz aslida ta’lim maskanida emas, bir taniqli rahbarning shukrona kuni munosabati bilan tuzalgan dasturxon ustida bo‘lgandi.
Yoshi bir joyga borib qolgan, kichik jussali, ammo yuzidan nur yog‘ilib turadigan bu ayolga o‘sha ondayoq mehrim tushgandi. Hamma kuy-qo‘shiq, raqslar, shirinliklar bilan andarmon bo‘lib turgan bir pallada ham xalq ta’limida bo‘layotgan o‘zgarishlar, sohaga kirib kelayotgan innovatsiyalar haqida yig‘ilganlarga tushuncha berishga urinayotgani esimda.
Shunda angladimki, kishi qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar ilmni o‘zi bilan olib yurishi, ziyo ulashishga urinishi, sohasini sidqidildan sevishi kerak ekan. Momaxol Egamberdiyeva ana shunday to‘y-bazmlarda ham ilm qo‘ltiqlab, o‘zi bilan yangilik olib yuradigan zaxmatkash inson.
Ishda qat’iyat, puxta reja va sidqidillik ila
Ham ona, ham direktor, ham deputat, ham jamoatchilik ishlarida bosh bo‘lish bir ayolga og‘irlik qilmaydimi, deya savol berganimizda:
—Ishni reja asosida tashkil etaman, oilaga ham, ishga ham, o‘z ustimda ishlashga ham rejamda alohida vaqt ajratganman, — deydi Momaxol Egamberdiyeva. — “Chegara” mahallasidan Termiz tuman kengashiga saylangan deputatman. Mahalla ahli muammo va masalalarini o‘rganishim, jamoatchilik ishlarida ham faol bo‘lishim kerak. Kasbimni juda sevganim, bolalarni o‘z farzandlarimday ko‘rganim uchun ularning ta’lim-tarbiyasiga jonimni ham ayamayman. Fuqarolar ham dilbandim kabi menga qadrdon. Ular ham o‘z navbatida meni qo‘llab-quvvatlashadi. Maktabimizga uch yil oldin tabbiy gaz tarmog‘ini ulatdik. Bunda homiylar ko‘magi ham as qotgan. O‘quvchilar ham yaxshi sharoitda bilim olishi kerak. Ertaga biri ota, biri ona bo‘lib jamiyat davomchilari bo‘ladigan yosh avlodning taqdiriga befarq qarashga haqqimiz yo‘q. Mahalladagilar ham har doim qo‘llab-quvvatlashadi. O‘z navbatida ularning ham muammolarini yechishda ko‘maklashaman.
Hayotdan olgan ta’lim
6 yoshda ota-onadan yetim qolib, xolasi Bibixol aya hamda u kishining turmush o‘rtog‘i qaramog‘ida ikki jigargo‘shasi bilan tarbiya topgan Momaxol opani hayot anchayin erta ulg‘aytirdi. Bu oila ularning hayotida tub burlish yasay oldi.
“Ota-ona deb aytmagan bo‘lsak-da, lekin ota-onadan ortiq bizga mehr berib voyaga yetkazgani, bergan ta’lim-tarbiyasi uchun xolamdan va pochchamdan bir umr minnatdor yashadim. Umrining so‘nggi kunlarida xolam menga: “agar o‘z farzandim bo‘lganida ham menga senchalik g‘amxo‘rlik qilmagan bo‘lar edi. Seni bergan Xudoyimga ming shukur” degan edilar” deya Momaxol opa bolalik xotiralarini esga oladi.
“Termiz tumani “Saliobod” mahallasidagi 6-umumta’lim maktabida o‘qiganman. Direktorimiz Payg‘am Bo‘ronovich qattiqqo‘l, talabchan, ammo mehribon rahbar edilar. Ish tutimini, yo‘l-yo‘riqni shu kishidan o‘rganganman. Mening yoshlikdagi “ideal” o‘qituvchim edi. Menga ham u kishing ko‘plab hislatlari o‘tgan. Hayotiy tajribamda ham ustozlardan o‘rganganlarimni qo‘llayman.
Biror o‘qituvchi ish so‘rab keldimi, avvalo, “menga bir soat dars o‘tib bering” deya taklif bildiraman. Kerak bo‘lsa o‘zim unga darsda nimalarga e’tibor berish, o‘qituvchi qanday tartibda ishlashi kerakligini obdon o‘rgatib, kadrni “pishitib” keyin ishga olaman”.
San’atni joni dili bilan sevuvchi Momaxol opa rubob va doira chalishni, raqsni-da do‘ndiradi. O‘zi qattiqo‘l bo‘lishiga qaramay, anchayin ta’sirchan ham. Bolalikdagi xotiralari haqida gap ketganda, ro‘molchasiga murojaat etib ham qo‘yadi. Baribir ijod odami-da ta’sirchanligi ham bor.
Faoliyatim davomida ko‘plab viloyat rahbarlari bilan ishladim. Jumladan, 10 ta tuman hokimi bilan ishlash nasib etdi. Rahbarlardan doim minnatdor bo‘lganman. Qachonki biror masala bilan borsam, hech qachon quruq qaytargan emas. Eshitib, masalani obdon o‘rganib, kezi kelsa, ko‘mak berganlari menga yanada kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi.
Qahramonlar ulg‘aytirgan tabarruk maskan
Momaxol Egamberdiyeva o‘zidan oldin shogirdlari haqida gapirishni, yutuqlari bilan maqtanishni xush ko‘radi. Ayni damda 700 nafardan ortiq o‘quvchi mazkur ta’lim muassasasida tahsil olayotgan bo‘lsa, qariyb 90 foiz o‘quvchining ota-onasiga ham Momaxol opa dars bergan. Ularni taniydi, shogirdlari bilan faxrlanadi. Shogirdlaridan biri G‘ofur Bobaliyev Yurtboshimizning qo‘lidan davlat mukotini olayotgan jarayonida tushgan surati xonasini bezab turibdi.
Hijjalab harf o‘rgatgan, qalb qo‘rini berib ilmga oshno etgan o‘quvchi-yoshlar doim ardog‘ida.
2013-yilda Namanganda xizmat vazifasini o‘tash chog‘ida davlatimiz chegarasini buzib kirishga uringan bir guruh jangarilar bilan kurashib, endigina faoliyatini boshlaganiga uch oy o‘tgan shogirdi ko‘ksini o‘qqa tutib qahramonlarcha halok bo‘lganini ko‘zida yosh bilan eslaydi.
“Esimda maktabni tamomlab, Turg‘un Jo‘rayev oliy ta’limga kira olmagach, harbiy xizmatga ketgandi. Kichik jussali, chaqqon, ko‘p savol berib, ko‘p narsani bilishga qiziqadigan shogirdim xizmatdan qaytganidan so‘ng yo‘lda uchratib qoldim. Bo‘ylari o‘sib, gavdali norg‘il yigitga aylanibdi. Qo‘lida katta sumka, yo‘l bo‘lsin, deya so‘rasam, ustoz men harbiy bo‘lishga qaror qildim Namanganga ketayapman, deya xursand holda kulib xayrlashgandi. Oradan uch oy o‘tar-o‘tmas shum xabardan karaxt qotdim. Kulib turgan chehrasi ko‘z oldimda qoldi. Maktabimizda Turg‘unjonning xotirasiga haykal o‘rnatilgan. Har yili harbiy xizmatchilar yod etib kelishadi, tadbirlar tashkil etib, Turg‘un Jo‘rayevning qahramonliklarini eslashadi.
Vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan taqdirlangan Turg‘unjonga yaxshi tarbiya bergan, vatanga munosib o‘g‘lon qilib o‘stirgan ota-onasiga rahmat. Chunki, mash’um o‘q otilgan pallada chegarani tashlab qochishi yoki pana-pasqamga berkinishi mumkin edi, ammo Turg‘unjon unday qilmadi. Vatan uchun ko‘ksini qalqon qildi. Ana shunday o‘g‘lonlar doim qalbimizda yashaydi”.
Momaxol Egamberdiyeva umrining salkam ellik yilini ta’lim-tarbiyaga, yosh avlodni har tomonlama yetuk mutaxassis qilib voyaga yetkazishga bag‘ishladi. O‘quvchini sevdi, sohasiga jon kiritdi, turmushning og‘ir zarbalaridan-da mardonavor o‘ta oldi, oldiga maqsad qo‘yib, olg‘a intildi, natijada u kishini taqdir uch nafar oqilu dono farzandlar, mehribon va jonkuyar turmush o‘rtoq bilan siyladi.
Hukumatimiz tomonidan “Mo‘tabar ona” ko‘krak nishoniga munosib ko‘rildi. Qirchillama yoshdan qolishmay, hormay-tolmay mehnat qilib kelayotgan ustozning daryodil va qat’iyatli, boshlagan ishida sobitqadamlik ila harakatdan charchamasligi oramizdagi ko‘plab o‘qituvchi-murabbiylar uchun o‘rnak-namuna aslida.
Adolat MO‘MINOVA