Bugungi kunda elektr energiyasi nafaqat iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror faoliyati, balki aholi turmush farovonligi, ijtimoiy sohaning uzluksiz ishlashi va hududlarning izchil rivojlanishini ta’minlovchi muhim resurs hisoblanadi.
Shu bois energetika sohasida qonuniylikni ta’minlash, elektr energiyasidan samarali va oqilona foydalanish, uning talon-toroj qilinishi hamda noqonuniy iste’molining oldini olish, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish dolzarb vazifalardan biridir.
Surxondaryo viloyatida ham mazkur yo‘nalishda tizimli ishlar olib borilmoqda.
Elektr ta’minoti infratuzilmasi mustahkamlanmoqda
Ayni paytda viloyatda elektr energiyasini yetkazib berish tizimi keng tarmoqlangan bo‘lib, “Milliy elektr tarmoqlari” AJ Surxondaryo Magistral elektr tarmoqlari filiali tasarrufida 3 216 kilometr 35–500 kVli yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda 149 ta podstansiya mavjud.
Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Surxondaryo hududiy filiali tasarrufida 18 907 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 6 904 ta transformator punkti mavjud bo‘lib, ular orqali 625 103 ta iste’molchiga elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.
2026–2027-yillar kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida elektr tarmoqlari va transformator punktlarida ta’mirlash ishlariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 672 ta transformator punkti va 2 049,5 kilometr elektr tarmoqlarida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Shu bilan birga, viloyat hududidagi 6 904 ta transformator punkti xatlovdan o‘tkazilib, ularning texnik holati baholandi.
Joriy yil yanvar–oktabr oylarida 843,8 kilometr elektr tarmog‘i tortildi va 278 ta transformator punkti o‘rnatildi. Bu kabi chora-tadbirlar, avvalo, iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash, avariyaviy uzilishlarni kamaytirish va tarmoqlarning ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi.
Avariyaviy holatlarning oldi olinmoqda
Elektr ta’minoti tizimida favqulodda vaziyatlarni tezkor bartaraf etish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda Surxondaryo hududiy filiali tomonidan 332 nafar xodim, jumladan, 58 nafar muhandis-texnik xodim va 274 nafar elektromontyordan iborat kuchlar shakllantirilib, tezkor chiqish brigadalari uchun 77 ta avtomashina va 41 ta maxsus texnika biriktirildi.
Shuningdek, mavsumni betalofat o‘tkazish uchun kuch transformatorlari, transformator moyi, kabel, AS simlari, muftalar, izolyatorlar va boshqa zarur materiallar zaxirasi yaratildi. Bu esa avariya holatlari yuzaga kelganda elektr ta’minotini qisqa muddatlarda tiklash imkonini beradi.
Hisob-kitobda aniqlik — iqtisodiy samaradorlik garovi
Energiya resurslaridan samarali foydalanishning eng muhim shartlaridan biri — iste’molni aniq hisobga olish. Shu nuqtayi nazardan avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimi — ASKUEning samarali ishlashi katta ahamiyatga ega.
O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ASKUE tizimiga mos bo‘lmagan 7 081 ta hisoblagich aniqlangan bo‘lsa, keyingi holatga kelib ushbu ko‘rsatkich 1 223 taga tushirilgan. Natijada mos bo‘lmagan hisoblagichlar soni 5 858 taga kamaytirilgan.
Shuningdek, ASKUE tizimida aloqadan uzilgan hisoblagichlar soni 2 295 tadan 904 taga kamaytirilib, 1 391 ta hisoblagich bo‘yicha aloqa tiklangan.
Bu natijalar elektr energiyasi iste’molini raqamli nazorat qilish, hisob-kitoblarda aniqlikni ta’minlash va inson omilini kamaytirishda muhim qadamdir.
Noqonuniy iste’mol — jamiyat va davlat manfaatlariga zarar
Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish nafaqat energetika tizimiga, balki halol va qonuniy faoliyat yuritayotgan iste’molchilar manfaatlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli viloyatda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash, yetkazilgan zararni undirish va bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha o‘rganishlar davom ettirilmoqda.
2026-yil yanvar–oktyabr oylarida shahar va tumanlarda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bo‘yicha jami 5 910 ta holat aniqlangan.
Ushbu holatlarda 29,1182 million kVt·soat elektr energiyasi noqonuniy iste’mol qilingani qayd etilgan bo‘lib, yetkazilgan zararning umumiy miqdori 22 748,6 million so‘mni tashkil etgan. Mazkur raqamlar har bir iste’molchi elektr energiyasidan faqat qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanishi, hisoblagichlarning sozligi va ularning ko‘rsatkichlariga aralashmasligi lozimligini yana bir bor ko‘rsatadi. Bunday holatlarning oldini olishda profilaktik tadbirlar, tushuntirish ishlari bilan bir qatorda qonunbuzilish holatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rish ham muhim ahamiyatga ega.
Elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish — dolzarb vazifa
Energiya resurslaridan samarali foydalanish masalasida elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni kamaytirish alohida ahamiyatga ega. 2026-yil yanvar–sentyabr oylari yakuniga ko‘ra, viloyat elektr tarmoqlariga 2 516,7 million kVt·soat elektr energiyasi qabul qilingan bo‘lsa, 2 219,3 million kVt·soat elektr energiyasi hisob-kitob qilingan. Natijada elektr energiyasi yo‘qotishlari 297,4 million kVt·soat yoki 11,8 foizni tashkil etgan.
Yo‘qotishlarni kamaytirish uchun tarmoqlarning texnik holatini yaxshilash, elektr yuklamalarini maqbul taqsimlash, hisoblagichlarning to‘g‘ri ishlashini ta’minlash, noqonuniy ulanishlarni bartaraf etish hamda hisob-kitob ma’lumotlarini muntazam tahlil qilib borish zarur.
Elektr energiyasini tejash — har birimiz uchun mas’uliyat
Energiyani tejash bugungi kunning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy va ekologik vazifasidir. Joriy yilda viloyat bo‘yicha elektr energiyasi iste’molini 117,2 million kVt·soatga iqtisod qilish vazifasi belgilangan. 10 oylik natijalar tahliliga ko‘ra, belgilangan chora-tadbirlar doirasida 98,5 million kVt·soatlik rejaga nisbatan 108 million kVt·soat elektr energiyasi iqtisod qilingan. Natijada reja 110 foizga bajarilgan.
Bu ko‘rsatkichlar energiya tejamkorligi bo‘yicha belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish mumkinligini ko‘rsatadi.
Biroq elektr energiyasini tejash faqat mas’ul tashkilotlarning vazifasi emas. Har bir xonadon, korxona va tashkilot energiyadan oqilona foydalanishga hissa qo‘shishi lozim.
Qarzdorlik ham tizimli nazoratni talab etadi
Energiya resurslaridan foydalanish bilan bog‘liq yana bir muhim masala — iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun o‘z vaqtida hisob-kitob qilishdir.
2026-yil 1-oktyabr holatiga Surxondaryo viloyatida elektr energiyasi bo‘yicha 205,2 milliard so‘m qarzdorlik mavjudligi aniqlangan. Shundan 32,5 milliard so‘mi aholi, 172,7 milliard so‘mi ulgurji iste’molchilar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, 118 milliard so‘m miqdorida penya qarzdorligi ham qayd etilgan. Mazkur qarzdorliklarni kamaytirish, iste’mol qilingan energiya uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish va hisob-kitob intizomini mustahkamlash energetika tizimining moliyaviy barqarorligi uchun muhimdir.
Murojaatlar — mavjud muammolarning ko‘zgusi
Aholi murojaatlari elektr ta’minoti sohasidagi muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishda muhim manba hisoblanadi.
2026-yil 1-yanvardan 1-oktyabrga qadar Surxondaryo hududiy filialiga 5 916 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 2 395 tasi elektr ta’minotidagi uzilishlar, 1 841 tasi sim, ustun va transformator o‘rnatish, 1 237 tasi tarmoqdagi kuchlanish pastligi bilan bog‘liq bo‘lgan. Kelib tushgan murojaatlarning 3 855 tasi, ya’ni 65 foizi ijobiy hal etilgan. Qolgan 2 061 ta murojaat esa mablag‘ va vaqt talab qilgani sababli uzoq muddatli nazoratga olingan hamda murojaat mualliflariga tegishli tushuntirishlar berilgan.
Bu ko‘rsatkichlar aholi murojaatlariga e’tiborni yanada kuchaytirish, muammolarni joyida o‘rganish va har bir murojaat ortida inson manfaati turganini unutmaslik zarurligini ko‘rsatadi.
Qonuniylik va mas’uliyat — barqaror ta’minot kafolati
Surxondaryo viloyatida energetika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bir-biri bilan uzviy bog‘liq.
Elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ta’mirlash, transformator punktlarining texnik holatini yaxshilash, ASKUE tizimini takomillashtirish, noqonuniy elektr iste’moliga qarshi kurashish, qarzdorliklarni kamaytirish, energiya yo‘qotishlarini qisqartirish va aholi murojaatlarini ijobiy hal etish — barchasi yagona maqsadga, ya’ni iste’molchilarni sifatli va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, energiya resurslaridan qonuniy va oqilona foydalanish nafaqat mutasaddi tashkilotlar, balki har bir fuqaro va xo‘jalik yurituvchi subyektning ham mas’uliyatidir.
Energiya resurslariga nisbatan mas’uliyatli munosabat — bu iqtisodiy tejamkorlik, qonuniylik va kelajak avlod manfaatlarini ta’minlash demakdir.
Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan mazkur yo‘nalishlarda qonuniylikni ta’minlash, davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilayotgan zararlarning oldini olish, aniqlangan qonunbuzilishlarga huquqiy baho berish hamda energiya resurslaridan samarali va qonuniy foydalanish ustidan nazorat tadbirlari izchil davom ettiriladi.
Botir Yusupov,
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma katta prokurori

