Bolalar xavfsizligi axborot makonidagi mas’uliyatdan boshlanadi

Date:

Bugun bolalarni zararli axborotdan himoya qilish faqat ota-onalar yoki ta’lim muassasalarining vazifasi emas. Axborotni yaratish va tarqatish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari hamda davlat idoralari ham bu borada mas’uliyatni chuqur his etishi zarur. Zero, xavfsiz axborot muhitini shakllantirish qonun talablariga rioya etish, kontentga mas’uliyat bilan yondashish va idoralararo hamkorlikni taqozo etadi.

Termiz shahrida ayni masalalarga bag‘ishlangan “Axborot makonida milliy qonunchilik talablari, kontent mas’uliyati va bolalarni zararli axborotdan himoya qilishning dolzarb masalalari” mavzusida hududlararo seminar tashkil etildi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda Surxondaryo viloyati hokimligi, mas’ul idoralar, axborot xizmatlari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi. Qashqadaryo viloyati vakillari esa seminarda onlayn formatda ishtirok etdi.

Muhokamalarda bolalar manfaatlarini himoya qilishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘rni, xavfsiz axborot muhitini shakllantirish mexanizmlari hamda hududlarda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, axborot makonida qonuniylikni ta’minlash, zararli kontent tarqalishining oldini olish, OAV mas’uliyatini oshirish va axborot xizmatlarining bu boradagi vazifalariga e’tibor qaratildi.

Ishtirokchilar sohadagi mavjud muammolar, ularning yechimlari va idoralar hamkorligini kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdi. Bunday muloqotlar axborot tarqatish jarayonida qonunchilik talablariga rioya etish bilan birga, e’lon qilinayotgan materiallarning bolalar manfaatlariga ta’sirini ham hisobga olish zarurligini anglashga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida bir guruh ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Axborot makonida bolalar xavfsizligini ta’minlash bir martalik tadbir bilan cheklanmaydi. Bu — qonun talablariga izchil amal qilish, axborot tarqatuvchilarning mas’uliyatini oshirish va barcha manfaatdor tomonlarning hamkorligini mustahkamlashni talab qiladigan doimiy vazifa. Zero, bolalar uchun xavfsiz axborot muhitini yaratish ularning manfaatlarini himoya qilish bilan birga, jamiyatning axborot madaniyatini yuksaltirishga ham xizmat qiladi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Tomorqadan daromad, tikuvchilikdan bandlik

Angor tumanining "Bahor" mahallasida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini...

Taekvondochilarimiz xalqaro musobaqada sovrindor

Namangan shahrida Taekwondo WT bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Uzbekistan Open 2026”...

Ustozlar ichra a’lo

“Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” respublika tanlovida Boysun...

Bolalar xavfsizligi axborot makonidagi mas’uliyatdan boshlanadi

Bugun bolalarni zararli axborotdan himoya qilish faqat ota-onalar yoki...
KunTun
KunTun