Xalq so‘ziga aylangan nashr

Date:

“Xalq so‘zi” gazetasi o‘z nomidanoq xalqning dard-u tashvishlari, orzu-intilishlari va hayotdagi dolzarb masalalarini yoritishni maqsad qilganini namoyon etdi. Bugun 35 yoshni qarshilagan nashrning bosib o‘tgan yo‘li odamlar fikrini jamoatchilikka yetkazish va davr voqealarini matbuot sahifalarida aks ettirishdek mas’uliyatli vazifa bilan chambarchas bog‘liq.

Ana shu sana munosabati bilan Termiz shahrida “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tashkil etilganining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda jurnalistlar, jamoatchilik vakillari, gazetaning doimiy o‘quvchilari hamda axborot sohasi xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Surxondaryo viloyati bo‘limi raisi Chori Jumaqulov olib bordi. Dastlab gazetalarning tarixi va faoliyati aks etgan videolavha namoyish etildi. Tahririyat bo‘limi mudiri Abdunabi Aliqulov esa nashrlarning tashkil topish tarixi, bugungi faoliyati va milliy jurnalistikada tutgan o‘rni haqida so‘z yuritdi.

Gazetaning 35 yillik tarixida uning sahifalarida qalam tebratgan, hududlardagi voqea-hodisalarni respublika o‘quvchilariga yetkazgan muallif va jurnalistlarning ham munosib hissasi bor. Surxondaryolik ijodkorlar yillar davomida “Xalq so‘zi” bilan hamkorlik qilib, voha hayoti, odamlarni o‘ylantirayotgan masalalar va joylardagi o‘zgarishlarni yoritib keldi. Ular orasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Olimjon Usanovning ham o‘rni bor. Uning ko‘p yillik ijodiy faoliyati va nashr bilan bog‘liq mehnat yo‘li hudud jurnalistikasi bilan respublika matbuoti o‘rtasidagi ijodiy aloqalarni namoyon etadi. “Xalq so‘zi” muxbiri degan nomni sharaf deb bilgan ijodkorlar uchun bu hamkorlik voha hayotini keng auditoriyaga tanitishning muhim vositasi bo‘lib kelgan.

Yubiley munosabati bilan tahririyat tomonidan ta’sis etilgan “35 yil xalq bilan hamnafas” esdalik ko‘krak nishoni Surxondaryoda faoliyat yuritayotgan bir guruh jamoatchilik va axborot sohasi vakillariga topshirildi. Taqdirlanganlar orasida Surxondaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati rahbari — davlat tili bo‘yicha maslahatchi Murodbek Davlatov, Surxondaryo teleradiokanali direktori Muhiddin Jabborov hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Olimjon Usanov bor.

Termizdagi tadbir nashrning yubileyini nishonlash bilan birga, uning ko‘p yillik faoliyatiga hissa qo‘shgan insonlar mehnatini e’tirof etish imkonini ham berdi. O‘ttiz besh yillik tarix tahririyat jamoasi, muxbirlar va hamkor mualliflarning birgalikdagi ijodiy mehnati samarasidir. Bu tarix nashrning xalq hayoti bilan uzviy bog‘liqligi va jamiyatdagi muhim jarayonlarni yoritishga qaratilgan faoliyatida davom etmoqda.

S.Allayeva

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Tomorqadan daromad, tikuvchilikdan bandlik

Angor tumanining "Bahor" mahallasida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini...

Taekvondochilarimiz xalqaro musobaqada sovrindor

Namangan shahrida Taekwondo WT bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Uzbekistan Open 2026”...

Ustozlar ichra a’lo

“Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” respublika tanlovida Boysun...

Bolalar xavfsizligi axborot makonidagi mas’uliyatdan boshlanadi

Bugun bolalarni zararli axborotdan himoya qilish faqat ota-onalar yoki...
KunTun
KunTun