Surxondaryo viloyatida aholiga tarqatish uchun ajratilgan suyultirilgan gazni talon-toroj qilish holati aniqlandi. Bu haqda DXX viloyat boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, Termiz tumanidagi «Uchqizil» massivida faoliyat yurituvchi «UCHQIZIL GNS» MChJ mas’ullari aholiga yetkazib berish uchun ajratilgan 9 860 kilogramm suyultirilgan gazni noqonuniy ravishda talon-toroj qilgan. Mahsulotning qiymati 74 million 68 ming so‘mni tashkil etadi.
Mazkur holat yuzasidan korxona rahbari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qonuniy choralar ko‘rilgan.

