Shveytsariya Alp tog‘laridagi muzliklar so‘nggi yillarda misli ko‘rilmagan tezlikda qisqarib bormoqda. Olimlar ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning o‘zida muzliklar hajmining 5,5 foizi yo‘qolgan, 2021-yildan buyon esa mamlakatdagi umumiy muz hajmi qariyb 20 foizga kamaygan.
Tadqiqotlarda 2022–2026-yillar oralig‘idagi muz erishi kuzatuvlar tarixidagi boshqa har qanday besh yillik davrga nisbatan ikki baravar tez kechgani qayd etilgan. Bunga qish oylarida qorning kam yog‘ishi va yozda havo haroratining yuqoriligi asosiy sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.
Ayrim muzliklarning o‘rtacha qalinligi bir yil ichida 2,5–4 metrga kamaygan, ayrim muz tillari esa 10 metrgacha qisqargan. Shuningdek, bir nechta kichik muzliklar butunlay yo‘qolib ketgan.
Shveytsariyadagi eng yirik muzlik — 22 kilometrdan ortiq uzunlikdagi Aletsch muzligi ham yillar davomida sezilarli qisqargan. Olimlar iliq suvning muz ostidagi bo‘shliqlarni yemirishi natijasida ayrim muzliklar ichkaridan qulayotganini ham kuzatmoqda.

