Tomorqachilik modeli kengayadi

Date:

Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida Termiz tumanidagi “Tomorqa maktabi” faoliyati bilan tanishdi. Dastlab suv xo‘jaligida mahalliylashtirilgan texnika va uskunalar taqdimoti ko‘zdan kechirildi. Suv tejash texnologiyalari va zamonaviy irrigatsiya tizimlarini mahalliy ishlab chiqarish orqali xarajatlarni kamaytirish, iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda fermerlar talabini tezkor qondirish mumkinligi ta’kidlandi. Davlat rahbari bu yo‘nalishda ilmiy hamkorlikni kuchaytirish zarurligini qayd etdi.

“Tomorqa maktabi” aholiga tomorqadan samarali foydalanish, yuqori daromadli ekinlarni joriy etish, mahsulotni qayta ishlash va qadoqlashning zamonaviy usullarini o‘rgatishga ixtisoslashgan. Banklar ko‘magida faoliyat yuritayotgan muassasa, avvalo, ishsiz va kam ta’minlangan oilalarni barqaror daromad manbai bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Maktab Termiz, Muzrabot, Qiziriq, Bandixon, Angor va Jarqo‘rg‘on tumanlarini qamrab olgan bo‘lib, uch gektar issiqxona va uch gektar o‘quv-tajriba maydoniga ega. Bu yerda banan, papayya, limon, anjir, brokkoli va boshqa eksportbop ekinlar yetishtirilmoqda, tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan. Tinglovchilarga bir yilda uch marta hosil olish amaliyoti o‘rgatiladi.

Shu kungacha qariyb 1300 nafar fuqaro kurslarni tamomlab, o‘z tomorqasi yoki ijara yerida daromad topishni yo‘lga qo‘ygan. Vaucher tizimi asosida o‘qish xarajatlari qoplanadi, tadbirkorlik subyektlari esa urug‘ va ko‘chat bilan ta’minlab, yetishtirilgan mahsulotni xarid qilishni tashkil etadi.

Prezident maktab faoliyati bilan tanishar ekan, qayta ishlashni kengaytirish, qo‘shilgan qiymat yaratish hamda hudud uchun yangi bo‘lgan sitrus va tropik mevalarni yetishtirishni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. Ushbu tajriba Surxondaryoda kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash va eksport salohiyatini oshirishda samarali model bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Yangi Toshkentda Surxondaryoning 100 gektari bor

Prezidentimiz topshirig‘iga muvofiq, Yangi Toshkentda har bir viloyat uchun...

Muzrabotda qurilish loyihalari ko‘zdan kechirildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Muzrabot tumaniga tashrifi davomida...

Sherobodda ichki ishlar xodimlari e’tirof etildi

25-oktyabr kuni Sherobod tumani hokimligi majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi...

Uzunlik xotin-qizlar Jizzaxda gulchilik tajribasini o‘rganmoqda

Uzun tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Z. Mirzayeva...
KunTun
KunTun