…Beshinchi sinfda tahsil olayotgan Madina oq qog‘ozga uchib ketayotgan humo qushini tasvirlar ekan, uning yonida aks ettirgan timsollari tinchlikdan, osoyishtalikdan darak beradi. Ayniqsa, osmonning musaffoligi-yu, baland tog‘larning jimjimardorligi ko‘zni qamashtiradi. Maktabga borish niyatida qadam tashlayotgan o‘quvchilarning yuzidagi tabassum har kishini-da ko‘ziga quvonch bag‘ishladi. Tinchlik — bu shunchaki sukunat emas. U yurakdagi xotirjam urish, tongda qushlar sayrashi, bolalarning beg‘ubor kulgisi bilan o‘lchanadi. Yoshlar ijodida tinchlik mavzusi aynan mana shu mayin va muqaddas tuyg‘ulardan boshlanadi. Tinchlik — musaffolik aks ettirilgan bu surat hech kimni befarq qoldirmadi.
Albatta, tinchlik — ona allasidagi mayin ohang, sahargi quyosh nurida kulgan bola chehrasi, orzularga to‘la yosh qalbning xotirjam urishi. Yoshlar ijodida tinchlik mavzusi aynan shu nozik tuyg‘ulardan boshlanadi. Qalamini qo‘liga olgan har bir yosh faqat so‘z yozmaydi, balki, u kelajakni chizadi. She’rda tinch osmonni, hikoyada bir-birini tushungan insonlarni, rasmda esa kulgudan barq taratib turgan, qo‘l ushlashib turgan bolalarni tasvirlaydi. Ayniqsa, she’riyatda tinchlik mavzusi yoshlarning yuragiga yaqin. Ular har bir misrada “tinch osmon ostida yashash” degan oddiy, ammo eng buyuk istakni kuylaydi. Bu she’rlarda nafratga joy yo‘q, chunki yosh qalb nafrat bilan emas, umid bilan nafas oladi. Chunki yosh qalb tinchlikni kitoblarda o‘qib emas, uni saqlab qolish mas’uliyatini his qilib anglaydi.
Yoshlar ijodida tinchlik — bu faqat mavzu emas, bu pozitsiya, bu vijdon, bu kelajakka yo‘llangan samimiy maktubdir. Tinchlik — osmonning moviyligi, yerning xotirjam nafasi, yurakning qo‘rquvsiz urishidir. Uni ko‘rish mumkin emas, ammo u bor joyda hayot jilolanadi. Yoshlar ijodida tinchlik aynan ana shu ko‘zga ko‘rinmas, ammo qalb bilan his etiladigan ne’mat sifatida yashaydi.
Bugun yosh ijodkor qalamni qo‘liga olar ekan, u so‘zlar orqali dardini emas, orzusini aytadi. Chunki yosh qalb urushdan ko‘ra umidni yaxshi biladi. Uning satrlarida portlashlar emas, bahor nafasi bor; qon izlari emas, gullagan dalalar manzarasi chiziladi. Qalam esa qurol emas — duoga aylanadi.
Yoshlar she’rida tinchlik ko‘pincha ona timsolida namoyon bo‘ladi. Ona — bu osoyishtalik, bu kechki chiroq ostida kutib o‘tirgan sabr. Hikoyalarda esa tinchlik oddiy suhbatlarda yashaydi: bir piyola choy, samimiy tabassum, kechirilgan xato. Chunki tinchlik ba’zan baland shiorlarda emas, sokin lahzalarda yashirinadi.
Yosh ijodkor qalbi dunyoning og‘riqlariga befarq emas. U ko‘rmagan urushlardan ham titraydi, eshitmagan faryodlardan ham yuragi uvishadi. Shu bois, u so‘zga mas’uliyat bilan qaraydi. Har bir satr — buzilmasin deb yozilgan devor, har bir misra — osmonni asrashga qaratilgan tilakdir. Zero, yoshlar uchun tinchlik — shior emas, bu yashash tarzi. Bu bir-birini eshitish, tushunish, kechira olishdir. Hikoyalarda tinchlik ba’zan oddiy suhbatda yashaydi, ba’zan bir ko‘z qarashda, ba’zan esa sukutda. Chunki eng kuchli faryod ham ba’zan jimlikda yashirinadi.
Nigina Shoyeva,
“Surxon tongi” muxbiri

