Sudning ruxsati kerak

Date:

Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari, uning hayot daxlsizligi, shaxsiy hamda oilaviy siri, sha’ni va qadr-qimmatini kafolatli himoya qilishga qaratilgan qonunchilik bazasi izchillik bilan takomillashtirilib borilmoqda.
Ma’lumki, Konstitutsiyamizning 137-moddasiga ko‘ra, yurtimizda barcha sudlarda ishlar ochiq ko‘riladi. Ishlarni yopiq sud majlisida ko‘rib chiqishga faqat qonunda belgilangan hollarda yo‘l qo‘yiladi.
Aniqroq aytganda, amaldagi Fuqarolik protsessual kodeksining 12-moddasiga muvofiq, davlat siri, farzandlikka olish siriga taalluqli ma’lumotlar mavjud bo‘lgan ishlar, shuningdek, qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda, ishlar yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilishi mumkin.
O‘z navbatida, yopiq sud majlisida ishtirok etgan sudya, sud majlisi kotibi, prokuror, da’vogar, javobgar, uchinchi shaxslar, umuman olganda, barcha sud majlisi ishtirokchilari o‘zlariga ma’lum bo‘lgan ish tafsiloti va ma’lumotlarni boshqa shaxslarga oshkor qilishi mumkin emas.
Shu bois amaldagi qonunlarda yopiq sud majlislarida ishtirok etgan shaxslar ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlik haqida ogohlantirilishi belgilangan. Ammo qonunchilikda bunday ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun aniq javobgarlik choralari nazarda tutilmagan. Bu esa, o‘z navbatida, muayyan huquqbuzarlik uchun jazo choralari qo‘llanilmasdan qolinishiga olib kelayotgandi.
Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 26-sentyabr kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Fuqarolik-protsessual kodeksi va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Mazkur yangi qonun bilan yopiq sud majlisi muhokamasi ma’lumoti va tafsilotlarini oshkor qilishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ogohlantirilgan shaxslar tomonidan ma’lumot va tafsilotlar sudning ruxsatisiz oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Jumladan, Fuqarolik protsessual kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ekspert, mutaxassis va tarjimon yopiq sud majlisi muhokamasi ma’lumoti hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Xulosa o‘rnida aytganda, amaldagi qonunlarga kiritilgan ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar yopiq sud majlisi tafsilotlari anonimligini ta’minlash orqali shaxsning sha’ni, qadr-qimmati daxlsizligini kafolatli himoyalashga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyatga egadir.

Jaloliddin Xurramov,
viloyat ma’muriy sudi sudya katta yordamchisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Vatanni tanlab bo‘lmaydi…”

Donolarning: “Bu dunyoda ota-onani va Vatanni tanlab bo‘lmaydi”, degan...

TERMIZIYLARNING BENAZIR MEROSI

Surxon zamini ulug‘ mutafakkirlar, olim-u fuzalolar yurtidir. Ayniqsa, IX...

Yondashuv xolis, korrupsiya ojiz…

Bugun viloyatimizda sport sohasini rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga...

Bolalarning “nuroniy” kutubxonasi

Joriy yil davomida viloyat bolalar kutubxonasi yosh avlodni kitobxonlikka...
KunTun
KunTun