Har bir jamiyat farovonligi, milliy birdamligi, taraqqiyoti va tinchligiga raxna soluvchi illatlardan biri bu korrupsiyadir.
Korrupsiya lotincha “corruptio” – “yemirilish” degan ma’noni anglatadi. Etimologik jihatdan “korrupsiya” atamasi “buzish, pora evaziga og‘dirish” degan ma’noni anglatadigan “corruptio” so‘zidan kelib chiqqan. Yuridik ensiklopediya mualliflarining ta’kidlashicha, “korrupsiya — mansabdor shaxslar tomonidan ularga berilgan huquqlar va hokimiyat imkoniyatlaridan shaxsiy boylik orttirish uchun foydalanishda ifodalanuvchi siyosat yoki davlat boshqaruvi sohasidagi jinoiy faoliyatdir”. Jamiyat orasida korrupsiya holatiga qarab turli xil shaklda bo‘lishi mumkin. Bugungi rivojlangan zamonda korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar tobora ommalashib bormoqda. Quyida korrupsiyaning bir necha turlarini sanab o‘tish maqsadga muvofiq.
Yirik korrupsiya deganda, amaldagi davlat siyosatini yo‘qqa chiqaradigan, hukumat darajasida amalga oshiriladigan siyosiy va hukumat rahbarlariga xalq hisobidan manfaat ko‘rishga imkon beradigan harakatlar tushuniladi.
Maishiy korrupsiya deganda, odatda kasalxonalar, maktablar va boshqa joylarda asosiy xizmatlardan foydalanishga uringan oddiy fuqarolar bilan aloqa qilishda hokimiyatning quyi va o‘rta bo‘g‘inlari mansabdor shaxslarining kundalik ishonchli vakolatlarini suiiste’mol qilishlari tushuniladi.
Siyosiy sohada korrupsiya demokratik tamoyillarga o‘tish jarayonini to‘xtatadi, siyosiy maqsadlarni umummilliy rivojlanish maqsadlariga emas ayrim guruhlarning maqsadlariga tobe qiladi, qonun ustuvorligini buzilishiga, siyosiy va sud institutlari faoliyatining samarasi tushishiga, mamlakat obro‘sining pasaytirishiga va haqiqiy siyosiy raqobatning yo‘qolishiga olib keladi, shu bilan hokimiyatga ishonch susayadi, uni jamiyatdan uzoqlashtiradi.
Iqtisodiy sohada korrupsiya davlat mablag‘lari va resurslarining samarasiz taqsimlanishi va sarflanishiga, biznesni yuritishda ko‘p vaqt va moddiy xarajatlarga, moliyaviy va tijorat xavflarining, narxlarning o‘sishiga, raqobat muhitining yomonlashishiga, xufiyona iqtisodiyotning o‘sishiga, soliq tushumlarining kamayishiga, investitsion muhitning yomonlashishiga, investitsiyalarning kamayishi va umuman mamlakat iqtisodiyoti samaradorligining pasayishiga olib keladi.
Ta’lim sohasidagi korrupsiya – maktabgacha ta’lim, umumta’lim, oliy ta’lim, oliy ta’limdan keyingi ta’lim jarayonida haqiqiy bilim va malakani baholashda adolatsizlik tamoyili asosda yondashib, soha vakillarini moddiy yoki shaxsiy manfaat taqozosi bilan baholashdir. Natijada, bu kabi layoqatsiz kadrlar davlat va jamiyat farovonligiga katta xavf solishi tabiiy.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ham korrupsiya bilan qarshi kurashish borasida bir qancha islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” 2017-yil 3-yanvardagi O‘RQ-419-sonli qonun qabul qilinib, unda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ygan har qanday shaxs javobgarlikka tortilishi alohida qayd etib o‘tilgan. Shuningdek, 2025-yildagi 1292-V-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qarori”da ham korrupsiya holatlarining oldini olish va shaffoflik tizimini joriy etishga alohida e’tibor qaratilgan.
Darhaqiqat, qaysi bir xalq orasida korrupsiya holatlari kuzatilsa, ushbu jamiyat natijada parokandalikka yuz tutishi, turli xil kelishmovchiliklar yuzaga kelishi, xalqning davlatga nisbatan ishonchi susayishi, odamlar orasida poraxo‘rlik avj olishi, davlat xizmatchilari shaxsiy manfaati doirasida ish olib borishi, salohiyatli kadrlar o‘rniga salohiyatsiz kadrlar maqom topishi kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Muborak islom dinida korrupsiya qattiq qoralangan. Inson hayotida poraxo‘rlik, firibgarlik, o‘zgalar rizqini nohaq yeyish kabi illatlar mavjud ekan, ulardan shaxs va jamiyatni xalos etish uchun harakat qilish, poraxo‘rlikning oldini olish har bir oqil musulmonning hayotiy vazifasi bo‘lishi shart. Bu haqda dinimiz ko‘rsatmalarini o‘rganish, uni amalga tatbiq etish, shunday illatlarga duch kelinsa, tegishli idoralarga xabar berish muhim amallardan sanaladi. Zero, poraxo‘rlik gunoh ishlardandir. Bir gunohni ko‘rib turib, unga indamaslik, shu gunohga rozi bo‘lish bilan barobar. Muborak dinimizda birovning molini bu yo‘llar bilan o‘zlashtirish qattiq qoralangan. Alloh taolo Qur’oni karimning Baqara surasi, 188 oyatida bu haqda marhamat qilib, “O‘rtalaringizdagi mol – boyliklaringizni botil yo‘llar bilan yemang. Shuningdek, bila turib, odamlarning boyliklaridan bir qismini gunoh yo‘l bilan yeyish maqsadida uni hukm chiqaruvchilarga havola etmang”, deydi.
Bu o‘rinda birovning haqqini nohaq yeyish hamda pora beruvchi va pora oluvchi ham og‘ir gunohkor bo‘lishligi aytib o‘tiladi. Alloh taolo Niso surasi 29-oyatda shunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar, bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemang”.
Poraning arabcha ma’nosi “rishva” bo‘lib, Islom ulamolari unga: “Pora – kishi o‘zi haqli bo‘lmagan narsasiga erishishi yoki zimmasida lozim bo‘lgan narsadan qutilishi uchun taqdim etgan mol yoki manfaatdir”, deb ta’rif beradilar.
Poraxo‘r inson pora olish bilan diniga, iymoniga, vijdoniga, ishonib topshirilgan vazifasiga, davlatiga, xalqiga, yeng asosiysi “yaxshilik qilyapman”, deb, oilasi va farzandlariga xiyonat qilayotganini yaxshi bilishi va anglashi lozim. Dinimiz ko‘rsatmalarida, poraxo‘rlar qilmishidan qaytib, chin dildan tavba qilmasa, ularni dunyo va oxiratda nihoyatda og‘ir jazolar kutib turgani, oyat va hadislar orqali jiddiy ogohlantirilgan.
Demak, pora talab qilish ham, pora berish ham, ular o‘rtasida vositachilik qilish ham harom amaldir.
Yuqoridagi oyat va hadislardan shuni anglash lozimki, pora olishning har qanday turi islom dinida qoralangan. Chunki, pora oluvchi shaxs dunyo moli va nafsi uchun vijdonini sotadi. Vijdonini sotgan shaxs, oilasi, yaqinlari, xalqi va vataniga ham xiyonat qilishdan qaytmaydi.
Nohaq yo‘l bilan daromad topaman deb birovlarga zulm qilgan inson hech qachon mol-u mulkida baraka bo‘lmay, sarsonlik bilan hayot kechiradi. Zero, tarix davomida qaysi bir amaldor pora olgan bo‘lsa yoki birovga adolatsizlik yuzasidan yon bosgan bo‘lsa, oxir-oqibat moddiy-ma’naviy zarar ko‘rishgan. Saljuqiylarning donishmand vaziri Nizomulmulk o‘zining “Siyosatnoma” asarida shunday deydi:
“Raiyatdan birortasi ne’mat haqini, omonlik va tinchlik qadrini bilmasa, xiyonat etishni andisha qilib, sotqinlik qilsa, nomardlik ko‘rsatsa, haddidan oshib ketsa, gunohini bo‘yniga qo‘yib, munosib jazo berib, ishdan olib, ulardan voz kechish kerak”.
Nizomulmulk: xalqparvar, vatanparvar, sadoqatli, salohiyatli va imoni pok shaxslar vatanni obod qilishi, shuningdek, xalqning molu mulkiga xiyonat qilmasligini bayon etadi. Agar qaysidir mansabdor, o‘z nafsini o‘ylab, xalq moliga xiyonat qilsa, bu kabilarni qonun bilan jazolab ularni ishdan chetlatish zarurligi uqtirilgan. “Siyosatnoma” asarining boshqa bir joyida aytadiki:
“Hozirga zamon mansabdorlari shundayki, harom dinorlarga parvo qilmaydilar, haqiqatni behuda narsaga chiqaradilar, ish oqibatini o‘ylamaydilar.
Ismiol (Somoniy)da shunday odat bor ekan: qattiq sovuqli kunlarda, qor yoki yomg‘ir yog‘sa ham yolg‘iz o‘zi maydonga chiqib, peshin namozi vaqtigacha otga minib turar ekan va aytarkanki, biror mazlum kishi hojati bo‘lib saroyga kelsa-yu, turar joyi bo‘lmasa, qor va sovuqda bizni ichkarida ko‘rsa, biz bilan ko‘rishishi qiyin bo‘ladi. Biz kutib turganimizni ko‘rsa, kelib ishini hal qilib, salomat qaytadi”.
Xulosa qilib aytish mumkinki, buyuk ajdolarimiz asrlar davomida korrupsiyani ma’naviy illat sifatida baholagan. Yuqorida ta’kidlaganmizdek, korrupsiya faqatgina pul shaklida bo‘lmasligi mumkin, balki birovning ishini hal qilib berish, kishilarga adolatsizlik qilish, kishi nafsiga erk berib, odamlarni aldashi, moddiy manfaat orttirish maqsadida turli xil fitnalarni keng ommaga tarqatishi, birovni qo‘rqitib molini talon-toroj qilishi, mansabdor shaxsning umumjamiyat mulkidan shaxsiy manfaati yo‘lida foydalanishi kabi illatlar korrupsiyaning turli xil ko‘rinishlaridir.
Natijada aytish mumkinki, korrupsiyaning oldini olish uchun har bir shaxs, dastlab o‘zligini anglab, nafsini to‘g‘ri yo‘lda tarbiyalab borsa, ajdodlar merosini o‘rgansa, vatani va xalqini chin qalbdan sevsa, eng muhimi korrupsiya — ikki dunyo saodatini barbod etishini anglasa, islom dinida og‘ir gunoh ekanligini bilsa hamda qonunchilikda jazo muqarrarligidan xabardor bo‘lsa, asta-sekinlik bilan jamiyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, korrupsiyaning oldini olishga hissa qo‘shishi mumkin.
Karomiddin Jamahmatov,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

