Tabiatni asragan — kelajakni asraydi

Date:

Insonning tabiat bilan boʻlgan rishtalari qadimdan uzilmagan. Yerning bagʻridan yetilgan oʻsimliklar, daryolarning sokin oqimi, togʻlarning salobati, shamolning mayin nafasi, osmonning bepoyonligi insonning har bir nafasida aks etadi. Bu manzaralarning barchasi Yaratganning cheksiz qudrati haqida eslatma boʻlib turadi. Tabiat faqat hayot manbayi emas, balki buyuk moʻjizalardan biri, insonning tafakkuri va ruhiy poklanishi uchun ochiq kitobdir.

Bugungi kunda atrof-muhit ifloslanishi, suv tanqisligi, havoning buzilishi, chiqindilarning koʻpayishi, daraxtlarning kesilishi dunyo hamjamiyatini tashvishga solmoqda. Bu jarayonlar jamiyat farovonligiga, inson salomatligiga, kelajak avlodning hayotiga jiddiy xavf tugʻdiradi. Masalani hal etish uchun faqat hukumat yoki mutaxassislar emas, balki har bir inson masʼul boʻlishi kerak.

Islom dini tabiatni Allohning bandaga bergan omonati sifatida koʻradi. Qurʼon oyatlarida keltirilgan koʻplab misollar insonni tabiatdan ibrat olishga, undagi tartibni buzmaslikka, isrof qilmaslikka, poklikni saqlashga chaqiradi. Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning hadislarida esa tabiatga mehr, hayvonlarga gʻamxoʻrlik, tozalik va masʼuliyat keng yoritilgan. Demak, atrof-muhitni asrash nafaqat ekologik talab, balki moʻminning eʼtiqodi bilan bogʻliq burchdir.

Qurʼoni karimda tabiat Allohning belgilaridan biri sifatida talqin qilinadi. Insonning yerdagi vazifasi unga halokat keltirish emas, balki tartibni tiklash, saqlash va bunyodkorlikdir.

Qurʼonda isrof qilish yomon koʻrilgan. Isrof suvning bekorga oqizilishi, ovqatning behuda tashlab yuborilishi, energiyaning meʼyoridan ortiq sarflanishi kabi holatlar orqali tabiatga bevosita zarar yetkazadi. Bu esa insonning nafaqat dunyoviy, balki diniy masʼuliyatini ham ogʻirlashtiradi.

Islom poklikning dinning ajralmas qismi ekanini uqtiradi. Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.): “Tozalik imonning yarmidir.” deya taʼkidlaganlar. Bu nafaqat badan yoki kiyimning, balki atrof-muhitning ham pok boʻlishini anglatadi.

Musulmonning tozalikka oid vazifalari quyidagi koʻrinishda talqin qilinadi: suv manbalarini asrash, yoʻllarni ozoda tutish, axlatni belgilangan joyga tashlash, daraxt va oʻsimliklarga zarar yetkazmaslik, hayvonlarga mehribon boʻlish, mahalla va koʻchani pok saqlash.

Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning yoʻldan ozorli narsani olib qoʻygan odamni sadaqa qilgan deb baholashlari atrof-muhit tozaligining qanchalik yuksak qadri borligini koʻrsatadi. Suvni tejash, daraxt ekish, chiqindilarni tartib bilan tashlash, ortiqcha isteʼmoldan tiyilish, oʻsimlik va hayvonlarga mehr koʻrsatish islomning poklik haqidagi taʼlimotiga mos amallardir. Paygʻambarimizning: “Kim daraxt eksa, undan foydalangan har bir jon uchun savob yoziladi”  mazmunidagi hadislari ekologik madaniyatning musulmon hayotidagi oʻrnini yanada yoritadi.

Bugungi kunda chiqindilarni qayta ishlash, energiya tejash, plastikdan kam foydalanish, tabiatni asrab-avaylash borasidagi harakatlar nafaqat zamonaviy talab, balki diniy burchning ham bir koʻrinishidir. Shaxsiy masʼuliyat jamiyat farovonligiga olib keladi.

Mahallalarda oʻtkaziladigan tozalik aksiyalari, daraxt ekish tadbirlari, suvni tejash haqidagi targʻibotlar, masjid imomlarining odob-axloq va poklikka doir maʼruzalari jamiyatda ekologik tarbiyani shakllantiradi. Ota-onalarning bolalarga tabiatni asrashni oʻrgatishi esa kelajak uchun mustahkam poydevor boʻladi.

Yer bizga berilgan ulugʻ omonatdir. Inson oʻz hayoti davomida bu omonatga qanday munosabatda boʻlishi uning maʼnaviy darajasini belgilaydi. Daraxtlarning kesilishi, suvning ifloslanishi, havoning buzilishi, chiqindilarning koʻpayishi insonning tabiatga nisbatan beparvoligi natijasidir. Bu beparvolik aslida buyuk neʼmatlarga hurmatsizlikdir.

Tabiatni asrash musulmonning iymonidan kelib chiqadigan burchdir. Har bir daraxt, har bir tomchi suv, har bir toza havo kelajak avlodga qoldiriladigan bebaho merosdir. Bu merosni asrash uchun har bir kishi oʻziga savol berishi lozim: “Men ertangi avlod uchun qanday muhit qoldiryapman?” Shunday ekan,  kichik bir ezgu amal ham jamiyatning umumiy farovonligiga xizmat qiladi. Tabiatni asragan inson oʻzini, jamiyatni va kelajakni asragan boʻladi.

Muxlisa Ergashova,

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Ipak yo‘lida uyg‘onish”: Surxon jozibasi namoyon

Bugun turizm sohasi nafaqat iqtisodiyotning faol rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri,...

To‘palangdan Termizga suv keldi

So‘nggi yillarda yurtimizda aholining hayot sifati va turmush farovonligini...

Halollik — tanlov emas, majburiyat

Korrupsiya ta’lim sohasiga kirib kelganida, u nafaqat moddiy zarar...

Tarixiy ildizlarda yangi hayot nafasi

Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan, asrlar davomida turli sivilizatsiyalar...
KunTun
KunTun