OpenAI kompaniyasi ChatGPT chat-botidan foydalanish shartlarini yangilab, foydalanuvchilarga huquqiy va tibbiy masalalarda maslahat berishni taqiqladi. Endilikda ChatGPT bunday so‘rovlarga javoban faqat internetda mavjud umumiy ma’lumotlarni taqdim etadi va foydalanuvchilarga litsenziyali mutaxassisga murojaat qilishni tavsiya qiladi.
Yangilanishga ko‘ra, chat-bot tibbiy suratlar yoki inson tanasi fotosuratlarini tahlil qilishni ham to‘xtatdi. Foydalanuvchilar ta’kidlashicha, hatto farazli ssenariylar orqali bu cheklovni aylanib o‘tishga urinishlar ham samara bermaydi — tizim faqat umumiy tavsiyalar bilan cheklanadi.
OpenAI bu o‘zgarishlarga rasmiy izoh bermagan, biroq kuzatuvchilarning fikricha, bunday chora huquqiy xavflarni kamaytirish va noto‘g‘ri maslahatlar uchun javobgarlikni oldini olishga qaratilgan.
So‘nggi paytlarda ChatGPT va boshqa neyrotarmoq modellarining javoblarida aniqlik pasaygani ham qayd etilmoqda — mutaxassislar buning sababini ba’zi ma’lumotlar cheklanishi va modelning to‘liq ishonchli manbalarga ega bo‘lmasligida ko‘rmoqda.

