Kulsang, yig‘laganning isi keladi

Date:

Ijtimoiy so‘rovnomalarda asosan teran fikrli kishilar ishtirok etadi, chunki ular so‘rovnomalarning qandaydir tadqiqotlar uchun asos bo‘lishini biladi. Biroq deyarli har oyda so‘rovnomalarda ishtirok etaman: goh majburiy, goh ixtiyoriy. Rahbariyat topshirig‘i bilan ancha-muncha tadbirkorlar nomidan so‘rovnomalarni “yashnatdim”. Ular duch kelayotgan muammolar bilan tanish emasligim uchun, hammasi a’lodan nariga o‘ta olmaganman, rosti.Ammo bir kuni kitobxonlik madaniyati haqidagi so‘rovnoma meni anchagina o‘yga toldirganini ham tan olishim kerak. Javoblarni tanlar ekanman, yolg‘on gapirsam, bo‘ynimdan g‘ippa bo‘g‘masa kerak deb ham o‘yladim. Keyin esa aslim kabi ko‘rinishga qaror qildim. Hammasini ochiq-oydin belgiladim. So‘rovnoma natijalarini kutdim — e’lon qilinmadi. Ishondimki, hamma asl yuzini oshkor etgan. So‘rovnoma kutilgan natijani bermagan…
Biroq yaqinda jami 533 nafar o‘smir, 272 nafar ota-ona va 29 nafardan iborat ekspert guruhi ishtirok etgan so‘rovnoma natijalarini o‘qib qoldim.Jamiyatning bugungi ahvoli raqamlarda shunaqa chiroyli dalillanganki, kitobxonlik saviyamiz qanchalik ekanligi haqida og‘iz ko‘pirtirishga hojat qolmaydi.

O‘qimaslik uchun sabablar bisyor


So‘rovlarda ota-onalar o‘z farzandlari bilan birga kitob o‘qishiga to‘siq bo‘luvchi asosiy omillarga alohida e’tibor qaratilgan. Ma’lum bo‘lishicha, respondentlarning 28,1 foizi ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarga chalg‘ib qolishni, 23,3 foizi uy yumushlarining ko‘pligini, 22,3 foizi ishxonadagi ishlarni, 14 foizi televizor tomosha qilishni, 12,3 foizi uydagi ba’zi bir muammo-larning ko‘pligini sabab sifatida ko‘rsatgan. Ertaga 28,1 foiz ijtimoiy tarmoqqa kirishib ketgan bola keksa ota-onasidan xabar olishi mumkinligi haqida o‘ylab seskanib ketdim…
Ro‘zg‘or tashvishlarini dolzarb muammo sifatida baholagan ota-onalarning bolalar bilan kitob o‘qishga xalaqit beruvchi omillari talaygina. Ammo ekspertlar (o‘qituvchi, kutubxonachi, maktab yetakchisi) fikriga ko‘ra, o‘smirlarning kitob o‘qishiga to‘sqinlik qiluvchi asosiy omillar quyidagicha:
— texnologiyalar ta’siri – 47,3 foiz;
—️ ota-onalarning e’tiborsizligi – 35 foiz;
— o‘qishga ishtiyoqning pastligi – 21,3 foiz;
— qiziqarli kitoblarning yetishmasligi – 10,7 foiz;
— kutubxonalarning qulay emasligi va tengdoshlarning ta’siri – 16,8 foiz.
Ana senga zarba… Texnologiyalar tarbiyalayotgan avlod va ota-ona e’tiboridan mosuvo farzand. Bundan ortiq ta’rif bo‘lmasa kerak.


Mutolaaga kerakdir turtki


Mutaxassislar o‘smirlarning kitob o‘qishiga eng kuchli ta’sir etuvchi omillar sifatida:
— ota-onalarning kitob o‘qishga munosabati – 17,4 foiz;
—️ kitob o‘qiganlik uchun mukofot olish – 16,5 foiz;
— kitobning o‘smir qiziqishlariga mos kelishi – 13,9 foiz;
— tengdoshlarning kitobxonlikka qiziqishi – 13,9 foiz;
—️ ijtimoiy tarmoqlarda kitoblar haqida fikr almashish va muhokama qilish
(10,4 foiz) muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlaydi.
 Hmm… Uyida kutubxonasi bor millatlar — rivojlangan davlatlarda ekani bejiz emas. Bolasini jazolash uchun kutubxonaga qamab qo‘yadigan xalqlar ham o‘zbek deb atalmaydi aniq. Bu ketishda Erix Mariya Remarkni ayol kishi, Jorj Sandni erkak bilib, adabiyot alangasini kulga aylantiramiz aniq.

Kitob uchun pul yo‘qmi, xohish…


Ota-onalarning farzandlariga kitob xarid qilish darajasiga ko‘ra:
— 38 foizi – yiliga 2-3 marta;
— 19,5 foizi – har oy;
— 18,1 foizi – faqat tug‘ilgan kun yoki bayramlarda;
—️ 10 foiz – oyda 2-3 marta;
— 7,2 foiz har hafta kitob sotib oladi.
— 4,8 foizi esa kitob sotib olmasligini bildirgan.
Bu raqamlarga ishondim… Negaki, savol noto‘g‘ri berilgan. Kitob emas, badiiy adabiyot deyilganda raqamlar qulagan bo‘lardi. Ota-onalar kitob olib berishyapti, oliy o‘quv yurtiga kirish hayotdagi eng muhim jihat, oliy maqom bo‘lgach, tayyorgarlik uchun maxsus kitoblarni xarid qiladi-da… Ammo tobora qisqarib borayotgan badiiy adabiyot rastalari bugungi didni ifodalay oladi. So‘nggi kunlar ijtimoiy tarmoqlarda marketing mahsuli bo‘lgan yangi tarjimalar qo‘lma-qo‘l bo‘lganiga guvohman. Ammo aksari o‘zbek adabiyotining yengilroq yozilgan hikoyasidan ko‘ra pastroq nazarimda. Bozori chaqqon har bestseller ham didni tarbiyalay olmaydi. Ayrim “kitobxonlar” internetda post qoldirish uchun ham “Yashamoq”qa murojaat qilishdi, trenddan qolmay deb “Kaktuslar ham gullaydi”dan rohatlanishdi. Suratlar filtrlandi, ammo kitobning so‘nggi sahifasi o‘qilmadi. Yo kimgadir sovg‘a qilindi, yo o‘qimas dugonalar bir-birining bu kitoblar fonida suratini olish bilan band bo‘lishdi.


Beshtadan bittasi kutubxonadan bexabar


Ota-onalarning maktab va mahalladagi kutubxona faoliyatidan qoniqish darajasi:
— 45,6 foizi – to‘liq;
— 20,9 foizi – qisman qoniqadi;
—️ 11.9 foizi – qoniqmaydi;
— 21,6 foizi – kutubxonalarning faoliyatiga qiziqish bildirmasligini namoyon etgan.
Aslida kutubxonalarning qariyb 50 foizigina talab darajasida. Masalan, men ishlaydigan maktabning kutubxonasi nari borsa 3 kvadrat metr. Ayrim xonadonlarda zaruratxona ham bundan ancha kengroq, shinamroq… Kulsang, yig‘laganning isi keladigan manzara. Yana bilmadim. Ammo jahon adabiyoti durdonalari bisyor, javonlarda hali o‘quvchisini intiq kutayotgan asarlar mushtoq. Yo bu maktab joylashgan mahalladagi ota-onalar 21,6 foizlik kutubxonalarning faoliyatiga qiziqmaydiganlar toifasidan, yoki to‘liq qoniqadi… Chunki mening 10 yillik qisqa faoliyatimda ham shu kutubxona shu holatida turibdi-da…
Tadqiqotda o‘smirlarning bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazishi o‘rganilganda 21 foiz o‘smir kitob o‘qish variantini tanlagan. Ammo qolgan 79 foiz yosh sport bilan shug‘ullanish, ijodiy faoliyat kabi faol mashg‘ulotlarga e’tibor qaratish, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatish, televizor tomosha qilish, do‘stlari bilan vaqt o‘tkazish kabi passiv faoliyatga moyil ekanini bildirgan.

Mutolaa qizg‘in jarayon bo‘lsa, qiziq…mi?!


O‘smir respondentlardan qaysi turdagi kitoblarni o‘qish qulayligi so‘ralganda:
— 41.7 foizi – yoshlar bosma kitoblarni;
— 25 foizi – elektron kitoblarni;
— 33,3 foizi – kitobning formatiga (bosma yoki elektron) ahamiyat bermasligini, ular uchun asosiy mezon kitobning mazmuni va o‘qish jarayonining sifatliligini ko‘rsatgan.
Ekspertlar fikriga ko‘ra, o‘smir yoshlarni kitobxonlikka qiziqtirishda interaktiv o‘qish usullaridan foydalanish (29,5 foiz), kitoblar asosida filmlar namoyish etish (24,4 foiz), kitobxonlik klublarini yaratish (21,8 foiz), sinfdan tashqari o‘qishni tashkil etish (12,8 foiz), raqamli texnologiyalardan foydalanish (12,8 foiz), yozuvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish (10,3 foiz) samarali usullar hisoblandi. Demakki, endi kitob o‘qitish uchun shou dastur, zamonaviy estrada vakillari bilan adabiyot haqida suhbatlarga ehtiyojimiz bormi?! Eh, yozuvchi bilan uchrashuvning ahamiyati so‘nggi o‘rinda ekan, asarning o‘qilishi-yu uning mohiyatiga qiziqish nechog‘lik ahamiyatli bo‘lajak?! Boshga tushganni ko‘z ko‘raveradi, aniq…

So‘rovnomachi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Uzunlik polvon misrda kuchini ko‘rsatdi

Bugungi kunda parasport turlari bo‘yicha yoshlarimizning erishayotgan yutuqlari barchamiz...

“Kitob o‘qib kam bo‘lmadik, yuksaldik, o‘sdik”

Oila — insonning birinchi maktabi, kitob esa bu maktabning...

BOBOTOG‘DAY BO‘LDI XIRMONLAR…

Viloyatimiz paxtakorlari yurtimiz agrar sohasida navbatdagi yirik yutuqqa erishdi...

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Timur ISMOILOVning voha ahliga MUROJAATI

So‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat tufayli...
KunTun
KunTun