O‘zbekistonga ishonch oshmoqda

Date:

Prezidentimizning 2025-yil 20-24-sentyabr kunlari Amerika Qo‘shma Shtatlariga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida ishtiroki mamlakatimiz tashqi siyosatidagi muhim voqeadir.
Prezidentimiz dunyoning 190 dan ortiq davlatlari rahbarlari ishtirok etgan ushbu yirik xalqaro minbarda so‘zga chiqib, BMTning eng dolzarb global muammolarni hal etish uchun asosiy platforma sifatidagi o‘rniga, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston — yangi taraqqiyot bosqichida” tamoyiliga asoslangan siyosat hamda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar keng yoritildi. Ayniqsa, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, yashil energetikani rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va Markaziy Osiyoda barqaror transport-logistika infratuzilmasini yaratish borasi-dagi takliflar xalqaro hamjamiyat tomonidan katta e’tibor bilan qarshi olindi.
Prezidentimizning AQSHga safari nafaqat BMT minbarida O‘zbekiston pozitsiyasini ifoda etish, balki ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi. Tashrif davomida AQSH Prezidenti, Davlat kotibi va boshqa yuqori martabali rasmiylar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar har tomonlama manfaatli kechdi. Muzokaralarda savdo-iqtisodiy, investitsion va texnologik hamkorlikni kengaytirish, ta’lim va fan sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, xavfsizlik hamkorligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston rahbarining AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi tashrifning markaziy voqeasi bo‘ldi. Davlat rahbarlari O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar. AQSH yetakchisi Yangi O‘zbekistonda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, aholi farovonligini oshirish va xalqaro nufuzni yuksaltirishga qaratilgan ortga qaytmas islohotlarni yana bir bor qo‘llab-quvvatladi.
Shuningdek, BMT Bosh kotibi A.Guterrish, Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon, Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn, Chexiya Respublikasi Prezidenti Petr Pavel, Albaniya Prezidenti Bayram Begay, shuningdek, XVF boshqaruv direktori Kristalina Georgiyeva, Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga va Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okondjo-Iveala bilan ham muzokaralar o‘tkazdi.
Prezident, shuningdek, yirik Amerika kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan uchrashib, ularni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, investitsiya muhiti va yangi imkoniyatlar bilan tanishtirdi. Keyingi yillarda O‘zbekiston va AQSHning ko‘p qirrali hamkorligi yuksak darajaga ko‘tarildi. Tovar ayirboshlash hajmi 8 yilda 4 barobar oshdi. AQSHning 300 dan ortiq kompaniyasi O‘zbekistonga sarmoya kiritdi. “Franklin Templeton” bilan birgalikda Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil etildi. Muhim minerallarni qayta ishlash va barqaror yetkazib berish zanjirlarini shakllantirish, IT, sun’iy intellekt, raqamlashtirish, transport, energetika va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish va ko‘plab boshqa sohalarda aniq loyihalarni ilgari surish iqtisodiy va innovatsion sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.
Mazkur uchrashuvlar natijasida energetika, transport, raqamli texnologiyalar, farmasevtika va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda bir qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. AQSH bilan aloqalarning yangi bosqichga ko‘tarilishi mamlakatimiz iqtisodiyotiga investitsiyalar oqimini oshirish, yangi texnologiyalarni jalb etish va zamonaviy bilimlarni transfer qilish uchun keng yo‘l ochadi. Eng muhimi, bu safar xalqaro miqyosda O‘zbekistonning ishonchli, ochiq va hamkorlikka tayyor davlat sifatidagi imijini yanada mustahkamladi.
Tashrifi yakunida davlatimiz rahbari, an’anaga ko‘ra, AQSHda ishlayotgan va yashayotgan bir guruh vatandoshlarimiz, shuningdek, Amerikaning yetakchi universitetlarida tahsil olayotgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashdi. Norasmiy muhitda o‘tgan samimiy suhbat davomida Yangi O‘zbekistondagi islohotlarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar, xususan, ularni faol ilgari surishda vatandoshlar va ularni birlashtiruvchi tashkilotlarning ishtiroki muhokama qilindi. Uchrashuvda muvaffaqiyatli tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan vatandoshlar va yoshlar o‘rtasida muloqot maydonini yaratishga qaratilgan “Vatandoshlarning xalqaro biznes marafoni”ga start berildi.
Ushbu tashrif nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy aloqalarni yanada kengaytirishga, xalqimizning farovon hayotini ta’minlashga xizmat qiladi. Eng asosiysi, bu safar O‘zbekistonning global jarayonlarda ishonchli hamkor sifatida mavqeyini mustahkamlab, yangi taraqqiyot ufqlarini ochib beradi.

Otabek Abdug‘aniyev,
Termiz davlat universiteti Iqtisodiyot fakulteti dekani, iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Norbek Nurmatov,
Termiz davlat universiteti “Iqtisodiyot” kafedrasi
katta o‘qituvchisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Ko‘p tarmoqli faoliyat — samaradorlik garovi

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan uzluksiz...

So‘zdan ma’noga: yoshlar lug‘at sirlarini o‘rganmoqda

Surxondaryo viloyat axborot-kutubxona markazida “Kitobxonlik haftaligi” doirasida “O‘zbek tilining...

Mansabdor ushlandi

Korrupsiyaga qarshi kurash izchil davom etayotganiga qaramay, ayrim mansabdor...

Jazosi og‘ir bo‘ladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bezorilik jinoyati uchun javobgarlikni kuchaytirishga...
KunTun
KunTun