Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bola tug‘ilganidayoq navbatga qo‘yilishi bejiz emas. Chunki yillab navbat kutiladi, bola bog‘cha yoshiga yetganida navbati kelishi mumkin. Ayniqsa, ko‘p qavatli turarjoy mavzelaridagi ta’lim muassasalari ancha talabgir. Qolaversa, ularda bo‘sh o‘rin bo‘lsa, nur ustiga nurdir. Aks holda ishlashimiz, qandaydir rejalarimizni amalga oshirishimiz haqidagi o‘ylarimiz keyinga suriladi. Bunday rejalarni amalga oshirish mayliku-ya, maktabgacha ta’lim yoshiga yetgan, ayni o‘rganadigan, boshlang‘ich bilimlarini oladigan paytida uyda o‘tirishidan yomoni yo‘q.
Mamlakatimizda har bir bola sifatli ta’lim va tarbiya olish huquqiga ega. Shu bois, so‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor bu tizimni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirdi va ta’lim tashkilotlarida bolalar qamrovining oshishiga xizmat qilayotir. Bu esa oy-u yillab navbat kutishga chek qo‘yayotgani o‘g‘il-qizlarimiz, kelajak avlod taqdirini
o‘ylab qilingan ezgu tashabbus deyishimiz mumkin. Chunki maktabgacha ta’lim — bu nafaqat kelajakdagi bilim poydevori, balki farzandlarning ijtimoiy muhitga moslashuvi, muloqot madaniyatini shakllantirish, ijodkorlik va mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish bosqichidir.
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 9-sentyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida maktabgacha va maktab ta’limi sohasidagi islohotlar ijrosi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Unda hokimlarga bo‘sh yerlarni aniqlab, auksionga chiqarish, maktab va bog‘chalar hududida foydalanilmayotgan joylar hisobidan yangi bog‘chalar qurish, shuningdek, har bir tumanda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida
80 foizga yetkazish vazifasi yuklandi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Surxondaryo viloyatida amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Bu boradagi ishlar doirasida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Qumqo‘rg‘on tumani “Hunarmandlar” mahallasidagi maktab hududining foydalanilmayotgan qismida, shuningdek, videokonferensaloqa orqali viloyatning barcha shahar va tumanlarida 68 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurilishiga start berdi.
Yangi loyihalar natijasida yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratiladi, bolalarni maktabgacha ta’limga jalb qilish imkoniyatlari kengayadi. Eng muhimi, ushbu bog‘chalar zamonaviy ta’lim standartlariga mos tarzda jihozlanib, bolalarning sog‘lom va intellektual rivojlanishiga xizmat qiladi.
Tadbirda viloyat rahbari hududlar mas’ullari hamda soha mutasaddilariga tadbirkorlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, loyihalarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish, ayniqsa talab yuqori bo‘lgan, ammo qamrov past bo‘lgan mahallalarda yangi bog‘chalar qurish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bu tashabbus aholi, ayniqsa, yosh onalar tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olindi.
Shuningdek, tadbir davomida “Raqamli mahalla” platformasini samarali joriy etish bo‘yicha ham taqdimot o‘tkazildi. Mas’ullar tizimni boshqa tashkilotlarning axborot bazalari bilan integratsiya qilish, platformaning imkoniyatlarini aholiga keng targ‘ib etish, joylardagi muammolarni tezkor hal etish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish borasidagi rejalar haqida ma’lumot berdi.
Ushbu tashabbuslarning barchasi bitta maqsadga, ya’ni farzandlar uchun qulay, xavfsiz va sifatli ta’lim muhitini yaratishga xizmat qiladi. Har bir yangi qurilgan bog‘cha esa kelajak avlod istiqboli yo‘lidagi eng muhim sarmoyadir.
Qamrov 80 foizga yetkaziladi
Date:

