“GULBAHOR”DA ORTTIRILGAN TAJRIBA SAMARQANDDA SAMARA BERYAPTI

Date:

Termiz tumanidagi “Gulbahor” mahallasi viloyatimizning olis va qo‘shni Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh hududlaridan biri. Tuman markazidan ancha chekkadagi mahallada yashovchi insonlarning tashvishi va yillar davomida to‘planib qolgan muammosi yetarli edi. Har bir fuqaroning qalbiga yo‘l topa bilish, ularning tashvishiga sherik bo‘lish, ko‘pning ishonchini qozonish, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlash hamda ish o‘rinlarini ko‘paytirish uchun katta hayotiy tajribaga ega mutaxassis talab etilardi. Qishloqdagi muammolarga yechim izlashda “mahalla yettiligi”da yetakchi rol o‘ynaydigan hokim yordamchisining mahorati va tashabbuskorligiga ko‘p narsa bog‘liqligini inobatga olgan tuman hokimligidagilar mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi vazifasiga Baxtiyor Qurbonniyozov nomzodini tanlab adashmagan ekan.

Baxtiyor Qurbonniyozov ancha yil moliya-iqtisod tizimi va banklarda ishlash jarayonida yetarli tajriba to‘plagan, fuqarolar bilan muomala qilish san’atini puxta o‘zlashtirgani uchun mahallaga borgandanoq qishloq aholisi bilan tezda inoqlashib ketdi. Xonadonma xonadon kirib, odamlar kayfiyati va sharoitini o‘rgandi. Drayver soha bilan qiziqdi, qaysi fuqaroning qanday ishni eplashi, qanday kasb-kor bilan shug‘ullanishini bildi. Band va ishsiz aholini tarkibiy tahlil qilish, ishchilarni manzilli aniqlash, ularning hisobini yuritish, ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish hamda oilalarni kambag‘allikdan chiqarish indivudial rejasini ishlab chiqdi. Mahallada zavod-fabrika yo‘q, odamlarning tayanchi ham, suyanchi ham yer. Huddudda faoliyat ko‘rsatayotgan 4-5 ta fermer xo‘jaligi dalalarida sanoqli odamlar ish bilan band. Azaldan dehqonchilik va chorvachilik bilan mashg‘ul bo‘lgan insonlarning farzandlari ham zaminga biror ziroat ko‘kartirib, ikki-uch bosh chorva mollari boqishga odatlanib qolganini tushungan Baxtiyor talabgorlarga yer ajratish hisobiga ularning bandligini ta’minlash va oilalarning turmushini farovonlashtirish mumkinligini anglab yetdi. Odamlarga qayerdan yer ajratsak ekan, deb boshi qotib turganda Prezidentimizning 2022-yil 10-sentabrdagi “Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-373-sonli qarori kuchga kirib, yoshlarga yer ajratish muammosiga yechim topildi. Qarorga asosan 2022-2025-yillarda mahalladagi kambag‘al oilalarning ishsiz a’zolari bandligini ta’minlash uchun dehqon xo‘jaligini yuritish maqsadida 122,5 gektar yer ajratildi.

Bundan tashqari, Prezidentning 2024-yil 5-apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-153-sonli qarori bo‘yicha 24 gektar yer 50 sotixdan bo‘linib, “E-auksion” platformasi orqali savdoga chiqarildi. Auksionga qo‘yilgan zaminga chekkadan xaridor chiqqani yo‘q, hokim yordamchisi mahallaning yoshlar yetakchisi Ruslan Do‘stqobilov bilan hamkorlikda ishsiz yoshlarni aniqlab, ularning 48 nafariga o‘sha 24 gektar zamin uzoq muddatga ijaraga berildi. Hokim yordamchisi tashabbusi bilan kooperatsiya tashkil qilinib, yoshlarga berilgan yerga “Bir mahalla-bir mahsulot” tamoyili asosida eksportbop mahsulotlar yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Yoshlar yerni shunchaki egallab qo‘ymay, balki har qarichidan samarali foydalansin, degan ma’noda ularning har biri nomiga “Dehqon xo‘jaligi” hisobvarag‘i ochildi. Rossiya va boshqa chet davlatlarga ishlash uchun borib munosib ish topolmay qaytgan Sunnatulla Xushatov va Jahongir Mustafoqulov kabi yoshlar ijaraga berilgan zaminga tarvuz ekib, 80 million so‘mdan daromad qilishdi. Dastlabki natija yosh dehqonlarni ruhlantirdi. Endilikda yoshlar yerga har yili turfa mahsulotlar yetishtirib, mo‘may daromadli bo‘lishyapti.Hokim yordamchisi xonadonma xonadon kirib tadbirkorlikka havasi balandlarni aniqlab, ro‘yxatini shakllantirdi. Ularni kichik biznes bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratish harakatiga tushdi. Mahalla hududidagi yerlarga uzoq yillardan buyon asosan g‘alla, paxta va poliz ekinlari ekilgan-u, lekin bir sotix bo‘lsada, mevali bog‘ yoki uzumzor tashkil qilish hech kimning xayoliga ham kelmagan. Baxtiyor oqsoqollardan bu yerlarda daraxt ko‘karish-ko‘karmasligini so‘rab bildi-da, ixchamgina bo‘lsa-da bog‘ yaratishni diliga tugib qo‘ydi. U eksportbop mahsulotlar sirasiga bog‘ noz-ne’matlari ham qo‘shilsa, fuqarolarning daromadi yana ham ko‘payishini inobatga olib, bog‘bonlik ilmidan xabari bor Alisher Saparov nomiga 15 gektar yer ajratilishiga erishdi. Chet el, shuningdek, vodiydagi viloyatlardan mevali daraxtlarning eng sara navlari ko‘chati keltirilib o‘tqazildi. Artezian qudug‘i qazilib, tomchilatib sug‘orish joriy qilindi. Samarasi chakki emas: uch yildirki, intensiv bog‘dan sarxil mevalar terilib, eksport qilinyapti.

Hokim yordamchisi sa’y-harakatida bir necha nafar fuqaroga “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” dasturi doirasida kredit berildi. Jumladan, Shahlo Odinayevaga chorvachilik yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun yordamchining tavsiyasi bilan 100 million so‘m kredit ajratildi va “Kichik biznesga ko‘maklashish markazi”ga o‘qib malakasini oshirdi.

Qishloqda uy qurish va xonadonlar, maktablar chor-atrofini o‘rashda shlakblok g‘ishtdan foydalanish ommalashgan. Qishloqdoshlari og‘irini yengil qilish uchun shlakblok g‘isht ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish niyatida “Najmiddin Jasur” oilaviy korxona tashkil etgan tadbirkorga 57 million so‘m kredit olishga tavsiya berildi. Aholi hokim yordamchisiga qishloqda eski va uvada paxtani oqlash sexi zarurligini aytishgandi, u bu ish bilan jiddiy shug‘ullandi. Darhol tashabbuskorni topdi — Nigora Berdiyarovaga 60 million so‘m kredit ajratilishi uchun tavsiya berildi va tez orada paxta oqlash sexi ishga tushdi. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan Mavjuda Jumakovaga gipsablok g‘isht ishlab chiqarishni tashkil qilish uchun 37 million so‘m kredit ajratilishiga ko‘maklashildi. Xullas, hokim yordamchisi sa’y-harakati bian qisqa fursatda mahallada 30 dan ziyod loyihalarni hayotga tadbiq etish uchun ham iqtisodiy, ham amaliy ko‘mak berildi.

Mahallaning g‘ayratli xotin-qizlaridan biri Muqaddas To‘llayeva bir kuni Baxtiyor Qurbonniyozovga hunarmand bo‘lish niyatida murojaat qildi. Avvalo Muqaddasga “Hunarmandlar uyushmasi”ga a’zolik badalini to‘lashi uchun subsidiya ajratildi, boshqa turdagi moliyaviy ko‘maklar ham berildi. Qisqa fursatda hunarmand ayol Muqaddas To‘llayeva Xumora Qobilxonova, Maftuna Jumakova kabi uyda bo‘sh o‘tirgan xotin-qizlarni tikuvchilik va boshqa hunarlarni egallashi uchun avvalo ularni o‘qitdi, so‘ngra ish o‘rgatdi. Bugun o‘sha xotin-qizlar hunarmand-kasanachi, oilalariga baraka kiritishyapti. Shuningdek, hokim yordamchisi mahallaning xotin-qizlar bo‘yicha faoli Farida Qurbonova bilan maslahatlashib, 22 nafar xotin-qizni viloyat “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi”da tadbirkorlik yo‘nalishiga o‘qishiga ko‘maklashdilar. Hozirda bu ayollar o‘z biznes loyihalari bilan xalqqa xizmat qilishayotir.

Mahalladagi ko‘pchilik xotin-qizlar hamda bir necha nafar yosh yigit ustachilik va tikuvchilik hunaridan xabardor bo‘lsa-da, zamonaviy asbob-u boshqa ish qurollari yo‘qligi uchun ishsiz sifatida “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgandi. Baxtiyor Qurbonniyozov ular bilan yakkama-yakka suhbatlashdi, talab-ehtiyojlarini o‘rgandi. Natijada, ularga subsidiya ajratilib, tikuv mashinalari, payvandlash uskunasi, elektr arra, yog‘och yo‘nadigan randa va boshqa anjomlar olib berildi. Endilikda bu hunarmandlar qishloqdoshlari buyurtmasini bajarib ham daromadli bo‘lishyapti, ham mahalladoshlari og‘irini yengillatishga hissa qo‘shmoqda.

Hokim yordamchisi doimiy daromadga ega bo‘lmagan fuqarolarning bandligini ta’minlash bo‘yicha ham ibratli ishlar qilyapti. Ish beruvchilar qalbiga yo‘l topib, Muhiddin Abdunazarov,Turg‘un Jo‘rayev, Toshmurod Altibayev, Xolida Laqayeva, Nasiba Egamberdiyeva kabi yigit-qizlarni mahalla hududida faoliyat ko‘rsatayotgan maktab, bog‘cha, qishloq vrachlik punkti, fermer xo‘jaligi va ishlab chiqarish sexlariga ishga joylashtirdi. Ular doimiy daromad manbayiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, “mahalla yettiligi” vakillari tomonidan aniqlangan 40 ta kambag‘al oila a’zolari hokim yordamchisi amaliy ko‘magida ijtimoiy reyestrga kiritildi, o‘zlarini turli yo‘nalishda band qilishi uchun 7 ta oilaga kredit ajratildi, 4 ta oila a’zolari ishga joylashtirildi, 2 ta oilaga ssuda olishga tavsiyanoma berildi. Baxtiyor Qurbonniyozov mahalla hududida bo‘sh turgan bino-inshootlar va yer maydonlarini aniqlash hamda belgilangan tartibda auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha ham sezilarli yutuqqa erishdi. Jumladan, mahalla hududidagi 0,65 gektar yer maydoni va bir qancha binolar 35 ta lotga ajratilib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan mahalla fuqarolariga auksion savdolari orqali berildi.

Mahalla fuqarolarining tomorqa yerlaridan samarali foydalanish va ko‘proq daromad topish bo‘yicha qilgan murojaatlariga ko‘ra, kredit ajratilishi evaziga 65 ta oila tomorqasida ixcham-ixcham issiqxona qurildi, 50 ta oila a’zolari esa turli yo‘nalishda xizmat ko‘rsatish sohalar bilan shug‘ullanyapti. Ular o‘zlarini o‘zlari band qilishga har jihatdan amaliy ko‘mak bergani uchun hokim yordamchisidan minnatdor.

Chin dildan fidoyilik bilan qilingan mehnat ertami-kechmi, albatta, yuzaga chiqadi. Baxtiyor Qurbonniyozovning fidoyilik va ishbilarmonlik xislati unga omad keltirmoqda. Prezidentimizning 2024-yil 4-oktabrdagi “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-347-sonli qaroriga asosan respublikadagi eng namunali va ijobiy tajribaga ega hamda yuqori natijalarga erishib kelayotgan hokim yordamchilari orasidan 50 nafari tanlab olinib, boshqa hududlarga tajribasini qo‘llash uchun loyiha menejeri sifatida yuborildi. Jumladan, Baxtiyor Qurbonniyozov ham Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on hamda Paxtachi tumanlarining og‘ir toifadagi “Qo‘shhovuz”, “Yangiobod”, “Nayman”, “Amirobod” mahallalariga loyiha menejeri sifatida biriktirilgan. Dastlab Kattaqo‘rg‘on tumanining “Qo‘shhovuz” va “Yangiobod” mahallalari aholisi sharoitini o‘rgangach, drayver soha uzumchilik va chorvachilik ekanligi oydinlashdi. Biroq, tez daromad keltiradigan sohalardan aholi nega yetarli daromad olmayotgani sabablari surishtirildi. Termiz tumanidagi “Gulbahor” mahallasida amalga oshirgan tajribalariga tayanib, odamlarni tadbirkorlikka qiziqtirdi. Natija chakki emas: og‘ir toifadagi mahallalarda ish boshlaganiga besh oy bo‘lgan bo‘lsa, tadbirkorlar soni 50 nafarga yetdi. Ma’lumki, prezidentimizning g‘amxo‘rligi tufayli mamlakatimizda mebelsozlarga har tomonlama qulay sharoit yaratish, qator imtiyozlar berish yuzasidan ijobiy ishlar qilinayotir. Loyiha menejeri Baxtiyor Qurbonniyozov bu borada Kattaqo‘rg‘on tumanining “Yangiobod” mahallasida hokim yordamchisi va mahalla faollari bilan hamkorlikda o‘rnak olsa arziydigan ijobiy muvaffaqiyatlarga bosh-qosh.

Baxtiyor Qurbonniyozov qisqa fursatda Paxtachi tumanidagi “Amirobod” mahallasida ham elning hurmatiga sazovor bo‘ldi. U kunora “mahalla yettiligi” vakillari bilan xonadonma xonadan kirib, fuqarolarning sharoitini, talab-taklifini o‘rganmoqda.

Xalq dardi va tashvishi bilan yashayotgan hokim yordamchisi-loyiha menejeri Baxtiyor Qurbonniyozov Termiz tumanidagi “Gulbahor” mahallasi ahlining tashvishini ham unutmagan holda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on va Paxtachi tumanlarining og‘ir ahvoldagi mahallalari fuqarolarining muammolarini o‘sha yerdagi faollar bilan hamkorlikda hal qilish yo‘lida tinib tinchimayapti.

Sayyora Allayeva,

jurnalist

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Angorda yangi agro markaz

Angor tumani endilikda zamonaviy agro markazga ega bo‘ladi. Bu...

Surxondaryoga “yashil transport”

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari jadal rivojlanmoqda....

Renovatsiya — yangi imkoniyatlar

Yurtimizda aholiga qulay turar joylar yaratish, mahallalarning shaharsozlik qiyofasini...

Faoliyati tiklanmoqda

So‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ishlab...
KunTun
KunTun