Muammoga zamonaviy yondashuv zarur

Date:

Zamonaviy shaharlarda jamoat transporti nafaqat fuqarolarning harakatlanishini ta’minlovchi tizim, balki shahar infratuzilmasining ajralmas qismi sifatida ham qaraladi. Aholining kundalik ehtiyojlarini qondirish, mehnat va ta’lim maskanlariga oson yetib borish, ekologik barqarorlikni ta’minlashda jamoat transportining tutgan o‘rni beqiyosdir.Shu boisdan, yurtimizda so‘ngi yillarda shahar jamoat transportini isloh qilish va yo‘l harakatini samarali tashkil etish bo‘yicha qator tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2025-yil 9-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandliklarni kamaytirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Bu islohotlar Termiz shahri sharoitida ham dolzarb bo‘lib, mavjud muammolarni ilmiy-texnik asosda bartaraf etish va fuqarolarning hayot sifatini oshirish uchun xizmat qilishi kerak.
O‘zbekistonda 2025-yilda yo‘llarni qurish va ta’mirlashga 61 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu 2017-yilga nisbatan 3,5 barobar ko‘p bo‘lib, yo‘l infratuzilmasini tubdan yaxshilashga xizmat qilmoqda. 61 trillion so‘mlik yo‘lga ajratilgan mablag‘ — bu shunchaki “yo‘l qurish” emas, balki transport tizimini zamonaviylashtirish, xalq farovonligini oshirish va milliy iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladigan strategik sarmoya hisoblanadi.
Shu bilan birga, Prezident yo‘l harakati madaniyati va xavfsizligi borasida ham qator yengillik va tartiblar joriy qilinganini qayd etdi:
birinchi huquqbuzarlikda jazolamaslik, balki ogohlantirish yo‘li tanlanmoqda;
yo‘l chiziqlarini bosishni kamera orqali fiksatsiya qilish bekor qilindi;
kechki payt jamoat transporti yo‘laklaridan boshqa haydovchilarning foydalanishiga ruxsat berildi;
yo‘llarni kunduzi ta’mirlash taqiqlandi;
radarlar joylashgan joylarda yo‘l belgilarini o‘rnatish majburiy bo‘ldi.
Hozirgi kunda aholining va avtomobillar sonining o‘sishi yo‘l harakatini yanada murakkablashtirmoqda. Bu esa o‘z navbatida, yo‘l infratuzilmasi, jamoat transporti va boshqaruv tizimlarini yangilash zaruratini yuzaga keltiradi. Samarali yo‘l harakati — bu harakat xavfsizligi, ekologik tozalik, vaqtni tejash va energiya samaradorligini ta’minlaydi.
Termiz shahrining asosiy transport arteriyalaridan biri bo‘lgan Alisher Navoiy ko‘chasi, Imom At-Termiziy va Navbahor ko‘chalari oralig‘ida taxminan 1,5 kilometr masofani tashkil etadi. Ayni shu qisqa oraliqda 7 ta svetofor o‘rnatilgani kuzatiladi. Bundan tashqari, piyodalar yo‘lakchalari ham mavjud. Mazkur holat transport harakatini tashkil etish nuqtayi nazaridan ehtiyojmi yoki tizimli muammomi degan savolni o‘rtaga qo‘yadi.
Shubhasiz, svetoforlar piyodalar xavfsizligini ta’minlash, chorrahalarda to‘qnashuvlarning oldini olish, harakat oqimini tartibga solish kabi ijobiy funksiyalarni bajaradi.
Svetoforlar sonini maqbullashtirish maqsadida ularni yerosti yoki yerusti piyodalar o‘tish yo‘llari bilan almashtirish tavsiya etiladi. Alisher Navoiy ko‘chasidagi TerDU qarshisidagi svetoforni olib, uni 40 metr naridagi Lev Tolstoy ko‘chasi (Xalq banki filiali joylashgan ko‘cha) bilan chorrahaga ko‘chirish maqsadga muvofiq. Piyodalar yo‘lakchasining tashkilot chiqishiga to‘g‘ri joylashtirilishi xavf tug‘diradi. Taklif etilgan o‘zgarish svetoforlar sonini kamaytirib, harakat xavfsizligini oshiradi.
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash — bu nafaqat texnik, balki ijtimoiy, madaniy va boshqaruviy masalalarning uyg‘un yechimidir. Yuqoridagi tavsiyalarni hayotga tatbiq etish orqali yo‘l-transport hodisalarini kamida 30-40 foizga kamaytirish, shuningdek, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlash mumkin bo‘ladi.

A.Kuziyev,
Termiz davlat universiteti o‘qituvchisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Banklar oltin sotadimi?

O‘zbekistonda banklarga oltin sotish va xarid qilish huquqini kafolatlovchi...

Sayohat, ma’rifat va tozalik…

Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi...

Kasaba uyushmalari harakati: yubiley tantanali nishonlandi

Surxon vohasida mehnatkashlar fidokorona mehnatini e’zozlash, ularning huquq va...

Obodonlashtirish yangi bosqichda

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida hududlarni yanada chiroyli,...
KunTun
KunTun