Bo‘lajak o‘qituvchilarni zamonaviy yondashuvlar asosida kasbiy kompetentliligini shakllantirish, ularning innovatsion, kreativ salohiyatini oshirish, egallangan pedagogik-psixologik bilimlar asosida istiqboldagi kasbiy faoliyati uchun zarur bo‘ladigan loyihalash ko‘nikmalarini rivojlantirish ustuvor masaladir. Har bir davlatning istiqboli ilm-fan, texnika, ta’lim taraqqiyoti bilan barkamol kadrlarni voyaga yetkazish bilan bog‘liqdir. Malakaviy amaliyot talabalarning oliy o‘quv yurtida olib boriladigan ta’lim-tarbiya jarayonining izchil davomi sanalib, nazariy bilimlarni mustahkamlsh va amaliyotga qo‘llash imkonini beradi.
Pedagogik amaliyot bo‘lajak mutaxassisni kasbiy tayyorlash tizimining asosiy va muhim bo‘g‘inidir. Shuningdek, bo‘lajak mutaxassislarning tashkiliy, konstruktivlash, rejalashtirish, kommunikativ tadqiq qilish kabi kasbiy va pedagogik mahoratini shakllantirishgina emas, balki ularning kasbiy xususiyati va mutaxassis shaxsiga qo‘ygan talabidan kelib chiqqan holda individual va insoniy fazilatlarni o‘zida mujassamlashtiradi.
Termiz davlat universitetining tabiiy fanlar fakulteti bitiruvchi kurs talabalari pedagogik amaliyotni kelajakda ishlaydigan ta’lim muassasalarida o‘tkazishadi. Buning uchun amaliyot rahbari tayinlanadi. Amaliyot rahbari pedagogik amaliyot davomida talabalarga maslahat va ko‘rsatma berib boradi. Amaliyotning asosiy maqsadi bo‘lg‘usi mutaxassislarni o‘quv, tarbiyaviy ishlarga kasbiy pedagogik va psixologik tayyorlash, ijodiy fikrlash, kasbiy mahorat va qobiliyatlarini rivojlantirishdan iborat.
Agar talabalar bilimlarini amali-yotda qo‘llanishi, hayotga tatbiq etishni o‘rgansalar va bu jarayonda nazariy xulosalarga kelsalar, ularning olgan bilimlari qat’iy ishonchga aylanadi. Amaliyot jarayonida bo‘lajak o‘qituvchi shaxsining kasbiy-pedagogik xislatlari shakllanishida o‘z-o‘zini tarbiyalashning kuchayishi ko‘mak beradi.
Talabalar o‘z kasbiy majburiyatlarini ijodiy bajarsa, pedagogik topshiriqni hal qilishining samarali shakl va usullarini qidirsa, o‘zi tanlagan kasbiga munosabati, pedagogik faoliyatga qiziqishi, kasbiy mahorati oshib boradi. Shu nuqtayi nazardan olib qaraganda, malakaviy amaliyot ilg‘or ish tajribalarini o‘rganish maskani — mahorat maktabi hisoblanadi.
Shuningdek, mutaxassislik fanlaridan o‘quv dasturlari hamda o‘quv qo‘llanma va darsliklarni tahlil qiladi, mutaxassislik fan o‘qituvchilarining dars o‘tish uslubini o‘rganadi. Yakunda talabalar amaliyot davrida bajargan ishlari yuzasida hisobot yozadilar va uni himoya qiladilar. Pedagogik amaliyot davomida amaliyotchilardan yaxshi mutaxassis shakllanishiga erishiladi.
Nargiza Devonova,
TerDU katta o‘qituvchisi