Ta’til — izlanish fursatidir

Date:

Prezidentimiz tashabbusi bilan “Dolzarb 90 kun” loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali o‘quvchi-yoshlarning yozgi ta’til davrida bo‘sh vaqtlarini mazmunli va samarali tashkil etish,
ularni madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlariga faol jalb qilish, sog‘lomlashtirish va
har tomonlama rivojlantirish maqsad qilindi.Ayni loyiha doirasida Termiz shahridagi Kasb-hunar texnikumi qoshida “Yozgi kasblar markazi” tashkil etildi. Unda sport to‘garaklaridan voleybol, mini futbol, shaxmat-shashka, stol tennisi, qo‘l to‘pi, shu bilan birga oshpazlik, tikuvchilik, rassomchilik, sartaroshlik, kulolchilik, avtomobil trenajyori, karaoke, xorijiy tillar o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan. Ta’tilda uyda qolgan yosh borki, ushbu markazda jam bo‘lib, qiziqishlariga qarab o‘zlariga ma’qul bo‘lgan to‘garaklarda qatnashib, vaqtlarini mazmunli va maroqli o‘tkazishayotir.
Har bir to‘garakka o‘z sohasining bilimli, tajribali mutaxassislari jalb etilganki, sport turlari deysizmi, til o‘rgatish kurslari, kasb-hunar mashg‘ulotlari ham yuqori darajada o‘tkazilib, o‘z auditoriyasini jalb eta olgan.
— Ushbu kasb markaziga til o‘rganish uchun kelgandim. Ingliz tilidagi bilimlarimni yanada boyitib, nazariy bilimlar olish bilan birga nutqimni ham yanada boyitib bormoqdaman. Bundan tashqari bu yerdagi boshqa to‘garaklar ham e’tiborimni tortdi. Tengdoshlarimga qo‘shilib, tikish-bichishni ham o‘rganishni boshlab yubordim. Avvallari, matoni kesishga jur’atim yetmasdi, o‘xshamasa-chi
degan hadik bor edi. Bu yerdagi ustozlarning mehnat-u harakatlari bilan aniq hisob-kitob bilan bichimini olib, qo‘rqmasdan singlimga ko‘ylakcha tikdim. Kun bo‘yi vaqtim foydali va maqsadli o‘tmoqda. Tikish-bichishdan chiqib, hamshiralik, oshpazlik va madaniy hordiq chiqarish uchun karaoke bilan ham shug‘ullanaman, — deydi Termiz shahridagi 15-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchisi Shahzoda Ergasheva.
Viloyat ftiziatriya pulmonologiya markazida uzoq yillar mehnat qilib, bemorlar joniga ora kirib, xizmat ko‘rsatib kelayotgan oliy toifali hamshira Shohista Choriyeva to‘garakda o‘quvchi-yoshlarga o‘z bilim va tajribalarini o‘rgatmoqda. Shuningdek, bu yerda 15-18 yosh-gacha bo‘lgan qiziquvchan yoshlar qon bosimini o‘lchash, vena ichiga inyeksiya qilish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda favqulodda holatlar kuzatilganda birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy ko‘nikma va bilimlarini oshirmoqda.
— Bolaligimdan shifokor bo‘lishga qiziqishim yuqoriligi sabab, kasb-hunar markaziga keliboq, hamshiralik kursiga qatnab boshladim. Ustozim Shohista opa tibbiyot borasidagi boshlang‘ich bilimlarni berib kelmoqda. Bu yerda qon bosimini o‘lchashni hamda inyeksiya qilishni o‘rgandim. Buvimning qon bosimi tez-tez ko‘tarilib turardi qon bosimini o‘lchatish uchun poliklinikaga borardik yoki “tez yordam”ga qo‘ng‘iroq qilardik. Bu yerda o‘rganganlarim men va uydagilarim uchun foyda bo‘ldi deya olaman. Endilikda buvimning qon bosimini o‘zim bemalol o‘lchay olaman va inyeksiya qila olaman, — deydi Termiz shahridagi 9-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchisi Xanifa Pardayeva.
Ushbu markazda kasb-hunar o‘rganayotgan yoshlarning his-hayajoni, quvonchi ko‘zlarida yaqqol ko‘rinib turibdi. Kimdir kulolchilik bilan band bo‘lsa, yana kimdir chevarchilik bilan mashg‘ul. Bolajonlarning ingliz tilida jo‘shib bir-birlari bilan savol-javob qilayotgani, qandaydir mavzu bo‘yicha bahslashayotganligini ko‘rib, rosti, havasingiz keladi.
— Barcha kasbga qiziqishim yuqori, ammo hammasini o‘rganishga esa imkonim ham, vaqt ham yetmaydi, — deydi Dunyoxol Hamrayeva — Barcha to‘garaklarning bir joyda — Kasblar markazida jamlangani biz yoshlar uchun qulay imkoniyat bo‘ldi. Bu yerda bir vaqtning o‘zida bir emas, bir nechta to‘garakka qatnashish imkoniga ega bo‘ldik. Chevarchilik, oshpazlik, hamshiralik, go‘zallik saloni va xorijiy tillarini o‘rganishga ulguryapman. Kelajakda orzu va maqsadlarim katta. Ushbu tanlovim orqali birinchi qadamni tashladim deya olaman. Men bilan birga tengdoshlarim ham bir vaqtning o‘zida ham til, ham kasb-hunar sirlarini o‘rganib, mustaqil pishir-kuydir, tikish-bichish ishlarini boshlab yuborganmiz.
Kasblar markazida kezib, har bir mashg‘ulotni kuzatsangiz, o‘qib o‘rganish ishtiyoqi bilan yonayotgan yoshlar bilan vaqt qanday o‘tganini bilmay qoladi kishi. Holbuki, ko‘z ochib yumguncha ta’tilning bir oyi o‘tib, o‘g‘il-qizlar bu yerda ko‘zlagan maqsadlariga yetib ulgurdi deyish mumkin. Qolaversa, kun bo‘yi mashg‘ulotlar bilan band, do‘stlari qurshovida bo‘ladigan yoshlar, kechga yaqin uyida, oilasi davrasida bo‘ladi. Bu esa ta’tilni qishloq yoki oromgohlarda o‘tkazishdan anchayin qulay va foydali deyish mumkin.

Dinara Qo‘zimurotova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

5 yil xizmat majburiyati joriy etildi

Endi o‘zbekistonlik harbiy oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari ofitser lavozimlarida...

Huquqiy bilimi oshirildi

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi va Termiz harbiy prokuraturasi...

Tangalar yurtda qoldi

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Termiz aeroporti” chegara bojxona postida...

Qulay va zamonaviy…

Surxondaryo viloyatida tuman markazlarini zamonaviy shaharsozlik talablariga mos ravishda...
KunTun
KunTun