Bugungi globallashuv davrida korrupsiya muammosi butun dunyo mamlakatlarida dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu illat har qanday jamiyatning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy rivojlanishiga jiddiy to‘siqdir. Shu sababli, korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat davlat organlarining, balki butun jamiyatning muhim vazifasi hisoblanadi.
Korrupsiya – bu mansab yoki hokimiyatni shaxsiy manfaatlar yo‘lida suiiste’mol qilishdir. U poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik, xatlovlarsiz mablag‘ sarflanishi va boshqa shakllarda namoyon bo‘ladi. Korrupsiyaning eng xavfli jihati shundaki, u adolat tamoyillarini buzadi, ishonchni yemiradi va ijtimoiy tengsizlikni kuchaytiradi. Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. 2017-yilda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi va turli davlat idoralarida “komplayens-nazorat” tizimlari joriy qilinmoqda.
Shuningdek, davlat xizmatiga qabul qilishda ochiqlik va tanlov asoslari kuchaytirilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish faqat davlat organlarining emas, balki oddiy fuqarolarning ham zimmasidagi mas’uliyatdir. Ota-onalar farzandlariga halollikni singdirishi, o‘qituvchilar yoshlarda adolatparvarlik tuyg‘usini shakllantirishi, jurnalistlar va blogerlar esa oshkoralikni ta’minlashi kerak. Har bir fuqaro korrupsiyani ko‘rsa, sukut saqlamasligi, balki tegishli tashkilotlarga xabar berishi lozim. Yosh avlod ongida halollik, mas’uliyat va vijdonlilik g‘oyalarini shakllantirish eng muhim vazifalardan biridir. Maktab va oliy o‘quv yurtlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilishi, darslik va tadbirlarda bu mavzuga alohida e’tibor qaratilishi zarur. Axir bugungi yoshlar – ertangi rahbarlar, huquqshunoslar, tadbirkorlar va o‘qituvchilardir. Korrupsiyaga qarshi kurashish – bu yakkama-yakka kurash emas, balki har bir fuqaroning halol, vijdonli yashashga intilishi bilan bog‘liq ijtimoiy harakatdir. Faqat jamiyatning barcha qatlamlari birgalikda harakat qilgan taqdirdagina biz pok jamiyat, adolatli boshqaruv va barqaror rivojlanishga erisha olamiz. Unutmasligimiz kerak: korrupsiyaga qarshi kurashish – bu butun jamiyatimizning ishi.
Sarvinoz Omonturdiyeva,
Termiz tuman politexnikumi psixologi

