HASRAT VA SHUKR

Date:

Hasrat buyumfurush ayol qiyofasiga kirib, eshikma-eshik yurib, buyum sotardi. Har gal xonadonga kirib, uy bekalariga buyumlarini ko‘z-ko‘z qilarkan, hasrat dasturxonini ham yozib yuborardi:
— Shu ishni qilib kun ko‘rib yuribman, egachi. Zamonni qarang. Zo‘rniki yo zari borniki bo‘lib qoldi. Bir etak bolalarim bor. Erim kasalmand. Churvaqalarim bir burda nonga to‘ymasa… Ola qoling, puli zora bitta nonga yetsa. Tanini berishim kerak… tirikchilik-da endi, aylanay…
Uy bekalari obidiyda qilayotgan sotuvchiga rahm qilib, u sotayotgan piyola, choynak, lagan, kosa va shu kabilarni o‘z narxidan necha barobar qimmat sotib olishayotganini sezmay ham qolishardi. Yana kamiga sotuvchini yupatib, u-bu so‘zlarni aytib, dilgirlik ham qilishardi. Ayrimlar esa uning buyumlarini sotib olib tag‘in non, guruch, bir bo‘lak go‘sht, yarim shisha yog‘ ham berishardi. Buyumfurush qiyofasidagi Hasrat esa ichida ulardan kulib, g‘olibona qadamlar bilan uy ostonasidan uzoqlashardi.
Bir kuni u juda ham xaroba kulba eshigi oldida to‘xtab qoldi. Bu kunga qadar u bu kabi devorlari nuragan, suvoqlari ko‘chgan, darchasining rangi o‘chgan uyga duch kelmagan edi.Hayron bo‘ldi-yu, ammo ichki qiziqish ustun kelib, eshikni taqillatdi.Hayal o‘tmay, darchani yoshi o‘tinqiragan bir ayol ochdi.
— Keling, — dedi u kutilmagan «mehmonga».
Hasrat ostonadan o‘tdi va mezbonga xurjunidan idishlarni bir-bir chiqarib, ko‘rsatarkan, hunarini ishga soldi:
— Shulardan birortasini olaqoling, egachi, zora puliga non olib bolalarga yedirsam. Bechoralar uyda och o‘tirishibdi.
— Jonim bilan olardimu, ammo ortiqcha chaqam yo‘q-da. Topganimizni faqat shu kungagina yetkazamiz. O‘g‘illarim, baraka topishsin: biri hammol, ikkinchisi mardikor. Men uyda o‘tirib ularning duoyi jonini qilib o‘tiraman. Mayli, shunisiga ham shukr.
Hasratning sehri mana shu yerda so‘ndi. U tuyqus bug‘ga aylanib, tarala-tarala havoga singib ketdi. Shukr ona uni yenggandi. Shundan so‘ng, Hasrat ortiq hech kimni bezovta qilmay qo‘ydi. Shundayku-ya, uning idishlarini sotib olgan odamlarning avlodi esa hamon hasrat qilib yurganmish.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Ustozlik — taqdirim, mukofot esa sharafim”

O‘qituvchilik — bu kasb emas, bu taqdir. Har bir...

Birinchi saboq

Maktabda kirish qo‘ng‘irog‘i jiringlashi bilan sinfxonalarga bir-bir ko‘z yugurtirish...

Taraqqiyot poydevori

Jamiyat taraqqiyoti, inson tarbiyasiga, inson tarbiyasi esa ilk yoshdan...

GANDBOL OMMAVIYLASHMOQDA

O‘zbekistonda sport sohasiga qaratilayotgan ulkan e’tibor bugun qanday samara...
KunTun
KunTun