Termiz davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri A.Toshqulov Xitoyning Shimoli-g‘arbiy universiteti Madaniy meros maktabi direktori, Shinjon Madaniy meros boshqarmasi direktor o‘rinbosari hamda Shinjon Arxeologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv davomida tomonlar arxeologiya va madaniy meros sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilmiy-tadqiqotlarni kengaytirish, shuningdek, talabalarning amaliy tayyorgarligini oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Muloqot yakunida bir qator muhim kelishuvlarga erishildi:
Ilmiy hamkorlikni mustahkamlash — Shinjon Madaniy meros boshqarmasi va Termiz davlat universiteti o‘rtasida o‘quv hamda ilmiy sohalarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish;
Arxeologiya laboratoriyasini yangilash — mavjud laboratoriyani zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash va faoliyatini kengaytirish;
3D raqamli arxeologiya studiyasini tashkil etish — topilmalar va tarixiy yodgorliklarning virtual modellarini yaratish, kelajakda virtual muzey hamda e-turizm platformasini shakllantirish;
Geoarxeologiya tadqiqotlarini rivojlantirish — atrof-muhit, tuproq va geotadqiqotlar asosida yangi ilmiy baza yaratish hamda yosh mutaxassislarni tayyorlash;
Qo‘shma ko‘rgazma zalini tashkil etish — Termiz davlat universiteti va Shimoli-g‘arbiy universitet hamkorligida o‘tkazilgan arxeologik tadqiqotlar natijalarini namoyish etish;
Xalqaro arxeologiya maktabini yo‘lga qo‘yish — o‘zbekistonlik va xorijlik olimlar ishtirokida seminarlar, o‘quv dasturlari va amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish.
Mazkur tashrif ikki tomonlama ilmiy aloqalarni mustahkamlash, madaniy merosni asrash hamda arxeologiya sohasidagi xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Shinjon delegatsiyasi TerDUda
Date: