Hech qachon yiqilma

Date:

Kecha kechqurun uyga qaytayotgan edim. Shom payti. Qulog‘imda quloqchin. Bundoq qarasam, yo‘lda nimadir yotibdi. Har-har zamon harakatlanib qo‘yadi.

U tomon yaqinlashdim. Odam. Yo‘lda odam yotibdi. Aniqroq aytadigan bo‘lsam, emaklamoqda. Xatti-harakatlari g‘ayrioddiy, juda g‘ayrioddiy.

Xayolimga kelgan birinchi fikr — u mast! Ikkinchi fikr — iflos! Kecha yomg‘ir yoqqandi. Uchinchi fikr — balki undaymasdir.Ya’ni, mast emasdir?! Yonimizdan odamlar shoshib o‘tmoqda: kech tushdi, uyga borish kerak. Yotgan odamning yonidan yuzlarini o‘girgancha, ijirg‘anib o‘tib ketishmoqda. Men ham uyga ketishim kerak. Uydagilar kutmoqda. Xo‘p, lekin u mast bo‘lmasachi?

Yoniga yaqinlashdim. Ehtiyotkorlik bilan gap qotdim.

— Yaxshimisan?

Qo‘polligimdan hayron qoldim. Birdaniga “sensirash”, gap yo‘q senga…

— Tu-rib…. o-li-shim-ga… yorr-dam be-ring, — dedi yerda yotgan yigit harflarni chaynab. E’tibor bersam qo‘llarini changallab olgan, oyoqlari ham shunday o‘rinishda. Yuragim “shuvv” etib ketdi — unda DSP (bola miyasi falajligi)

Qo‘limni uzatdim. U iflos, balchiqqa belangan qo‘llari bilan ushlab oldi. Undan…sho‘rvaning hidi kelardi.

— Bu yerga qayerdan kelib qolding? Yolg‘iz, ko‘chada…

— Non olgani chiqqan edim. O‘gay onam kasal. Yiqilib tushdim. Velosiped mingan kimdir turtib ketdi. O‘zim o‘rnimdan turolmayman…

U gapira turib, qo‘llarimdan mahkam ushlagancha o‘rnidan turdi.

— Uzoqda yashaysanmi? — deb so‘radim nima qilarimni bilmay.

— Huv anavi uyda. — Qo‘shni uyga qarab qo‘lini silkitdi u. — Meni uyimga olib boring, aks holda, yana yiqilib tushaman.

— Ketdik!

Undan hech qanday xavf-xatarning hidi kelmayotgandi. Sho‘rvaning hidi kelardi.

— Kim bilan yashaysan?

— O‘gay onam bilan. U kasal. Unga non kerak.

— Nonga chiqqan eding, seni turtib yuborishdi va sen yerga yiqilib tushdingmi? — voqealar rivojini tasavvur etgan bo‘lib so‘rayman men.

— Ha.

— Odatda do‘konga kim chiqardi?

— O‘gay onam.

Biz ko‘p podezdli uy oldidan yurdik. Atrofdagilar qiziqish bilan ortlariga qarashadi. Men ishdan qaytayotgan, po‘rim kiyinib olgan kishi va kiyimi loyga botgan, sudralib borayotgan hamrohim — tasavvur qiling.

Kerakli podyezd oldida to‘xtadik.

— 59-xonadon. Birinchi qavat. Kalitlar cho‘ntagimda.

Ichkariga kirdik. U qo‘llarimni qo‘yib yuborib, zina tutqichlarini ushlab oldi. Mana, u deyarli uyda. Oyoqlarini epchil sudrab, zinadan ko‘tarildi. O‘rganib ketganda bu yo‘llarda…

Xonadon eshigini u bergan kalitlar bilan ochdim. Yo‘lakka kirdik. Uydan sho‘rvaning hidi kelardi. Ichkaridan zaif ovoz eshitildi:

— Keldingmi, bolam? Non olib keldingmi?

Kalitlarni oyna oldida qoldirib, ko‘chaga chiqdim.

Uyga qaytarkanman, bo‘lib o‘tgan voqea sabab olamga sig‘may ketayotgandim. Nafas yetishmayotgandi. Ajabo!..

Hayratda edim, lekin nimadanligini tushuna olmayotgandim. Ehtimol, odamlarni o‘z tashvishlaridan bo‘lak narsa qiziqtirmay qo‘yganidandir? Ayniqsa, mana bu yigitchaga “o‘xshashlar”. Bola tug‘ma falaj, u dardman o‘gay onasiga non olish uchun ko‘chaga chiqqan, kimdir uni turib yuborgan va u yiqilib tushib, qaytib turolmagan. Odamlar esa uning yonidan shoshib o‘tib ketishmoqda: oilasi, bolasi, xotini yo eri yoniga…

Loyga, tag‘in emaklab yotgan odamga kim ham yordam berardi. Hamma bir xil o‘ylaydi: “ U mast!” U iflos, u nopok…

20 daqiqadan so‘ng, 59-xonadon eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdim. Eshikni hech kim ochmadi. Yigitcha, ehtimol yuvinayotgandir. O‘gay onasi esa betob, o‘rnidan turolmaydi. Qo‘limda kamtar bozor-o‘char qilingan sumkani eshik tutqichiga osib, ko‘chaga chiqdim. Sho‘rvadan keyin sumka ichidagi pechenyelardan yeb, ona-bola qaynoq choy ichishar…

Ichimdan bir so‘z toshadi: “Bundan keyin hech qachon, ha, hech qachon yiqilma, yiqila ko‘rma…”

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Yoshlar turizm ko‘chasi” ochildi

Muzrabot tumanida yoshlarga bag‘ishlangan yangi ezgu tashabbus — “Yoshlar...

Tezlik 150 km/soatga yetadi

O‘zbekistonda qurilayotgan pulli yo‘llarda ruxsat etilgan maksimal tezlik 150...

Adabiy uchrashuvda

Oltinsoy tumanidagi Axborot-kutubxona markazida mashhur shoira, “Oltin qalam” mukofoti...

142 murojaat koʻrib chiqildi

Surxondaryo viloyatida fuqarolar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish va...
KunTun
KunTun