Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi integratsiya — xavfsizlik va barqarorlik garovi

Date:

O‘zbekiston har jihatdan rivojlanib, xalqaro miqyosidagi ufqlari quloch yoyishda davom etayotgan mamlakatga aylanmoqda. Jahonga yuz tutish, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, har tomonlama strategik sheriklini mustahkamlash uchun esa yon-atrofimizda joylashgan Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish dolzarb masala ekanligi hech kimga sir emas. Bu esa Markaziy Osiyoning qoq yuragida joylashgan mamlakatimiz uchun ushbu mintaqada joylashgan davlatlar bilan integratsiyalashish zaruratini anglatadi.

Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari global miqyosda yirik iqtisodiy, demografik va resurs salohiyatiga ega bo‘lsa-da, ular hanuzgacha dunyodagi eng kam darajada integratsiyalashgan hududlar sirasiga kiradi. Bugungi globallashuv va murakkab geosiyosiy vaziyatda ushbu mintaqalar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish nafaqat iqtisodiy zarurat, balki xavfsizlikni ta’minlash va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan strategik ehtiyoj sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Tarixiy kontekst va hozirgi holat

Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Markaziy va Janubiy Osiyo Buyuk Ipak yo‘li orqali savdo, madaniyat va ilm-fan sohalarida chambarchas bog‘langan edi. Biroq XIX-XX asrlarda yuz bergan geosiyosiy silkinishlar, ayniqsa, Afg‘onistondagi uzoq davom etgan mojarolar bu mintaqalar o‘rtasidagi aloqalarni zaiflashtirib yubordi.

XXI asrda esa bu uzilgan rishtalarni qayta tiklash masalasi kun tartibiga chiqdi. Bu, bir tomondan, xalqaro savdo va investitsiya oqimlarini faollashtirishni talab etsa, boshqa tomondan, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik uchun asosiy shartlardan biriga aylanmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari uchun dengiz portlariga chiqish imkoniyati tashqi iqtisodiy faoliyatni kengaytirishda juda muhim. Janubiy Osiyo esa o‘z navbatida, energetika va suv resurslariga, shuningdek, yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlariga qiziqish bildirmoqda. Mintaqalar o‘rtasidagi iqtisodiy bir-birini to‘ldiruvchanlik o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun keng imkoniyatlarni ochmoqda.

O‘zbekistonning tashabbuskor roli

O‘zbekiston bu yo‘nalishda yetakchi rolni o‘ynamoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatda Janubiy Osiyo bilan aloqalarni ustuvor yo‘nalish deb e’lon qilganidan so‘ng, ikki mintaqa o‘rtasidagi muloqot faollashdi. 2021-yilda Toshkentda o‘tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik” mavzusidagi xalqaro konferensiya bu boradagi ilk yirik amaliy qadam bo‘ldi. Unda mintaqaviy savdo, transport, energetika, xavfsizlik va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Transport va logistika – integratsiyaning asosi

Agar ilgari Janubiy Osiyo Afg‘onistondagi vaziyat bilan bog‘liq xavf-xatarlar prizmasidan baholangan bo‘lsa, hozirgi yillarda e’tibor ko‘proq konstruktiv hamkorlikka qaratilmoqda. Misol uchun, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo hajmi 2017-yilda 36,5 million AQSH dollaridan 2024-yilda 400 million AQSH dollaridan oshdi. 2025-yil fevral oyida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida tomonlar bu ko‘rsatkichni 2 milliard AQSH dollariga yetkazish va qo‘shma transport-logistika kompaniyasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Hindiston bilan ham ijobiy tendensiya kuzatilmoqda: 2017-yilda 323 million AQSH dollari bo‘lgan o‘zaro savdo hajmi 2024-yilga kelib 1 milliard AQSH dollariga yetdi. Bu ko‘rsatkichlar iqtisodiy manfaatdorlik bilan birga siyosiy irodaning ham mustahkamlanayotganini anglatadi.

Afg‘oniston esa mintaqaviy tuzilmaning alohida elementidir va O‘zbekistonning beshinchi yirik eksport bozoridir. So‘ngi besh yil ichida ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 1,5 barobarga oshib, 2024-yilda 1 milliard AQSH dollariga yetdi. O‘zbekistonda afg‘on kapitali ishtirokidagi 550 ta korxona faoliyat yuritmoqda, ularning 443 tasi to‘liq afg‘on korxonalaridir. Qo‘shma loyihalar oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, turizm va to‘qimachilik kabi sohalarni qamrab olgan.

Mintaqaviy integratsiyaning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan zamonaviy infratuzilmaga bog‘liq. Termizda tashkil etilgan “Termez Cargo Center” hamda rejalashtirilayotgan “Mozori Sharif–Kobul–Peshovar” temir yo‘li kabi loyihalar yuk tashish xarajatlarini keskin kamaytirib, savdo oqimini oshiradi. Bu Markaziy Osiyo davlatlariga dengiz portlariga chiqish imkonini berib, ularning tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytiradi. Mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish nafaqat savdoning o‘sishiga, balki barqaror rivojlanish sharoitlarini shakllantirishga ham xizmat qiladi – resurslarning yanada teng taqsimlanishi, transport xarajatlarining kamaytirilishi va iqtisodiyotlarning diversifikatsiyasi orqali. Bu boradagi asosiy yo‘nalishlardan biri – transport infratuzilmasini rivojlantirishdir.

Muhim loyiha sifatida “Mozori Sharif–Kobul–Peshovar” temir yo‘lining qurilishini tilga olish mumkin. Bu loyiha dastlab O‘zbekiston rahbari tomonidan 2018-yilda ilgari surilgan edi. Bugungi kunda Markaziy Osiyodan xalqaro portlarga bitta konteynerni yetkazib berish dengizga chiqish imkoniga ega davlatlarga qaraganda 5 baravar qimmatroq bo‘lmoqda. Mazkur loyiha amalga oshirilsa, yuk yetkazib berish xarajatlari 900 AQSH dollaridan 286 AQSH dollarigacha kamayadi, yetkazish vaqti esa 35 kundan 3-5 kungacha qisqaradi. Bu mintaqaning iqtisodiy dinamikasini tubdan o‘zgartiradi, yangi eksport imkoniyatlarini ochadi va investitsiyalarni jalb etadi.

Energetika hamkorligi va xavfsizlik

Energetika sohasida ham mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytirish muhim. CASA-1000 va TAPI kabi loyihalar Janubiy Osiyoning energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari uchun yangi eksport yo‘nalishlarini ochadi. Shu bilan birga, bu kabi loyihalarning muvaffaqiyati xavfsizlik kafolatlari va Afg‘onistondagi barqarorlik bilan chambarchas bog‘liq.

An’anaviy energetika bilan bir qatorda, istiqbolli yo‘nalishlardan yana biri – atom energetikasi sohasidagi hamkorlikdir. Dunyodagi eng yirik uran zaxiralariga ega bo‘lgan Qozog‘iston Hindistonga eksportni kengaytirmoqda. Imzolangan bitimlarga muvofiq, Qozog‘iston 2030-yilgacha 2 100 tonnagacha uran yetkazib berishni rejalashtirmoqda, bu esa Hindistonning o‘sib borayotgan yadro yoqilg‘isiga bo‘lgan ehtiyojini qisman qondirish imkonini beradi. Bu esa o‘zaro iqtisodiy bog‘liqlikni mustahkamlash va strategik hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.

Shu tarzda, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida barqaror o‘zaro bog‘liqlikni shakllantirish — infratuzilma loyihalarini qo‘shma amalga oshirishdan tortib, energetik hamkorlikni kengaytirish, xavfsizlik borasida ishonch va muvofiqlikni mustahkamlashgacha bo‘lgan keng qamrovli yondashuvni talab qiladi.

O‘zbekiston ilgari surayotgan tashabbuslar mintaqaviy integratsiyaning yangi bosqichini boshlab berish uchun noyob imkoniyatlar yaratmoqda. Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish nafaqat savdo hajmining ortishi yoki transport xarajatlarining kamayishi bilan cheklanmaydi. Bu — uzoq muddatli barqarorlik, xavfsizlik va taraqqiyot uchun zarur strategik yo‘nalishdir. O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar bu boradagi harakatlarni muvofiqlashtirish va mintaqani yagona manfaatlar asosida integratsiyalashuv sari olib borishga xizmat qilmoqda. Shu bois, bugungi kunda qabul qilinayotgan har bir qaror kelajakdagi umumiy barqarorlik va taraqqiyotning asosi sifatida baholanishi kerak.

Ma’lumotlar asosida Adolat MO‘MINOVA tayyorladi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Muammoga zamonaviy yechim bor

Bugungi kunda onlayn platformalar foydalanuvchilari qanday huquqlarga egaligi borasida...

Uchrashuv

Oktyabr oyi bo‘lishiga qaramay, kun juda issiq, g‘ir etgan...

Ovozi baralla yangradi

San’atning sehri, jozibali ohanrabosi bor. Ayniqsa, milliy san’atimiz, xalq...

USTOZ – KOMILLIKKA YETAKLAYDI

Ustoz — millatni ulug‘likka yetaklaydi, dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartiradi....
KunTun
KunTun